“Ronalduning maoshiga 2-3 nafar futbolchi sotib olishi mumkin”
"Manchester Yunayted"ning sobiq hujumchisi Teddi Sheringem “qizil iblislar” hujumchisi Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirdi. Avvalroq, 37 yoshli portugaliyalik mankunianliklar rahbariyatiga Chempionlar ligasida o‘ynaydigan klubga o‘tmoqchi ekanligi haqida aytgandi.
“Odamlar ten Xag Krishtianu atrofida jamoa qurishi kerakmi yoki yo‘qligini muhokama qilmoqda. Ammo, agar Ronaldu ketishni istasa, u holda ketadi. Bu esa klub uchun butunlay boshqa imkoniyatlar eshigini ochadi. MYu Ronalduning maoshiga 2-3 nafar futbolchi sotib olishi mumkin. Hayot davom etmoqda. Krishtianu ketishni va boshqa klubda o‘ynashni istamoqda, shuning uchun mavsum davomida barqaror o‘ynaydigan boshqa futbolchi qidirish kerak".
Sobiq hujumchining so‘zlariga ko‘ra, Ronaldu mankunianliklarning hozirgi holatni yoqtirmaydi.
“Krishtianu klubda nimalar bo‘layotganini kuzatib turibdi. U Fergyuson davridagi muhitni hozirgisi bilan solishtirmoqda va bu holat unga yoqmayapti. Uning o‘rnida bo‘lganimda “Manchester Yunayted”ga: “Transfer bozordagi xaridlaringiz bilan meni hayratda qoldiring”, degan bo‘lardim. Ronaldu yuqori saviyada o‘ynashiga yana bir yil, balki ikki yil qolgan. Shu bois, u zavqlanib futbol o‘ynash huquqiga loyiqdir”, — deya Sheringem so‘zlarini keltiradi “Daily Mail” nashri.
Hujumchi o‘tgan mavsum "Manchester Yunayted"ning barcha turnirlar doirasidagi 39 o‘yinida maydonga tushib, o‘z hisobiga 24 ta gol va 3 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan. Portugaliyalikning klub bilan shartnomasi 2023 yilning 30 iyuniga qadar amal qiladi.

Fikrlar