Shaxmat bo‘yicha FIDE sport ustasi Humoyun Begmuratov taqdirlandi

  • 7 fevral, 2022, 18:20
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Shaxmat
CHERY AUTO

Bugun Turizm va sport vazirligida o‘zbek shaxmat maktabining yosh va umidli vakillaridan biri, FIDE sport ustasi Humoyun Begmuratov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov tomonidan qabul qilindi.

Tecno

Ta’kidlash kerak, Humoyun yoshligidan shaxmatga mehr qo‘ydi va 6 yoshidayoq avvaliga mamlakat, so‘ngra Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Shaxmat bo‘yicha sport ustaligiga nomzod talabini bajargan dunyo tarixidagi eng yosh shaxmatchiga aylandi. U o‘zining mehnatsevarligi, tirishqoqligi hamda maqsad sari intiluvchanligi bilan alohida ajralib turadi.

2020 yilda Humoyun shaxmat bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida onlayn O‘zbekiston chempionatida g‘olib chiqdi va yakunda “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Uchrashuvda Turizm va sport vaziri Humoyun Begmuratovni yaqinda FIDE sport ustaligi talabini bajargan jahondagi eng yosh shaxmatchilardan biriga aylangani bilan muborakbod etdi. Qolaversa, yosh shaxmatchimizga qisqa muddatlarda xalqaro grossmeysterlik talabini bajarishi yo‘lida ham omad va muvaffaqiyat tiladi.

Yosh shaxmatchimizga kelgusi musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va mahoratini yanada oshirishi uchun eng zamonaviy rusumdagi kompyuter, ya’ni "MacBook" sovg‘a qilindi.

Shodiyona shodiyonaga ulanib ketdi, bugun Humoyun o‘zining tavallud ayyomini nishonlamoqda, u 12 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan yosh shaxmatchimiz va uning oila a’zolariga Turizm va sport vazirligi tomonidan “Tibet” sihatgohiga uch kunlik vaucher ham taqdim etildi.

Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi jamoasi yosh va iqtidorli shaxmatchi, FIDE sport ustasi Humoyun Bekmurodovni yana bir bor bugungi tavallud ayyomi bilan muborakbod etadi hamda unga kelgusi faoliyatida hamisha muvaffaqiyat yor bo‘lishini tilaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!