"Paxtakor"ni boshqarishga tayyor edim, ammo Xyuistraga yordam bermasdim. Endi "Metallurg"ni kuchli jamoaga aylantirmoqchimiz" - Jasur Abduraimov bilan ochiq suhbat

  • 11 iyun, 2021, 22:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Metallurg” klubiga bosh murabbiy etib tayinlangan Jasur Abduraimov haqida oldindan yaxshi fikrlarni eshitib kelamiz. Uning futbolda o‘z imzosi bor deyishimiz mumkin.

“Paxtakor”da ishlash orqali anchagina tajriba to‘pladi. Hozir “Metallurg” klubini rivojlantirish ustida ishlayapti. “Paxtakor”dan ketib, Bekobod jamoasida ish boshlaganidayoq ushbu mutaxassis bilan qiziqarli suhbat uyushtirish niyatida edik. Nihoyat, bu istagimiz amalga oshdi.

- Milliy terma jamoamizning rasmiy o‘yinlari sababli Superligada bir oydan ziyod vaqt davomida yuzaga kelgan tanaffus klublar uchun ijobiymi yoki salbiy?!

- Biz uchun bu plyus. Nimaga? Chunki bizda yangi jamoa, futbolchilar ham murabbiylar ham yangi. Har kuni mashg‘ulot o‘tkazyapmiz, o‘yinimizni kuchaytirish uchun izlanyapmiz. Baribir bu holat plyus bo‘ladimi yoki minusmi, buni o‘yinlar ko‘rsatadi. Lekin biz o‘yin uslubimizni almashtiryapmiz. Shuni nazarda tutganda, chempionatdagi tanaffus bizga yaxshi bo‘ladi. Boshqa klublarga qanchalik ta’sir qilishini bilmayman.

jasur abduraimov8

- “Metallurg”da ish boshlaganingizdan so‘ng, birin-ketin ikkita mag‘lubiyatni qabul qildingiz va keyin g‘alabalar boshlandi. Jamoa o‘yinida o‘zgarishlar bor. Nimaning evaziga o‘yin va natijalarni o‘zgartira olyapsiz?

- Buni birgina javob orqali ayta olmayman. Birinchi navbatda mashg‘ulot jarayonlarini aytishim kerak. Hammasi aslida qiyin ish. Futbolda nimanidir o‘zgartirish kerak bo‘lsa, dastlab mashg‘ulot uslubini o‘zgartirish lozim. Shunga yarasha qo‘l ostingizdagi futbolchilardan ham munosib harakat bo‘lishi talab qilinadi. Uch yil davomida ularga orqaga o‘ynab, qarshi hujum orqali o‘yin tashkil qilish haqida aytilgan. Hozir esa faqat hujumga o‘tishimiz kerak. Shuning uchun futbolchilarga qiyin. Biridan ikkinchisiga moslashish oson emas. Oddiy vaziyatlarda ham to‘pni orqaga uzatishardi. Endi faqat oldinga uzatishlari kerak. Buni o‘rganishga futbolchilar uchun vaqt ham kerak. Uch oy juda kam. Hech bo‘lmaganda o‘yin uslubimizni o‘zlashtirib olishga bir yil kerak.

- Klubda ish boshlaganingizdan keyin oldingizga aniq maqsad qo‘yildimi?

- Bizda maqsad bitta: har bir o‘yinda yutish! Hozircha jamoamizda vazifa yo‘q. Asosan har bir o‘yinimizda natija qilishga harakat qilamiz. Buning uchun hujumkor o‘yin ko‘rsatishimiz kerak. Jamoa o‘yinini almashtirish kerakligi haqida aytishgan. “Metallurg”ning o‘yini zo‘r bo‘lishi kerak.

jasur abduraimov5

- Transfer oynasi ochilgan paytda “Metallurg” tarkibida o‘zgarishlar bo‘lishi haqija eshityapman. Masalan, Filiposyan va yana boshqa o‘yinchilarga aloqaga chiqqansizlar. Umuman olganda, tarkibda qanday o‘zgarishlar ko‘ramiz?

- 8-10 ta o‘yinchi bilan muzokaralar olib boryapmiz. Hozircha bu haqida ayta olmayman. Birinchi davradan keyin hamma eshitadi. Ayni damda yana ayrim yangi futbolchilar bilan gaplashyapmiz. Hali 100 foiz hal bo‘lmagan.

- Muzokaralar mahalliy o‘yinchilar bilanmi yoki legionerlar ham bormi?

- Hammasi mahalliy o‘yinchilar. Ular 22, 25 va 26 yoshdagi yigitlar. Biz legionerlarni olmaymiz. O‘zimizdagi futbolchilarga qarayapmiz. Bizga keladiganlari yosh va iqtidorli.

- Rossiyalik futbolchi Evgeniy Makeev ketibdi-da?!

- Ha, Makeev ketdi, Shipilov ketdi. Chumak o‘rinbosarlar jamoasiga o‘tdi.

- Demak, u ham ketadimi?

- Bizga legionerlar kerak emas. Yana takrorlayman: biz o‘zimizni o‘yinchilarga e’tibor beryapmiz.

Jasur Abduraimov7

- Yaqinda “Paxtakor” klubi sport direktori Ja’far Irismetov bilan suhbatlashganimizda mavsum boshida bosh murabbiylikka sizning nomzodingiz ko‘rib chiqilgani haqida aytdi. Piter Xyuistraga bosh murabbiy lavozimi topshirilganida bundan xafa bo‘lgan ekansiz. Shu haqida ham gapirsangiz, rostmi?

- Bu rost. U erda 3,5 yil Shota Arveladzega yordam berdim. Keyin “Paxtakor”da bosh murabbiy almashishini sezdim. Bir kuni klub prezidenti Piter Xyuistra bosh murabbiy bo‘ladi deb aytdi. Shunda men Xyuistraga ham, boshqasiga ham, umuman hech kimga yordam bermayman dedim. Shu tariqa, “Paxtakor”dan ketdim.

- O‘zingizda “Paxtakor” bosh murabbiy bo‘lib ishlashga ishtiyoqingiz katta edi...

- Albatta. Menda mana shunday maqsad bor edi. 3,5 yil chidadim. Yordam berdim, sabr qildim. Hammasiga harakat qildim, tajriba ham to‘pladim. Hammasiga tayyor bo‘lgandim. Lekin keyin shunaqa bo‘lib qoldi. Bu hayot. Kimni taklif qilishni, kimga javob berishni klub prezidenti hal qiladi. Hech kimdan xafachilik yo‘q.

- Piter Xyuistra bosh murabbiy bo‘lganiga munosabatingiz qanday bo‘ldi?

- Xyuistra bilan ham 3,5 yil birga ishladim. Ikkimiz ham yordamchi bo‘lganmiz. Shota ham faqat mendan va undan so‘rardi, futbol haqida. Kimni qandayligini, kim nimaga qodirligini yaxshi bilaman. Boya aytdim, men bosh murabbiy bo‘lib ishlashga tayyor bo‘lgandim. Lekin Xyuistraga yordam bermasdim.

Jasur Abduraimov

- Lekin sizda “Metallurg”da ishlash imkoniyati tug‘ildi. Bu erda bosh murabbiy sifatida o‘zingizni nimalarga qodirligingizni isbotlamoqchimisiz? Bunday ishtiyoqingiz kuchlimi?

- Men hech kimga hech nimani isbot qilmayman. Birinchi navbatda o‘zimga-o‘zim isbotlayman. Qo‘l ostimdagi o‘yinchilarga yaxshi futbol o‘ynashlariga yordam beraman. “Metallurg” klubini ko‘tarish kerak. Vitse-prezidentga rahmat aytaman, menga ishongani uchun. Eng avvalo bu ishonch. “Paxtakor”da hammasi bo‘lib 16 yil ishladim, oxirigacha. Ammo ishonch bo‘lmadi. Bekobodga keldim, menga ishonishdi. Birinchi navbatda o‘zbekmizmi, o‘zimizni hurmat qilish kerak. Evropada top-murabbiylar ko‘p emas, 12-15 ta. O‘sha top-murabbiylar O‘zbekistonga kelsa, ulardan nimanidir o‘rganamiz. Shuningdek, o‘zimizdagi murabbiylarni ham hurmat qilishlari kerak. Afsuski, bularni hurmati yo‘q. Murabbiy bo‘lib ishlash juda qiyin. Futbol o‘zgaryapti, hamma o‘rganyapti, uslubiga yarasha futbolchi topishi kerak. Natijaga javobgar murabbiy. U jamoasida yaxshi o‘yinni tashkil qilishi lozim. Evropada murabbiylarga hurmat bilan qaraladi.

- “Metallurg”da kelishdan oldin sizda boshqa variantlar ham bormidi?

- Variantlar bor edi. Nimaga “Metallurg”?! Bulardan menga ishonch bildirildi. Ertadan keyin “Metallurg”ni top-klubga aylantirishmoqchi. Bunga ikki yil ketadimi yoki uch yilmi, shunga erishishmoqchi. Bu menga yoqdi. Hamma narsaga vaqt kerak. Eslasangiz, Arveladze “Paxtakor”ga kelganida 1,5 yil qiyin bo‘lgan. O‘sha paytda men unga hamma narsaga vaqt kerak deb aytganman. Mana, oxirgi ikki yilda hammasini yutdik. O‘yin ham yaxshi chiqdi.

jasur abduraimov4

- “Metallurg”da ham sizga mana shunday etarli vaqt berishlariga ishonyapsizmi? Yoki bu yog‘i tavakkalchilikmi?

- Jamoa rahbarlari bilan hammasini gaplashganman. Ularga chidaysizlarmi desam chidaymiz deyishdi. Vaqt berasizlarmi, desam vaqt beramiz deb aytdilar. Menga ishla, zo‘r jamoa tuzishga harakat qil, deb ishonch bildirishdi.

- Shota Arveladzeni yonida 3,5 yil yurib, undan nima o‘rgandingiz?

- Birinchi navbatda yaxshi tashkilotchilikni o‘rgandim. U murabbiy sifatida futbolchilarga mashg‘ulotlarda ham, o‘yinda ham 100 foiz borini beradi. O‘yinchilari uchun hamma narsani qiladi. Murabbiylik bo‘yicha ham ko‘p narsani o‘rgandim. O‘zi ham bizdan ko‘p jihatlar bo‘yicha o‘rgandi.

jasur abduraimov6

- Murabbiylik faoliyatingizni kuzatar ekanmiz, “Paxtakor”dan tashqari yoshlar terma jamoasida ham ishlagansiz. Ishingizni kuzatish qiziqarli. Arveladzedan tashqari yana qanday murabbiylardan andoza olib turasiz?

- Gvardiolaning sistemasi menga yoqadi. U qaerga bormasin doim o‘zining sistemasini yo‘lga qo‘yyapti. Ha, xatolar bor, ammo sistemasi menga yoqadi. “Manchester Siti”ni yoqtiraman. Shota Arveladze kelganida u ham “Manchester Siti”ni yoqtiraman dedi. U bilan fikrimiz bir joydan chiqdi va ikkimiz bir yo‘nalishdan bordik, bu yaxshi edi. Shota Yustinovich bilan do‘st tutindik, yaqin sheriklarga aylandik. Bir-birimizni yaxshi tushunardik.

- “Paxtakor” Xyuistra bilan nimaga erisha oladi, deb o‘ylaysiz?

- “Paxtakor”da zo‘r futbolchilar bor. Klub birinchi o‘rinni olishi kerak. Lekin Xyuistra haqida hech nima aytmayman. Ammo “Paxtakor”ni yaxshi ko‘raman. Bu klub yuragimda qoladi.

- Demak, bu yil ham “Paxtakor”ning chempionligiga ishonyapsizmi?

- Ko‘ramiz. Hamma jamoa ham harakat qilyapti. O‘yinlar yaxshi o‘tyapti. Barchasini vaqt ko‘rsatadi. Chempionat oxirida ko‘ramiz.

Jasur Abduraimov2

- Superligamizda o‘sish bor deb o‘ylaysizmi?

- O‘zingiz ko‘ryapsiz, hamma jamoa har bir o‘yinda harakat qilyapti. Kim yutishini va yutqazishini bilmaymiz. Har bir turda kichkina sensatsiyalar ham bo‘lyapti. Bu yaxshi. Futbolimiz o‘syapti.

- O‘zbekiston chempionatida siz uchun eng kuchli uchta murabbiyni ayting...

- Ro‘ziqul Berdiev, Ulug‘bek Baqoev, (biroz o‘ylangach) Baxtiyor Ashurmatov.

- Murabbiy sifatida orzuingiz qanday?

- Avvalo “Metallurg” o‘yinini o‘zgartirish va jamoani ko‘tarish haqida o‘ylayapman. Bu birinchi navbatdagi ishimiz. Butun e’tiborimni “Metallurg”ga qaratganman. Hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qilyapmiz, bu orqali futbolchilar o‘sishi kerak.

jasur abduraimov3

- Yuqorida legionerlar kerak emasligi haqida aytdingiz. Nima uchun xorijlik futbolchilarga qiziqmayapsiz?

- Legioner bo‘lgandan keyin u sifatli bo‘lishi lozim. Bu mening qarashlarim. O‘zbekistonga sifatli legioner keladimi-yo‘qmi, bu jumboqli savol. “Paxtakor”da ham 7-8 nafar legionerlarni ko‘rdim. Boshqa jamoalarda ham uchratdim, legionerlarni. Hozircha chempionatimizda sifatli legioner faqat Dragan Cheran. Yana bir-ikkitasi bor. Birinchi navbatda o‘zimizni futbolchilarga imkoniyat berish kerak. U murabbiy bo‘ladimi yoki futbolchimi, avvalo o‘zimizni-o‘zimiz ko‘tarishimiz kerak. Evropaga, “Manchester Siti, “Bavariya”, “Chelsi” singir top-klublarga bir-ikki oyga borib amaliyot o‘tash kerak. Ayniqsa, top-murabbiylardan o‘rgansin. Menda shunday niyat bor. Uchala klubdan biriga borish niyatidaman.

- Bunga harakat boshlanganmi?

- Aytdim rahbarlarga, harakat qilamiz. Balki yil oxirida yoki birinchi davradan keyin. Ko‘ryapsiz, futbolda o‘zgarishlar tez ro‘y beryapti. Biz ham ularga qarab o‘sishimiz lozim. Mana, “Chelsi” o‘z o‘yinini ko‘rsatdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ашуров Бахтийор
12/06/2021 16:24
Жасурга ишонса бўлади.Ишдан қочмайди.Ва ақиллий йигит.