
Ro‘ziqul Berdiev: "Bu guruhdagi jamoalarning salohiyati finalda o‘ynashga qurbi etadi"
O‘zbekiston Kubogida “Nasaf” “Navbahor”ni qabul qilib 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdiev mag‘lubiyat sabablarini aytdi.
- O‘yin biz kutgandek bo‘lmadi. Ijobiy natijaga harakat qilishimiz kerak edi. Bugungi uchrashuvni muammo bilan boshladik. Golbanni jarohat olib safdan chiqishi ko‘p o‘zgarishlar qilishimizga to‘g‘ri keldi, tarkibda ham, maydondagi joylashuvda ham. Biz deyarli bir himoyachi bilan o‘ynashga majbur bo‘ldik. Shunga qaramasdan o‘yinni o‘z tomonimizga og‘dirish uchun vaziyatlar yarata oldik. Lekin raqib darvozabonining faol harakat “Navbahor”ning g‘alabasida asosiy omil bo‘ldi.
- Golbanning holati qanday?
- Musukullarini tortib olgan deyishdi. Hozir chuqurroq o‘rganamiz.
- “O‘lim guruhi” degandingiz, haqiqatan shunga o‘xshayapti. “Nasaf” uchta frontda kurashadi. OChL, Superliga, O‘zbekiston Kubogi. Bu qiyinchilik tug‘diradimi?
- Qiyinchilik bo‘layotgani yo‘q, bir haftada bir o‘yin o‘tkazyapmiz. Har bir uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik olib boryapmiz. Haqiqatda guruhimizda yaxshi jamoalar jamlangan. Agar shu guruhdagi ikkita klub finalda uchrashib qolsa ajablanmayman. Bo‘lishi mumkin. Chunki bu guruhdagi jamoalar o‘yini ham, salohiyati ham finalda o‘ynashga qurbi etadi.
- 22-daqiqada Golbanni jarohati sababli majburiy o‘zgarishni qildingiz. Unga qo‘shib Jigaurini ham zaxiraga oldingiz. U buni hayrat bilan qabul qildi. Bunga nima sabab bo‘ldi?
- Maydondagi joylashuv sxemamizdan kelib chiqib. Boshqa qanot himoyachisi yo‘qligi uchun biz uchta himoyachi bilan o‘ynashga harakat qildik. 3-4-3 sxemasiga o‘tganimiz uchun buni amalga oshirdik va Jigauriga to‘g‘ri tushuntirdik, u buni to‘g‘ri qabul qildi. Chunki bunga majbur edik. Bizda qanotda o‘ynaydigan futbolchi umuman qolmagandi. Shunga G‘olibni o‘ynatayotgandik. Golban chiqib ketgach, G‘olibni o‘rtaga oldik. O‘ng qanot himoyachimiz yo‘qligi uchun sxemamizni o‘zgartirishga majbur bo‘ldik.
- Zaxiradan tushganlar o‘yin tezkorligini oshira oldilarmi?
- E’tibor bergan bo‘lsanglar, oxirgi paytlarda kam o‘ynayotgan futbolchilarga imkon berayotgandik. Kubok o‘yini bo‘lgani uchun ularni zaxirada ushlab, keyin imkoniyat berdik. Lekin biz kutgan o‘yinni yorqin ko‘rsatib bera olmadilar. Buni o‘rganib chiqamiz. Ularni o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun maydonga tushirgandik. Golbanni jarohati bois ko‘p narsani o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. O‘zlaringlar ham hisoblasanglar himoyada birgina G‘olib bilan o‘ynadik desak ham bo‘ladi. Shunga qaramay, qaysidir jihatlarda yaxshi harakat qildik. Ammo aytganimdek, darvozabonning yaxshi harakati raqibga g‘alabani tortiq qildi.
- Bugungi “Navbahor”ni tarkibi yaxshi. Fikringizcha, “Navbahor” tarkibi kuchlimi yoki Babayan kuchlimi?
- Futbolchi yoki murabbiyni ajratib ko‘rsatish noto‘g‘ri. Bu erda jamoa hisobga olinadi. “Navbahor” yoki murabbiylar shtabini muhokama qilmoqchi emasman. Bu umumiy savol. “Navbahor” necha yillardan beri oldiga chempionlik va Kubokni yutishni maqsad qilib qo‘yadi. Jamoaga bo‘lgan e’tibor juda yuqori. Tarkibida 7-8 nafar terma jamoa o‘yinchilari bor. Umumiy qilib aytganda, yaxshi jamoa. Hozirda eng yaxshilardan biri. Tarkibga va murabbiylar shtabiga qarasangiz ham bu narsa ko‘rinib turibdi.
Fikrlar