"Real" Valverdeni qancha sotishii ma'lum qildi
Madridning “Real” jamoasi jamoa sardori va markaziy yarimhimoyachisi Federico Valverdeni faol ravishda transferga qo‘yish niyatida emas. U hali ham “Qirollik klubi” kiyinish xonasida eng nufuzli va so‘zi o‘tadigan futbolchilardan biri hisoblanadi. Bu haqida Ispaniyadagi El Nacional nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, “Real” urugvaylik futbolchini faqat juda yuqori taklif kelib tushgan taqdirdagina qo‘yib yuborishga tayyor. Gap kamida 100 million yevro chegarasidan ancha yuqori bo‘lgan summa haqida ketmoqda. Shu bilan birga, klub rahbariyati va murabbiylar shtabi Valverdeni o‘rnini bosadigan munosib o‘yinchi transfer bozorida qisqa vaqt ichida topilishiga to‘liq ishonch hosil qilmasdan turib, bunday qaror qabul qilmaydi.
Shunisi ham qayd etiladiki, Valverde so‘nggi paytlarda jamoadagi mutlaqo daxlsiz maqomini ma’lum darajada yo‘qotgan. Bunga uning ichki mojarosi va yarimhimoya chizig‘idagi jamoadoshi Orelien Chuameni bilan sodir bo‘lgan mushtlashuvi ta’sir ko‘rsatgan.
O‘tgan mavsumda urugvaylik yarimhimoyachi “Real” tarkibida barcha musobaqalarda jami 49 ta o‘yin o‘tkazdi. U shu davr mobaynida 9 ta gol urdi va 13 ta golli uzatma amalga oshirdi. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2029 yil yozigacha mo‘ljallangan. Germaniyaning nufuzli Transfermarkt portali Valverdening hozirgi bozor qiymatini 90 million yevro atrofida baholamoqda.

Fikrlar