
Ronaldu “Yuventus”dan ketadigan bo‘lyapti. Sababi esa aniq!
Xorijiy ommaviy axborot vositalarida “Yuventus” hujumchisi Krishtianu Ronaldu mavsum yakunlanishi bilan Turin klubini tark etishi haqida xabar tarqata boshladi. Portugaliyalik hujumchining ketishi haqida bundan avval ham bir necha marotaba bong urilgan edi.
Ma’lumotlarga qaraganda, 35 yoshli portugaliyalik to‘purar “Yuventus” Chempionlar ligasida g‘oliblikka da’vogarlik qila olmayotganidan norozi bo‘lmoqda. Chunki Ronaldu “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli turnirida g‘olib chiqib, oltinchi “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishni va bu borada azaliy raqobatchisi Lionel Messi bilan tenglashib olishni istamoqda.
Shuningdek, Ronaldu faoliyatini yakunlashdan oldin o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan badavlat va baquvvat klublarning katta loyihasida eng muhim futbolchilardan biri sifatida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Qolaversa, so‘nggi uch mavsumda “Yuventus”da uchta murabbiy o‘zgargani ham Krishtianuga salbiy ta’sir qildi. Andrea Pirlo “Yuventus” o‘yinini bir futbolchiga bog‘lamasdan, jamoaviy o‘yinni shakllantirish harakatida. Bu Ronalduga yoqmayapti. Chunki Krishtianu avvalgi jamoalarida doimo yakka etakchi bo‘lgan va jamoadoshlari u yuqori natijalarga erishishi uchun uni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Hozir esa, “Yuventus”da vaziyat boshqacha. Bosh murabbiy Pirloning o‘zi ham Ronaldudan asosan muhim uchrashuvlarda foydalanishini bildirdi va hujum chizig‘iga Alvaro Moratani qo‘yishni maqsad qilgan.
Bu holat portugaliyalik yulduzni ketishini tezlashtirish ehtimoli katta.
Fikrlar