
Rustam Ashurmatov "Seul"ga o‘tadimi yoki Janubiy Koreyadan ketadimi? Tog‘asi bilan qachon bir jamoada ishlaydi? Uning o‘zi barchasiga munosabat bildirdi
Janubiy Koreyaning “Gvangju” klubida ishonchli to‘p surgan hamyurtimiz Rustam Ashurmatov legioner sifatida ko‘pchilikning e’tiborini qozondi, deyishimiz mumkin.
Bilsangiz, u “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatovning jiyanidir. Shu bois Rustamning o‘yini tog‘asinikiga o‘xshab ketadi. Uning ushbu mavsumdagi taassurotlari qanday, klubini o‘zgartiradimi? Sports.uz saytiga bergan intervyusida shu va yana boshqa muhim masalalar xususida gap bordi.
- Rustam Ashurmatov uchun yakuniga etayotgan yil nimasi bilan yodda qoldi?
- Esda qolgani sifatida Janubiy Koreya “K1” ligasida ishtirok etganimni ayta olaman. Jamoamiz bilan kuchli oltilikka kirdik, o‘tgan yili esa quyi ligada ishtirok etgandi. Bu yil esa yuqori divizionga chiqdik va oltitalikdan joy olganimizni ijobiy holat deya olaman.
- Ilk bor legioner o‘yinchi maqomida to‘p surdingiz va o‘zingizdagi o‘zgarishlar sezilyaptimi?
- Boshida borganimda “Gvangju” quyi ligada qatnashardi va men ham o‘sha ligada to‘p surdim. Quyi liga deganda ba’zilar saviyasi pastroq musobaqa deb o‘ylashi mumkin. Lekin amalda unday emas. “K2” ligasida ham kuchli klublar mavjud, u erdagi raqobat ham yuqori darajada. Ushbu mavsumda esa jamoam bilan “K1”da qatnashdik. Natijada biz yanada kuchliroq klublarga qarshi bahs olib bordik. Shu orqali kerakli tajribani o‘rgandik, deya olaman. Janubiy Koreyaga birinchi marta o‘tgan yili borgandim, to‘g‘risi, o‘shanda mahoratim kamroq edi. O‘tgan vaqt davomida kuchli legionerlarga qarshi to‘p surib tajribamni yanada oshirdim. Endi esa har qanday o‘yinchiga qarshi raqobat ko‘rsata olishim mumkin, chunki o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortgan.
- “Gvangju”dagi taqdiringiz nima bo‘ladi? Rejalaringiz qanday?
- Aynan hozirgi vaqtda o‘zim ham aniq javob bera olmayman. Sababi, jamoam bilan kelasi yilning fevral oyida shartnomam tugaydi. Ungacha hali vaqt bor. Ba’zi klublardan takliflar bo‘lyapti. Klubim esa hozir ta’tilda bo‘lgani uchun ham boshqa variantlarni ko‘rib chiqishga menda vaqt bor. Jamoalarni va chempionatlarini bir-biriga taqqoslab bir qarorga kelmoqchiman. Hozir esa sizga unday yoki bunday qilaman, deb aytishim noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki keyinchalik boshqa qarorga kelsam, sizga yolg‘on xabar berib qo‘ygan bo‘laman. Shu bois barchasini vaqt ko‘rsatadi.
- Bizdagi ma’lumotga qaraganda, sizga “Seul” klubidan qiziqish borligi haqida eshitdik. Bu xususida nima deya olasiz?
- Buni sizdan eshityapman. Balki sizdagi bu ma’lumotlar to‘g‘ridir, qaerdandir olgandirsiz. Lekin o‘zimga va transferim bilan shug‘ullanadigan insonlarga ushbu xabar haqida ma’lumot kelgani yo‘q, balki chindan shunday gap bordir, ammo o‘zimga aytishmagandir. Lekin sizga bitta xabarni aytishim mumkinki, jamoamiz bosh murabbiyi “Seul” klubini boshqarishga birinchi raqamli nomzod bo‘lib turibdi. Balki shu orqali sizlarga shunday ma’lumot etib kelgan bo‘lishi mumkin.
- Tabiiyki, sizni ushbu murabbiy bilan munosabatingiz yaxshi-a?
- Albatta. Bosh murabbiy bilan aloqalarimiz juda yaxshi. Lekin hali bosh murabbiy rasman tasdiqlangani yo‘q. Eshitishim bo‘yicha, bizning murabbiy “Seul”ga ustozlik qilish 90-95 foizga hal etilgan.
- Agar sizni chaqirsa, labbay deb javob berasizmi?
- Boya aytib o‘tganimdek, boshqa variantlar bilan solishtirgan holda o‘ylab ko‘ramiz. Ammo biror nimani o‘ylamay turib qaror chiqarish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Har bir qadamni o‘ylab bosish kerak.
- Nima bo‘lsa ham yangi mavsumni yana Janubiy Koreya chempionatida o‘tkazasizmi?
- Aytdim-ku, takliflar bor. To‘g‘ri, balki menda Janubiy Koreyadan variantlarim ko‘proqdir, lekin barchasini vaqt ko‘rsatadi. Chunki boshqa chempionatlardan tushayotgan takliflar borasida ham shug‘ullanishyapti. Hozir sizga Koreyada aniq qolaman, deb aytsam, vaqt o‘tib bu yolg‘on xabarga aylanib qolishi mumkin.
- Sizga kelayotgan chaqiruvlar Osiyo mintaqasidanmi?
- Osiyodan bor. Shu bilan birga Rossiyadan ham ehtimoli bor.
- Koreya futbolining madaniyati o‘zgacha. U erda to‘p surgan legioner sifatida o‘zimizning futbolimiz bilan taqqoslaganda nimalarni o‘rganishimiz zarur, deb hisoblaysiz?
- Bizga nisbatan ularda maydonlarning sifati yaxshiroq. Deyarli 99 foiz maydonlar ideal desam bo‘ladi. Hattoki, quyi ligalardagi maydonlari ham to‘liq talabga javob beradi. Qolaversa, u erda televidenie borasida ham o‘sish katta. To‘g‘ri, bizda ham bu borada jiddiy e’tibor qaratilyapti va o‘yinlar jonli efirda ko‘rsatilyapti. Ammo bizda ham translyatsiyalarning sifatiga jiddiyroq e’tibor berishsa muxlislarga ham o‘yinlarni ko‘rish yanada qiziqarliroq bo‘ladi. Maydondagi mayda detallarni ham ko‘paytirilgan kameralarda ko‘rish mumkin. Koreyada bunday narsalarga jiddiy e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga u erda VAR tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Yaqin orada O‘zbekistonda ham qo‘llanilsa yaxshi bo‘lardi.
- O‘zimizning Superligamizda qanday o‘zgarishlar borligini ko‘ryapsiz?
- Koreyadagi paytimda chempionatimizdagi ko‘plab uchrashuvlarni ko‘rdim. Mashg‘ulotlardan tashqari bo‘sh vaqtim ko‘p bo‘lardi, shu bois Superligamizni kuzatishga harakat qildim. To‘g‘risi, so‘nggi 2-3 yilga qaraganda saviyamiz pastlagandek ko‘rindi. Lekin 10-15 yillikni oladigan bo‘lsak, baribir saviyamiz o‘sgan. Muxlislar, televidenie, maydonlar, futbolchilarning o‘zini professional tutayotganligi sezilyapti. Nima uchun saviyamiz pasaydi dedim? Sababi, oldin chempionlikka 2-3 jamoa kurashgan bo‘lsa, bu yil birgina “Paxtakor” yaqqol favoritga aylangani tufayli balki menga shunday ko‘ringandir. Ilgari “Bunyodkor”, “Lokomotiv” va “Paxtakor” bir-biriga doim jiddiy qarshilik ko‘rsatardi. Bu safar “Paxtakor”ga raqobatchi etishmadi.
- U erdagi faoliyatingiz davomida eslashga arzigulik yoqimli va yoqimsiz o‘yinlaringizni aytib bera olasizmi?
- Yoqimsiz o‘yinni eslay olmayman. Har bir uchrashuvda o‘ziga yarasha kurash va mehnat qilingan. Shu bois har bir o‘ynagan o‘yinimni o‘zim uchun qadrlayman. To‘g‘ri, ayrim paytlarda xatolar qilgan bo‘lishim mumkin, baribir yoqimsiz deya olmayman. Yoqimli o‘yinlarga esa ko‘p bellashuvlarni kiritsam bo‘ladi. Chunki Koreyada kuchli legionerlar to‘p suradi. Ularga qarshi kurashish doimo yoqimli bo‘lgan.
- Tog‘angiz – Baxtiyor Ashurmatov kabi siz ham himoyachi bo‘lib etishdingiz. Qachondir tog‘angiz qo‘li ostida to‘p surish niyatingiz bormi?
- To‘g‘risi, tog‘am bilan birga ishlash o‘zimga ham qiziq. Lekin hozirgi holatimdan kelib chiqadigan bo‘lsak, Janubiy Koreya chempionatida o‘ynab turib “Qo‘qon-1912”ga o‘tishim mantiqan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Hozircha yo‘llarimiz tutashmadi. Balki vaqti kelib tog‘am xorijda ishlar yoki O‘zbekistonning yanada kuchli klublarini boshqarar, ana shunda birga ishlash ham nasib qilar. O‘zimda ham Baxtiyor Ashurmatov jamoasida to‘p surish xohishim bor.
- Baxtiyor Ashurmatov o‘z vaqtida “Navbahor”ga bosh murabbiylik qilgan chog‘ida ayrim sabablarga ko‘ra sizni jamoasiga qabul qilmagani va bu orqali oila-a’zolaringiz xafa bo‘lgan, degan gaplar aytilgandi...
- Nazarimda, o‘sha vaziyat bo‘yicha meni akam bilan adashtiryapsiz. U paytda tog‘am meni “Nabvahor”ga taklif qilmagan. Chunki “Bunyodkor”da endi to‘p surishni boshlagan paytlarim edi. Bu klubda menga endi ishonch bildirishayotganida “Navbahor”ga chaqirishlari biroz noto‘g‘ri bo‘lardi. Tog‘am buni yaxshi tushungan holda klubga taklif qilmagan.
- Siz orqali milliy terma jamoamizda yana bir iste’dodli himoyachiga ega bo‘lib boryapmiz. Ammo vakillarimizning ikkinchi saralash bosqichidagi holati biroz xavotirli bo‘lib ko‘rinyapti. Qolaversa, BAA yig‘inidagi ikkita mag‘lubiyat ham ko‘pchilikni ranjitdi. Terma jamoamizning bugungi holatini qanday baholaysiz?
- Vadim Abramov bosh murabbiy bo‘lib kelganida ko‘pchilik xursand bo‘ldi. Natijada o‘yinlarimizda ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Oldingi uchrashuvlarimiz chiroyli o‘tdi va yirik g‘alabalarga erishdik. O‘shanda hech kim bizni tanqid qilmayotgandi. To‘g‘ri, Saudiya Arabistoniga o‘zimizda yutqazib qo‘ydik. Biroq o‘yin borasida emas. Ha, BAAdagi yig‘inda ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida mag‘lubiyatga uchradik. Lekin bungacha jamoamiz qancha vaqt yig‘ilmadi? Albatta, bir oy oldin to‘plandik, ammo umumiy ma’noda 8-9 oylab majburiy tanaffus bo‘ldi. Bizni ham to‘g‘ri tushunishlarini xohlardim. Bizga ham, murabbiylarga ham biroz vaqt kerak. Bilishimcha, kelasi yilning mart oyida saralash bahslari davom ettiriladi. Ungacha hammasi joyiga tushadi. Saudiyaga kuchimiz etadi, ruhan ham tayyormiz.
- O‘zingiz uchun eng kuchli murabbiy deb kimni aytgan bo‘lardingiz?
- Ko‘p murabbiylar bilan ishladim, ayniqsa, O‘zbekistonning kuchli mutaxassislari qo‘li ostida to‘p surdim. Birortasini ajratib ko‘rsatsam ularga ham, o‘zimga ham hurmatsizlik bo‘ladi. Har biridan etarli darajada o‘zim uchun kerakli saboqlarni olganman. Masalan, Sergey Lushchan, Mirjalol Qosimov, Ravshan Haydarov, Vadim Abramov...
Fikrlar