
Rasman: Tojikiston futbol federatsiyasi Usmon Toshev bilan hamkorlikni to‘xtatdi
O‘zbekistonlik mutaxassis Usmon Toshev shartnoma muddati tugagani uchun Tojikiston terma jamoasini tark etdi, - deya xabar bermoqda Tojikiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.
Uning qo‘li ostida Tojikiston jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichi doirasida “F” guruhida qatnashgan holda ikkinchi o‘rinni band etdi.
"Uch yil davomida Tojikiston terma jamoasi bosh murabbiyligidagi faoliyatim mobaynida meni qo‘llab-quvvatlagan va doimo iliq munosabatda bo‘lgan rahbariyatga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Murabbiylik faoliyatim va hayotimning ushbu qismi hamisha yuragimda qoladi. Mening ikkinchi uyimga aylanib qolgan Tojikistonni hamma vaqt yorqin xotiralar hamda yaxshilik bilan eslayman.
Qo‘l ostimda to‘p surgan barcha futbolchilarga, men bilan birga ishlagan terma jamoa xodimlariga ham rahmat aytaman. Shuningdek, bizni faol ravishda qo‘llab-quvvatlab kelgan muxlislarga ham alohida rahmat aytmoqchiman.
Terma jamoani tark etar ekanman, shuni aytishim kerakki, u erda biz ahil oilani tashkil etishga muvaffaq bo‘ldik. Tojikiston terma jamoasining “Osiyo Kubogi-2023” yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga ishonaman. Doim Tojikiston terma jamoasiga chin qalbimdan muxlislik qilaman. Barchaga omad tilayman va yana bir bor hammaga qo‘llagani uchun rahmat", - dedi Toshev.
O‘z navbatida Tojikiston futbol federatsiyasi Usmon Toshevga hamkorlikdagi samarali faoliyati uchun minnatdorlik bildiradi va kelajakdagi murabbiylik faoliyatiga omad tilab qoladi.
Endilikda Toshev bor e’tiborini “Buxoro” klubidagi faoliyatiga qaratadi.
P.S.Tez orada Usmon Toshev bilan uyushtirilgan suhbatni Sports.uz saytida o‘qishingiz mumkin.
Fikrlar