Shomurodov bilan raqobat qilgan yulduz nomini tarixga yozdi
Angliyaning hujumchi Temmi Abraham “Aston Villa” tarkibida o‘ynab, UEFA Yevropa Ligasining 2025-2026 yilgi mavsumi finalida Germaniyaning “Frayburg” klubi ustidan qozonilgan g‘alabadan (3:0) so‘ng, uchta asosiy evrokubokda g‘olib chiqqan tarixdagi ikkinchi futbolchiga aylandi.
Bu haqida Birmingem klubining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi akkaunti xabar bermoqda.
Bundan oldin mohir forvard 2020-2021 yilgi mavsumda “Chelsi” bilan Yevropa Chempionlar ligasida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, 2022 yilda “Roma” jamoasi tarkibida Temmi Abraham o‘sha paytda ilk bor tashkil etilgan UEFA Konferensiyalar ligasida g‘alaba qozongan. Bu turnirda o‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodov ham chempion bo‘lgan va o‘sha musobaqada eng katta tezlik ko‘rsatgan futbolchi bo‘lgani qayd etilgan edi.
Temmi Abrahamdan oldin Yevropa qit’asining uchta nufuzli musobaqasida ham bosh sovringa ega chiqqan birinchi futbolchi ayni paytda “Marsel” sharafini himoya qilayotgan Emerson Palmyerihisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, Temmi Abraham joriy mavsumni Turkiya chempionatida boshlagan edi. Qishki transferlar oynasi davrida tajribali forvard “Beshiktosh”dan “Aston Villa”ga ko‘chib o‘tdi.
Abraham “villaliklar” safida barcha turnirlarda 16 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga uchta gol yozdirib qo‘ydi.
Eldor Shomurodov esa, Turkiyadagi debut mavsumini juda muvaffaqiyatli o‘tkazdi. “Bashakshеhir”ning yetakchisiga aylangan 30 yoshli legionerimiz chempionat davomida raqiblar darvozasini 22 marotaba ishg‘ol qilib, “Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachu bilan birga liga to‘purari bo‘ldi.

Fikrlar