
Samvel Babayan "Lokomotiv" bosh murabbiyi bo‘ladimi? Samvel Babayanning o‘zidan javob
«Lokomotiv» klubi Superliganing 12-tur doirasida kecha Samarqandda «Dinamo» jamoasiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, qimmatli ochkolardan mahrum bo‘ldi. Ustiga-ustak, shu kuni «Paxtakor» o‘z uyida «Qizilqum»ni 8:0 hisobida tor-mor keltirgan holda ochkolar hisobida yanada oldinga o‘tib ketdi.
Olingan ma’lumotlarga qaraganda, bugun «Lokomotiv» bosh murabbiyi Andrey Fyodorovning iste’foga chiqarilishi va uning o‘rniga Samvel Babayanning tayinlanishi kutilmoqda. Aslida bunday xabarlar kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Fyodorovning o‘rnini Babayan egallashi borasidagi xabarlar ancha oldin paydo bo‘lgandi. «Lokomotiv»ning Samarqanddan quruq qo‘l bilan qaytgani esa voqealar rivojini tezlashtirayotgan bo‘lsa ajab emas. Biz shu munosabat bilan Samvel Vyacheslavovich bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qildik. Lekin hozircha uning o‘zi bunday voqealardan bexabarligini aytdi:
- Men bilmayman, ammo har xil gaplar yuribdi. Hozircha o‘z ishim bilan shug‘ullanib yuribman. Agar qandaydir yangilik bo‘lsa albatta o‘zim xabar beraman. Biz baribir futboldamiz va hamma narsa bo‘lishi mumkin. Lekin hali meni hech nimadan xabarim yo‘q. Mana, hozir akademiyamizning mashg‘ulotidan keldim, - dedi Babayan.
Lekin OAVda tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra yaqin vaqtlar ichida «Loko»da o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda. Har holda shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi.
Fikrlar