
Rossiyalik futbolchi fuqaroligini o‘zgartirib, "Chelsi"ga o‘tmoqchi
“Chelsi” Moskvaning “Dinamo” klubi yarim himoyachisi Arsen Zaxaryanga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda "Evening Standard" nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ingliz klubi mavsum so‘nggida transferni amalga oshirishga tayyor, biroq muzokaralar Rossiya banklariga nisbatan joriy qilingan sanktsiyalar tufayli murakkablashmoqda.
Qayd etilishicha, futbolchi ushbu kelishuvdan manfaatdor va sanktsiyalarni yumshashiga umid qilmoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, Zaxaryan sport fuqaroligini Armanistonga o‘zgartirishni rejalashtirmoqda, ammo Armaniston futbol federatsiyasi bu ma’lumotni rad etdi.
Yozgi transfer oynasida “Dinamo” va “Chelsi” 19 yoshli futbolchining transferi bo‘yicha kelishuvga erishgan, biroq 12,6 million evrolik kelishuv amalga oshmay qoldi.
Joriy mavsumda Zaxaryan “Dinamo” safida 17 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga 3 ta gol va 5 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi.
Fikrlar