
Shayxlarning "Manchester"i qanday qilib transfer bozorida barchadan zo‘r ishlamoqda?
"Siti"ning transferlari ideal, ammo... SPORTS.uz "Manchester Siti" transferlari haqidagi tahliliy maqolani e’tiboringizga havola etadi. Manchesterliklarning moliyaviy imkoniyatlari va "joru Football Money League Deloitte" bergan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, "shaharliklar" 2020/21 yilgi mavsumda 644 million evro foyda olgan holda dunyoning eng serdaromad jamoasiga aylandi. Ikkinchi o‘rindagi "Real" Madridda bu ko‘rsatkich 640 million evroni tashkil etmoqda. Kuchli uchlikni "Bavariya" 611 million evrolik natija bilan yakunladi. Bu mavsumdagi transferlarga ko‘z yugurtirsak, "shaharliklar" nafaqat maydonda, balki uning tashqarisida ham kattaroq marralarni zabt etishga tayyor ekanligi ko‘zga tashlanadi.
APL klublari moliyaviy feyr-pley qoidasiga amal qilish ilinjida o‘z futbolchilaridan katta qiyinchilik bilan qutilmoqda. E’tiborlisi, bu borada "Manchester Siti"da hech qanday muammo yo‘q. Juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan menejment va murabbiylar shtabining ko‘rsatmalari klubga yaxshigina daromad olib kelmoqda. Misol uchun "Manchester Yunayted" Ronalduga haftasiga 515 ming evro maosh to‘layotgan bir paytda, "shaharliklar" 21 yoshli Erling Xolandni atigi 51 million evroga qo‘lga kiritdi. Norvegiyalik vunderkind bir necha yil ichida dunyoning eng qimmat futbolchisiga aylanishi aniq. Ronaldu esa, vaqt o‘tgani sayin o‘z transfer qiymatini yo‘qotib boradi. Birgina "Xoland operatsiyasi" o‘z yo‘liga. Bugungi transfer bozorining stabil emasligi bois, o‘z vaqtida qimmat aktivlarni sotib yuborish ham katta mahorat talab etadi.
Joriy mavsum avvalidagi "Siti" amalga oshirgan ikkita katta ishni ko‘rib chiqamiz. Rahim Sterling "Chelsi"ga 47,5 million funt evaziga ko‘chib o‘tgan bo‘lsa, Gabi Jezus uchun "Arsenal" 45 million funt to‘lashga majbur bo‘ldi. Bir qarashda asosiy futbolchilarning ketishidan jamoa yutqazgandek ko‘rinishi mumkin, lekin bugungi "Siti" uchun ular eng yaxshi mavsumlarini berib bo‘ldi. Ikkisi ham Gvardiola tizimidagi oddiy ijrochilar edi, xolos. "Shaharliklar" transfer bozorida ularning narxi tushib ketmasidan oldin, vaqtida pullab yuborishga ulgurdi. Jezusning transferidan 18 million sof foyda olingan bo‘lsa, Sterling uchun 2015 yilda "Liverpul"ga to‘langan pullarning o‘rni qoplandi. Asosiy tarkibda o‘zi uchun joy topa olmagan Zinchenko ham "Siti"ni 32 million evroga "boyitib ketdi". Bu hali hech narsa emas! Asosiy jamoada deyarli ko‘rinish bermagan akademiya a’zolari ortidan ishlangan 34 million evroga nima deysiz? Hali biror marotaba APL o‘yinlarida to‘p tepmagan Gevin Bazun va Romeu Lavia uchun 29 million evro to‘lagan "Sautgempton" yaxshi yurish qildi. 1-2 yilda bu futbolchilarga pullari etmay qolishini hisobini oldi, chog‘i. Agar akademiya shu tempda ishlashda davom etsa, "Siti" Britaniyadagi eng badavlat klub unvonini hech kimga berib qo‘ymasa kerak. Umumiy hisobda jamoa bu mavsumda transferlardan 167 million funt foyda qildi. Bu ularning 2017/18 yilgi mavsumda o‘rnatgan rekordidan (82 million funt) ikki barobar yaxshiroq ko‘rsatkich!
"Qisman, kuchli futbolchilarning jamoani tark etishi yomon. Shunga qaramay, top klublar nafaqat katta transferlarni amalga oshirishi, balki o‘z futbolchilarini ham yaxshigina summaga sotishni bilishi kerak. "Siti" faqat futbolchi sotib oladigan klub emas". Pepning so‘zlarida jon bor. Ayniqsa, Pogba, Matich, Lingard singari ijrochilarni yomon menejment sababli tekinga qo‘yib yuborgan "Manchester Yunayted" fonida bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. Barcha "shaharliklar"ni katta transferlarda ayblayotgan bir paytda, qiziq bir faktga e’tibor qarating! "Qizil iblislar" 2012/13 yildan hozirga qadar yangi futbolchilar uchun 1,492 milliard evro sarfladi. Futbolchilarni sotish ortidan kelgan daromad 439 million funt xolos. Hozir, "Manchester Siti" nafaqatg grand klub, balki moliyaviy baquvvat kompaniyaga ham aylanib bormoqda. To‘g‘ri, yo‘lga qo‘yilgan ish sababli manchesterliklar sekin-asta top jamoalar qatoridan o‘rin oldi. Endi ularning etakchisi bo‘lish arafasida ham turibdi. Ular shu tempda davom etsa, yaqin 10 yil ichida Evropaning boshqa grand klublaridan ham o‘tib ketishi aniq.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar