Respublika sport musobaqalari g‘oliblari uchun imtiyozlar nega bekor qilinganiga izoh berildi

  • 12 iyul, 2021, 18:34
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
CHERY AUTO

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida sport musobaqalari g‘oliblarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tecno

Unda ishtirok etgan Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov Respublika sport musobaqalari g‘oliblari uchun imtiyozlar nega bekor qilinganiga quyidagicha izoh berdi:

«O‘zbekiston Prezidentining «2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari va jahon chempionatlarida oxirgi uch yilda g‘olib va sovrindor (1–3-o‘rin) bo‘lgan sportchi-o‘quvchilar davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllariga qo‘shimcha davlat granti asosida kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.

Ilgari bu imtiyoz respublika sport musobaqalarida g‘alaba qozongan sportchilarga nisbatan ham bor edi. Joriy yildan ushbu imtiyoz bekor qilindi.

Imtiyozga ega sportchilar qaysi yo‘nalishlarga imtihonsiz kira oladi? Bu borada hozirda tegishli takliflar ishlab chiqilmoqda va yaqin orada e’lon qilinadi.

Nima uchun respublika musobaqalaridagi imtiyoz bekor qilindi? Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, sport musobaqalari faqatgina oliy ta’lim muassasiga imtihonsiz kirishga yo‘llanma uchun tashkil etilayotgandek bo‘lib qolmoqda. Turli federatsiyalar kerak bo‘lmagan vaziyatlarda ham respublika chempionatlarini tashkil etib, imtiyozlar uchun yo‘llanmalar taqdim etmoqdalar. Maqsad — yoshlarni sportga jalb etish yoki qiziqtirish emas, yo‘llanmaga ega chiqish bo‘lib qolgan holatlar ham mavjud. Shu bois ko‘plab yoshlarning taklifi asosida ana shunday qaror qabul qilindi».

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!