"Real" futbolchilar uchun eng yaxshi ish joyi, ammo...

  • 26 fevral, 2024, 03:44
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bilasizmi, "Real"ni qanchadan-qancha klub afsonalari ortiqcha vahimasiz, oddiygina tark etgan. Yana bu kabi futbolchilarning aksarida klubga bo‘lgan hurmat ketganidan so‘ng o‘ta yuqori, deya olmaymiz. Misol uchun, Puyol, Inesta, Xavi, Messi, Pike kabi "Barsa" afsonalari doimiy klubga simpatiyasini bildirib turadi. Messi ettinchi va sakkizinchi "Oltin to‘p"larini klub muzeyiga berib yuborgan bo‘lsa, Pike va Puyol mediada doimiy aktiv va klubdagi voqealarga munosabat bildirib turadi.

"Real"da ham bunday misollar bor, ammo afsona bo‘la turib, klubga nisbatan kichik e’tirozlari bor ko‘plab futbolchilarni yodga olsak bo‘ladi. Ronaldu ketgach, "Real"da o‘zini qadrsizlanganini aytgandi. Kasilyas kabi afsonani ham tushunarsiz tarzda ketkazib yuborgan "qaymoqranglilar". Raulni ham juda hurmatini joyiga qo‘ygan, deya olmaymiz. Yaqinda ketganlardan Ramos, Marselo, Kazemiro hamda Varanni ham bunga qisman misol qilib keltira olamiz. Serxio birinchi davradagi uchrashuvda "Sevilya" safida"Real"ga qarshi ancha "hunarini" ko‘rsatgandi (Bellingem va Vinisiusga nisbatan qo‘pol o‘yin, Ryudiger bilan jang),  biroz avval yakunlangan uchrashuvda esa ( "Real - "Sevilya" 1:0) Navasdan sardordik bog‘ichini olib, sobiq klubiga qarshi boshqacha motivatsiya bilan maydonga tushdi. 

Ba’zi klublar oila va o‘z afsonalarini ko‘klarga ko‘tarishni qoyillatadi. "Real" esa rostan ham mendan avval ham ko‘pchilik aytganidek - ish joyi. Balki shu sabab dunyoning eng buyuk klubi "Real"dir. O‘z siymosiga oshiq va hech qanday buyuklikni klubnikidan ustun qo‘ymaydigan bo‘lgani uchun yanada qudratli va buyukdir.

Yulduzlar bu erga katta massshtabda keladi. Ko‘zga ko‘ringanlarning aksari qo‘nim topadigan eng yaxshi joylardan biri ham aynan shu klub. Madrid bilan sovrinlar yutish osonroq va ko‘pchilik orzulari ruyobini "qirollik klubi" orqali amalga oshirishni istaydi. Biroq bu erda hamma ham afsona sifatida qadrlanmaydi. Ketganlarning o‘rni juda tez to‘ldiriladi va eski qahramonlar ko‘p ham eslab yurilmaydi. 

 

                                 Karim Xudayqulov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!