
Ro‘ziqul Berdiev: "Al Sadd" bilan o‘yinda ishtiyoq va motivatsiya ko‘p narsani hal qiladi"
Ertaga Osiyo Chempionlar ligasi 2-tur bahslari start beriladi. Qarshining “Nasaf” jamoasi o‘z maydonida Qatarning “Al Sadd” klubini qabul qiladi.
Ertangi muhim uchrashuv oldidan tashkil qilingan matbuot anjumanida “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev hamda jamoa himoyachisi G‘olib G‘aybullaev ishtirok etishdi.
Ro‘ziqul Berdiev: “Fursatdan foydalanib, bugungi bayram bilan barcha ustoz va murabbiylarni tabriklayman. Ularning ko‘rsatmasi va o‘gitlari tufayli biz shu darajadamiz. Ustozlardan minnatdormiz. Ertangi o‘yinga kelsak, raqib ancha tajribali va bizga yaxshi tanish. Sifatli futbol o‘ynaydi, buni barchamiz yaxshi bilamiz. Raqibimiz qanchalik jiddiy bo‘lmasin, o‘ylaymanki, uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Ertaga faqat o‘zimiz uchun ijobiy bo‘lgan natijani maqsad qilib chiqamiz. Buning uchun maydonda raqibdan ko‘ra ko‘proq mehnat qilishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki OChL o‘yinlarida oddiy jamoalar yo‘q, o‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmaydi. Tayyorgarligimiz jiddiy, barcha yigitlar o‘yinga shay. Umid qilamanki, ertaga omad biz tomonda bo‘lib, muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz”.
G‘olib G‘aybullaev: “Assalomu alayku. “Al Sadd” bizga notanish emas. O‘tgan yili ham ular bilan guruh bosqichida to‘qnash kelgandik. O‘yinchilarini bilamiz, sifatli jamoa. Qatarda o‘z obro‘siga ega jamoa. Shunga yarasha yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik, deb o‘ylayman.
- “Al Sadd” jamoasi bilan oldin ham to‘qnash kelgansizlar. Hozirgi holatini qay darajada o‘rgandingiz va qanday bo‘sh tomonlari bor?
Ro‘ziqul Berdiev: Yana bir narsani ta’kidlashimiz kerakki, biz OChL o‘yinlarini o‘z maydonimizda o‘tkazmaganimizga ancha bo‘lgandi. Bu ham o‘ylaymanki, muxlislarimizga xursandchilik ulashib, katta bayram bo‘ladi. “Al Sadd” jamoasi bilan o‘tgan yili ikkita o‘yin o‘tkazdik. Bir necha yil oldin ham ular bilan bir guruhda o‘ynagandik. Adashmasam, 4 ta o‘yindan 2 ta g‘alaba qozonib, 1 ta durang va 1 marta mag‘lubiyatga uchraganmiz. Natija ko‘rsatib turibdiki, bu jamoa bilan yomon ko‘rsatkichlar qayd etmaganmiz. O‘ylaymanki, ertaga ham ijobiy natija biz tomonda bo‘ladi. Buning uchun albatta ko‘p kuch va katta mehnat talab qilinadi. Bunga tayyormiz. “Al Sadd” jamoasini o‘rganishga kelsak, ular faqat Qatarda emas, Osiyoda ham grand klublardan biri hisoblanadi. Bir necha yil oldin OChL finaligacha etib borgan. Qatar terma jamoasining asosini tashkil qiladi. Qatar terma jamoasini yaqinda Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ham “Al Sadd”dan 12 nafar futbolchisi jalb qilingandi. Ko‘rinib turibdiki, raqib ancha tajribali. Oxirgi uchrashuvlarda ham natijalari chakki emas. Faqat Kubokda nimagadir yomonroq qatnashdi. Lekin chempionatda 1-o‘rinda ketyapti. Imkon qadar yaxshi o‘rganishga harakat qildik. Kuchli va kuchsiz jihatlarini yigitlarga tushuntirishda barcha imkoniyatlardan foydalandik. Yigitlarimiz raqibning kuchli va kuchsiz jihatlarini yaxshi biladi. Ertangi uchrashuvda bu narsalarga e’tibor qaratishadi.
- Xusniddin Aliqulovni sotdik. Ertangi o‘yinda Alibek Davronovni ham yo‘qligi qanchalik bilinadi va uning o‘rnini qanday yopmoqchisiz?
Ro‘ziqul Berdiev: Bu ikkala yo‘qotish biz uchun jiddiy edi. Nafaqat himoyada, balki hujumda ham yaxshi harakat qilishardi. Lekin jamoamizda ikkalasini ham o‘rnini to‘ldiradigan o‘yinchilar bor. Bunga imkon topishimiz kerak. Chunki futbolda bunday holatlar uchrab turadi. Ichki zaxiramizdagi futbolchilardan foydalanishga harakat qilamiz. O‘ylaymanki, bir-birini o‘rnini to‘ldiradigan o‘yinchilar jamoamizda bor.
- “Nasaf”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi rejasi qanday?
Ro‘ziqul Berdiev: Oldin ham aytganman, o‘tgan yili tajriba orttirdik, guruh bosqichidan chiqdik. Bu yil ham asosiy maqsadimiz keyingi bosqichga yo‘l olish. Bu oson bo‘lmasa ham bunga mahoratimiz etarli. O‘yinlar ko‘rsatyaptiki, hech bir jamoadan orqada emasmiz, hech bir jabhada. Jamoa sifatida kuchli bo‘lishimiz kerak. Har bir uchrashuvda maydonga faqat g‘alaba uchun chiqishimiz kerak. Shunda maqsadimiz va rejamizga albatta etishamiz.
- “Nasaf” bo‘lajak raqibiga gol urishni biladi va yutishni ham. O‘tgan yili yutgan. “Al Sadd” bilan oldingi uchrashuvlarda Ro‘ziqul Berdiev va G‘olib G‘aybullaev uchun qaysi qilingan xato saboq bo‘lib qolgan?
Ro‘ziqul Berdiev: “Aytib o‘tganimdek, natijalarimiz yomon bo‘lmagan. Bilaman, bitta yutqazganimizda ham yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragandik. O‘sha alamli bo‘lgan. O‘zi bu darajadagi o‘yinlarda juda ehtiyot bo‘lish va muvozanatni yo‘qotmaslik lozim. Har bir epizod hamda vaziyatga xushyor bo‘lishimiz lozim. Bu OChL uchrashuvlarida talab qilinadigan narsa. Bu xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz. Etakchi jamoalar har doim muammo tug‘dira oladi. Kamroq xato qilsak, bu natijamizni engillashtiradi. “Al Sadd” bilan uchrashuvlarda asosan ishtiyoq va motivatsiya ko‘p narsani hal qiladi. Bunga e’tibor qaratamiz, yigitlarni ruhiy tomondan yaxshi holatda tayyorlashga harakat qilamiz.
- Umar Eshmurodovning sog‘ligi qanday? Yangi hujumchi Chaves ertaga o‘ynay oladimi? Umuman, “Nasaf”da yo‘qotishlar bormi?
Ro‘ziqul Berdiev: Yo‘qotishlar bor. Ammo bunga qarash kerak emas. O‘ylaymanki, o‘rnini to‘ldiradigan yigitlar bor. Umar Eshmurodov “Olimpik” bilan bahsda ozgina daqiqaga bo‘lsa ham maydonga tushdi. Undan keyin to‘liq mashg‘ulotlarni olib bordi. Jismoniy holati yuqori darajada bo‘lmasa ham uni tajribasi bor va ertaga bizga kerak bo‘ladi. Hujumchi masalasida, u ertangi o‘yin uchun mashg‘ulotlarga kirishgan, biroq hali to‘liq tayyor emas. Balki boshqa hujumchidan foydalanarmiz. Yana bir kun vaqt bor, kim yaxshiroq tayyorgarlikka ega bo‘lsa, o‘sha futbolchilar maydonda bo‘lishi kerak.
- Oldin “Al Sadd”ni hujum chizig‘i kuchli ekanligini, bu jamoaga qarshi ochiq futbol o‘ynash xavfli ekanligini aytgansiz. Bu yilgi “Al Sadd”ga qarshi qanday bo‘ladi: ochiq futbol bo‘ladimi yoki hali ham raqibning hujum chizig‘i kuchlimi?
Ro‘ziqul Berdiev: “Al Sadd” o‘z futbolidan hech qachon kechmaydi. O‘tgan yili ham, bu yil ham guvohi bo‘lyapmiz. Hujumkor o‘ynaydi va hujumga katta e’tibor qaratadi. Legionerlari almashgan va ular ham hujumda kuchli. Qarshi va pozitsion hujumda ham yaxshi harakat qilishadi. Xohlaysizmi-yo‘qmi, bu jamoa sizni himoyalanishga majbur qiladi. “Al Sadd” hujumkor o‘yinni yaxshi ko‘radi va biz himoyada ham yaxshi harakat qilishimiz darkor. Qaysi murabbiy yoki futbolchi kelishidan qat’iy nazar “Al Sadd”ning hujumkor o‘yini saqlanib qolgan. Bu jamoaga menimcha, boshqacha o‘yin ham yarashmasa kerak. Chunki Osiyoda etakchi jamoalardan biri.
Fikrlar