Sanjar Rahmonov: "Floyd Meyvezer bilan gaplashdim... Katta janglarning vaqti keldi"

  • 19 may, 2020, 13:49
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Floyd Meyvezerning promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilayotgan  Sanjar Rahmonov (12-3-1, 6 KO) 28 fevral kuni Kit Xanterga qarshi revansh jangida ochkolar hisobiga ko‘ra yutqazgandi.

Tecno

Bu mag‘lubiyatdan so‘ng, Sanjar bilan Meyvezer hamkorligi to‘xtatilishi, bunga sabab esa, mag‘lubiyatlar uchtaga etganligi haqida gap tarqaldi. Biz bu mish-mishlarga oydinlik kiritish uchun  bokschi bilan bog‘landik.

Assalomu alaykum. Bir nechta savollar bilan murojaat qilmoqchi edik?

-  Bemalol. E’tibor uchun xursand bo‘ldim.

To‘g‘risi, Kit Xanterga qarshi revanshda g‘alaba qozonishingizga juda ishongandik?

-  O‘zim ham bunga shubha qilmagandim. Afsuski, mag‘lub bo‘ldim.

Kamchiliklaringizni bilib oldingizmi?

-  Albatta, maqsadim kuchli zarba evaziga jangni ertaroq yakunlash edi. Qolaversa, menga qo‘rquv etishmadi. Kam zarba berdim. Qisqa qilib aytganda, rejam ish bermadi.

Xanter bilan jang kutilmaganda yuzaga keldi. Demoqchimanki, unga qarshi mashg‘ulotlar jarayoni kamlik qilmadimi?

-  To‘g‘ri, bir hafta qolganda ushbu jangni taklif qilishdi. Menga yoqdi va o‘ylab o‘tirmay rozi bo‘ldim. Vaholanki, 2 oy boshqa raqibga qarshi tayyorgarlik ko‘rgandim. Unga nisbatan salohiyatim yuqoriroq ekanligini o‘zim sezaman. Biroq, boksda kichik taktik xato ham muvaffaqiyatsizlikka olib keladi.

-  Hali ham Dyui Kuper murabbiyligi ostida mashg‘ulotlar olib borayapsizmi?

-  Yo‘q. U bilan birga emasmiz. Oxirgi ikkita jangimda Kris Ben-Tchavtchavadze bilan ishladim.

sancho

-  Demak, ushbu mag‘lubiyatdan etarlicha xulosa chiqardingiz?

-  Albatta. Bu men uchun yana bir tayyorgarlik jarayonini o‘tadi. Tajriba bo‘ldi. Xatolar ustida yanada ko‘proq ishlash kerakligini angladim. Umuman olganda, bundan fojea yasamay, yana oldinga intilishga harakat qilyapman.

-  Jangdan keyin Floyd Meyvezer bilan gaplashdingizmi?

-  Yo‘q. Jangdan avval gaplashgan edik.

Bu savolni berishimning boisi, Sanjar bilan Floydning hamkorligi yakunlandi, qabilidagi gap-so‘zlar, fikrlar yangradi.

-  Unday emas. Aksincha, endi katta va jiddiy janglarda ringga ko‘tarilishim rejalashtirilmoqda. Jamoam bilan birgaman va bu uzoq davom etishiga ishonaman.  Shuningdek, hali muvaffaqiyatlarim oldinda va jiddiy natijalar qayd eta olaman. Bunga imkoniyatim etadi. Bir-ikkita mag‘lubiyatlar, chempion bo‘la olmaydi, degani emas. Yaratganni o‘zi qo‘llab tursa, yurtimizga chempionlik kamarlarini olib boraman. O‘ylaymanki, yaxshi natijalarim orqali vatandoshlarimni xursand qilaman.

Bunday yuksak niyatlaringiz ijobat bo‘lishiga tilakdoshmiz!

-  Katta rahmat!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!