Rashid G‘ofurov: "Doim shunaqa, chiroyli o‘yin ko‘rsatamiz, biroq..."

  • 11 iyun, 2023, 10:15
  • 1
  • Futbol

Pro liganing 11-turidan o‘rin olgan “Lokomotiv” – “Navbahor-farm” (1:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida farm jamoa ustozi Rashidjon G‘ofurov ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.    

- Ilk daqiqada o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqanligini hisobga olmasak, “Navbahor-farm” qolgan vaqt davomida jangovar o‘yin namoyish etdi...

- Ushbu uchrashuvdan oldingi ko‘rsatmada yigitlarga: “Mezbonlar dastlabki 15 daqiqada bor kuchlarini ko‘rsatishga harakat qilishadi, shunga chidab bersak, u yog‘iga o‘yin tenglashadi”, degandim. Afsuski, tezkor gol bahs taqdirini hal qildi. Biroq yigitlar tezda o‘zlariga kelishdi. Futbolchilarimga e’tirozim yo‘q. Birinchi o‘rindagi va 7-o‘rindagi jamoalar o‘rtasidagi bahsda o‘yin sifatida katta farq bilinmadi. Doim shunaqa, chiroyli o‘yin ko‘rsatamiz, biroq natijani raqib ilib ketadi. Ikkinchi davrada hammasi o‘nglanadi, deb o‘ylayman.

- “Lokomotiv”ning 2-bo‘limda himoyaviy o‘yin namoyish etishini kutganmidingiz?

- “Lokomotiv” hech qachon o‘z maydonida himoyada o‘ynamaydi, ammo biz shunga majbur qildik. G‘alaba qozonmagan bo‘lsak-da, yigitlardan juda mamnunman. “Temiryo‘lchilar”ga e’tirozim yo‘q, ular nega turnir jadvalida 1-o‘rinda ekanliklarini isbotlashdi. 

- “Navbahor-farm”ning vazifa va maqsadlari nimalardan iborat?

- Maqsadimiz – “Navbahor”ning asosiy jamoasiga futbolchilar etishtirib berish. Chunki tarkibimiz mahalliy futbolchilardan tashkil topgan. Bunday jamoalar kam emas, yo‘q bo‘lsa kerak.

- Jamoa har o‘yinda oxirigacha kurash olib boradimi?

- Albatta. Yigitlarda bosim yo‘q, ular o‘z kuchlarini namoyish etish uchun harakat qilishadi. Zo‘rg‘a yutib, kelasi bahsda nima qilarkanmiz, deyishdan ko‘ra, chiroyli o‘yin ko‘rsatib, mag‘lub bo‘lgan yaxshi.

- Ayni damda siz uchun natija muhimii yoki chiroyli o‘yin?

- Aslida natija muhim. Ammo pala-partish o‘yin bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Bitta bahsda yutarsiz yoki ikkita. Biroq keyinchi? Hozir chiroyli o‘yinga erishib, ikkinchi davrada natijalarni ijobiy tomonga o‘zgartirmoqchimiz. Yigitlardan umidim katta. Ular o‘zlarini ko‘rsata olishyapti. Kuni kelib,  bu o‘yin o‘z mevasini beradi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Sardorbek 5555
11/06/2023 18:00
Rashid gap yuq omad jamoaga uyindan uyinga ochilib bormoqda kamanda