
Ro‘ziqul Berdiev: "Negativ savollarni kamroq o‘ylagandim, bugun xursandchilik qilaylik, qolganini to‘g‘rilaymiz"
“Nasaf” klubi Osiyo Chempionlar ligasining 2-turida o‘z uyida Qatarning “Al Sadd” klubini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ishonchli o‘yin va munosib g‘alaba qo‘lga kiritilgani barcha ishqibozlarni quvontirdi. Ushbu bahsdan keyin “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev fikrlarini bildirdi.
- Muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun yigitlarga alohida minnatdorchilik bildirishimiz kerak, ular katta mehnat qilishdi. Ishqibozlar ham yaxshi qo‘llab-quvvatlashdi. O‘yinga keladigan bo‘lsak, raqibni o‘rganib chiqqanimizda kuchli va kuchsiz taraflarini bilardik va shunga yarasha tayyorlagandik. O‘ylaymanki, raqibga hech qanaqa imkoniyat qoldirmadik. Futboldagi barcha yaxshi jihatlar bugun o‘yinimizda bor edi. Buni amalda ko‘rsata oldik. Shuning uchun ishonchli g‘alabaga erishdik.
- Mana shu o‘yin O‘zbekiston chempionatida hech bo‘lmasa 50 foizga ko‘rsatilsa ham ancha yaxshi natija bo‘lmasmidi?
- O‘yinlar ba’zida bir-biriga o‘xshamaydi. Bu o‘yin bilan chempionatimizni taqqoslamagan bo‘lardim. Katta o‘yinlarga motivatsiya, ishtiyoq boshqacha bo‘ladi. Oldin ham aytgandim, biz bilan ochiqroq futbol o‘ynaydigan jamoa bilan engilroq o‘ynaymiz. Bugun ham mana shunday bo‘ldi. Biz har bir o‘yinga g‘alaba uchun tushamiz, bu muhim. Lekin qaysidir o‘yinlarda biz kutgandek bo‘lmaydi. Lekin aniq ayta olamanki, biz har bir bellashuvga jiddiy yondashamiz. Aziz juda muhim gollarni urdi. Ikkalasini ham kerakli paytda urdi.
- “Nasaf”ning g‘alabasi O‘zbekistonning obro‘i va e’tibori. “Nasaf” chiroyli o‘ynadi. Ammo 80-daqiqadan so‘ng jamoa negadir o‘yinni “tashlab” qo‘ydi. Raqib bundan foydalanib hisobni qisqartirdi. Bu Superligada ham kuzatilyapti. Buni qanday izohlaysiz?
- O‘yinlarda o‘ynayotganimizda futbolimiz darajasini ko‘rsatib berishimiz kerak. Bugun buni amalda isbotladik. Futbolimiz darajasi yomon emas. Raqibimiz Qatar yoki boshqasi bo‘ladimi, ishonchli harakat qilishimiz kerak. Ruhiy tayyorgarlik joyida bo‘lishi kerak deb bejizga aytmagandim. 3:1 hisobidagi ishonchli g‘alaba tufayli xalqqa bayram ulashdik. Bugun negativ savollarni kamroq o‘ylagandim. Bugun xursandchilik qilaylik, qolgan hammasini to‘g‘rilaymiz.
- Shuhrat Muhammadievni zaxiraga olinishi majburiy bo‘ldimi yoki...
- Majburiy bo‘ldi. Shuhratni tajribasi bor va o‘z vazifasini yaxshi bajarib turgandi. E’tibor bergan bo‘lsanglar, uzoq masofaga yugurganida biroz oqsagani uchun tanaffus paytida yordam bera olmasligini aytdi va majburiy o‘zgarish qildik.
- Bahrom Abdurahimov asosiy tarkibda ko‘rinmadi...
- O‘rtada ko‘p o‘yinchilarimiz borligi uchun rotatsiya qilib turibmiz. Akmal, Marko, Javohir, Bahrom, Jaba bu pozitsiyalarda o‘ynashi mumkin. Shuning uchun o‘rta chiziqdagi futbolchilar bo‘yicha rotatsiyaga qo‘l uryapmiz. Balki o‘sha joylarda muammoimiz kamroqdir. Hujum chizig‘imizda yana bir o‘yinchimiz yoki Alibek Davronov bo‘lganida orqa chiziqlarni ham rotatsiya qilib, har bir uchrashuvga kuchimizni tejagan bo‘lardik.
- “Sharja”ning himoyaviy o‘yinidan cho‘chimaysizmi?
- Biz “Al Sadd” bilan ularning o‘yinini ko‘rganimizda albatta e’tibor qildik. “Sharja” “Al Sadd” bilan safarda o‘ynashiga qaramasdan faqat himoyaga yotib olmadi. Hujumga ham e’tibor qaratishdi. O‘sha uchrashuv bejizga 0:0 bo‘lmadi. Teng kurashlar ostidagi uchrashuv bo‘ldi. “Sharja”ga ham boshqasiga ham jiddiy yondashamiz va maksimal harakat qilamiz.
Fikrlar