
“Real” Mbappeni olishi uchun uning onasi og‘ir shartni bajarishi kerak
Frantsiya terma jamoasi va PSJ hujumchisi Kilian Mbappening asl orzusi “Real”da o‘ynash hisoblanadi. Shu bois 25 yoshli forvard parijliklarning 400 million evro maosh ko‘rsatilgan to‘rt yillik shartnomasini qabul qilmay turibdi.
Biroq “Qirollik klubi” prezidenti Florentino Peres va Kilianning manfaatlarini agent sifatida himoya qilayotgan onasi Fayza xonim o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi emas.
Ispaniyaning COPE nashriga ko‘ra, “Real” faqat bir shart bajarilsa, Mbappening transferiga kirishadi. Unga ko‘ra, Fayza xonim “Real” xo‘jayini Florentino Peresga shaxsan qo‘nqiro qilib, o‘g‘li bu klubga o‘tishni istayotgani va bunga tayyorligini aytishi kerak.
Bundan tashqari, Mbappe tomoni “Real” 2022 yili taklif qilgan 25 million evro miqdoridagi yillik maoshni inobatga olmasdan, 15 million evrolik moyanaga ko‘nishi talab etilmoqda.
“Real” avvalgi takliflari qabul qilinmagani tufayli Mbappega katta mablag‘ to‘lash va uni jamoaga kelishga ko‘ndirish uchun borini berishga tayyor emasligi ta’kidlandi.
Fikrlar