Ro‘ziqul Berdiev: "To‘pni nazorat qilishni boshlaganimizdan keyin raqib to‘xtadi"
Bugun voha derbisida “Nasaf” Muborakda “Mash’al”ni yagona gol evaziga mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuvdan so‘ng, “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- O‘yin tezlikda bo‘lmadi. Bunga bir nechta sabablar bor. Jamoalar soat 15:00 da o‘yin o‘tkazmaydi. Balki shuning uchun qiyinchiliklar bo‘lgandir. Asosan to‘pni nazorat qildik va bitta to‘p farqini uchrashuv oxirigacha saqlab qoldik. Birinchi bo‘limda “Mash’al” jamoasi 10 daqiqacha o‘yinni yaxshi boshladi. To‘pni nazorat qilishni boshlaganimizdan keyin ular to‘xtadi. Birinchi bo‘limda to‘pni nazorat qilib pozitsion hujumlar uyushtirgan bo‘lsak, ikkinchi bo‘limda ko‘proq qarshi hujumlarda o‘ynadik. Buning asosiy sababi hisobni saqlab qolishimiz edi, buni uddasidan chiqdik. Raqibga deyarli vaziyatlar yaratish uchun imkoniyat bermadik.
- O‘tgan turda “Nasaf” “Bunyodkor” darvozasiga beshta gol urdi. Bugun safarda kichik 1:0 hisobida yutdi. “Mash’al”ni “Bunyodkor”dan kuchliroq deb hisoblaysizmi?
- Bu – futbol. Tushuninglar, biz har o‘yinda 5-6 tadan gol uradigan jamoa emasmiz. Qaerdadir pasayish bo‘ladi, jamoalar har xil o‘yin ko‘rsatadi. “Bunyodkor” hujumkor o‘yin ko‘rsatsa, “Mash’al” ko‘proq himoyadan o‘ynaydi. Bu savol o‘rinsiz bo‘ldi. Hamma jamoa yaxshi imkoniyatga ega. Hech bir klubni har safar beshtadan gol urib yutishga qurbi etmaydi.
- Muborakdagi bahsda sizni nima qoniqtirmadi?
- Hozir aytib o‘tdim, soat 15:00 da o‘ynash baribir farq qildi. Asosan o‘yinlarimizni kechki payt 18:00 dan keyin salqinda o‘tkazardik. Maydonning holati ham biznikidan farq qiladi. Balki shu boisdan bugun tezkor o‘yin bo‘lmadi. O‘yinda bir qator texnik xatolarga yo‘l qo‘ydik. To‘pni nazoratida kamchiliklar qildik. Shuning uchun yorqin o‘ynay olmagandirmiz.
- Akmal Mozgovoyning yaqin masofadan gol ura olmaganiga munosabatingiz qanday?
- Undan oldin Husayn Norchaev ham birga-bir vaziyatga chiqqandi. Boya aytdim, ikkinchi bo‘limda qarshi hujumda o‘ynadik. Imkoniyatlar yaratdik, faqat golga aylantira olmadik. Akmal hujumchi emas, balki shu bois unga sovuqqonlik etishmagandir.
- G‘olib G‘aybullaev deyarli asosiy tarkibda maydonga tushirilmayatpi. Bugun ham uni kech o‘yinga qo‘shdingiz. U mashg‘ulotlarda ko‘nglingizdagidek harakat qilmayaptimi?
- G‘olib uch hafta oldin belidan jarohat olib, mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubordi. Shu sababdan oxirgi o‘yinlarimizda kam qatnashyapti. Hali to‘liq o‘yin amaliyotiga ega emas. Ko‘rgan bo‘lsanglar, ikkinchi bo‘limda uchta markaziy himoyachiga o‘tdik. G‘aybullaev maydonga tushib vazifasini yomon bajarmadi.
- “Nasaf”ning xalqaro maydondagi imkoniyatlari sizni qoniqtiradimi?
- Albatta, asosiysi natijaga erishyapmiz, keyingi bosqichlarga chiqyapmiz. Bizni qanchalik mas’uliyatli o‘yinlar kutayotganini his qilib turibmiz. OFK Kubogida g‘olib chiqib, muxlislarimizni xursand qilishga bor kuchimizni sarflaymiz.
- Norchaev boshidan jarohat olgandek ko‘rindi...
- O‘sha vaziyatda boshi bilan to‘qnashib ketdi. To‘g‘risi, ikkinchi bo‘limda uni almashtirmoqchi edim. Lekin o‘ynay olishini aytgani uchun ikkinchi bo‘limda ham imkoniyat berdim. Qaysidir ma’noda, oxirgi o‘yinlardagidek bugun sermahsulligi bo‘lmadi. Bitta vaziyat bo‘ldi, o‘shani ham golga aylantira olmadi. Lekin unga ishonishda davom etamiz. Terma jamoaga ham jalb qilindi. Maydonda katta hajmda ishlaydi. Faqat hujum qilish emas, himoyaga yordam beradi, pressinglarda ham yaxshi qatnashadi. Undan xursandmiz. Taktik tarafdan ham o‘sishga erishyapti.

Fikrlar