
Salomov yoki Samassa? “T-Tim” bosh murabbiyi qaysi futbolchini tanlaydi?
Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston terma jamoasining sobiq a’zosi Shavkat Salomov Malayziyaning "T-Tim” jamoasi ko‘rigidan o‘tmoqda.
Jamoa tarkibida o‘tgan yilgi mavsumni a’lo darajada o‘tkazgan Makan Konate tizzasidagi jarohat sabab o‘tgan hafta jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazdi. Natijada jamoa bosh murabbiyi Rahmat Darmavan yarim himoya va hujumdagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun, Marsel klubining sobiq hujumchisi Mamadou Samassa hamda o‘tgan mavsumni "Buxoro" klubi safida o‘tkazgan Shavkat Salomovni "T-Tim” mashg‘ulotlariga jalb etdi.
Hozirga qadar "T-Tim” klubi uch nafar xorijlik futbolchi bilan shartnoma imzolab bo‘lgan. Ular malilik himoyachi Abdulhay Yusuf Mayga hamda o‘zbekistonlik ikki nafar futbolchi Dilshod Sharofetdinov (yarim himoyachi) va Farhod Tojievdir (hujumchi).
Malayziya ligasida ishtirok etadigan klublar faqatgina to‘rt nafar xorijiy futbolchini o‘z saflariga qo‘shib olish imkoniyatiga egadir. Shu sababli "T-Tim" bosh murabbiyi qolgan birgina imkoniyatdan unumli foydalanish maqsadida, Shavkat Salomov va Mamadou Samassadan qay birini tanlash haqida haligacha o‘ylamoqda.
- Yakuniy qarorga kelish haligacha qiyin bo‘lmoqda. Yaqin kunlarda jamoa bosh murabbiyi o‘z qarorini ma’lum qiladi va barchasi oydinlashadi, deydi - jamoaning yordamchi murabbiyi Mohd Azhari Salim.
Fikrlar