
Rashid G‘ofurov: "Asosiy tarkibimizdan 5 nafar futbolchi yo‘q edi"
Pro-liganing 18-turidan o‘rin olgan “Mash’al” – “Navbahor-farm” (2:0) uchrashuvidan so‘ng, farm jamoamiz murabbiyi Rashid G‘ofurov matbuot anjumanida ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
Farm jamoasi ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Bugungi bahsda ikki xil bo‘limlarga guvoh bo‘ldik. Birinchi bo‘limda mezbonlarga hujum uchun deyarli imkoniyat bermadik. Ikkinchi bo‘limda esa yigitlarning o‘yinlarida pasayish kuzatildi, birinchi bo‘limdagi kabi o‘ynamadik. Balki shamol ta’sir qilgandir. Agar birinchi bo‘limdagi o‘yinimizni davom ettirganimizda, natija boshqacha bo‘lishi mumkin edi.
- Hakamlik haqida qanday fikrdasiz?
- Hakamlik haqida gapirganim bilan foydasi yo‘q. Bu faqat o‘zimning zararimga ishlaydi. Ularning ishini ko‘rib chiquvchi qo‘mita bor. Hakamlik ustidan shikoyat qilsak, o‘sha hakam keyingi turda ishlamasa, bizga qiziq ham emas yoki biron foydasi yo‘q.
- Futbolchilik vaqtingizda “Mash’al”da o‘ynagansiz. Bugun murabbiy sifatida sobiq jamoangiz bilan bahs olib bordingiz. Taassurotlar qanday?
- Ha, futbolchilik vaqtimda “Mash’al”da o‘ynaganman. Kuchli jamoa edi, chempionatda yuqori o‘rinlar uchun kurashardi. Bu jamoa safida Chempionlar Ligasida o‘ynaganman, juda yaxshi taassurotlar qolgan.
Hozirgi “Mash’al” ham yomon emas, faqat o‘z darajasida o‘ynamayapti. Kuchli tarkib bor, sharoitlari yaxshi. Superligani maqsad qilgan klub biz kabi jamoalar bilan o‘yinda bir bosh ustun o‘ynamasa, kamsitmoqchi emasman, ularni yaxshi jamoa deyish qiyin.
- Bugun Asror Aliqulov va Rashid G‘ofurovlar jamoasi o‘zaro o‘ynadi. Sizningcha, kimning jamoasi ustunroqdek bo‘ldi?
- Natijaga qarasangiz, mezbonlar yutdi. Demak, natija bo‘yicha ular ustunroqdek bo‘lishdi.
- Birinchi davrada Namanganda kechgan o‘yinda 2:2 hisobi qayd etilgandi. Bugun “Mash’al” darvozasiga gol ura olmaganliklaringga sabab nima?
- Namangandagi o‘yin jangovar ruhda o‘tgandi. Bilasizmi, o‘sha “Mash’al” mening nazarimda, hozirgisidan anchayin kuchliroqdek edi. Bugun gol ura olmaganimizga sabab sifatida har ikki bo‘limda ham bir xil o‘yin namoyish etmaganimizni ko‘rsatishim mumkin. Shuningdek, bugun asosiy tarkibimizdan 5 nafar futbolchi yo‘q edi. O‘yin davomida zaxira bo‘yicha biroz muammolarga uchradik. Bizning tarkibimiz faqat mahalliy futbolchilardan shakllantirilgan.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar