
Shomurodov jamoasi boshqa joyda o‘ynaydi!
Italiya chempionati yakunlanganiga bir necha kun bo‘ldi. Biroq A Seriyada echilmagan birgina masala qolgan.
O‘ttiz sakkizta tur yakuniga ko‘ra, oxirgi ikki pog‘onani egallagan “Kremoneze” va “Sampdoriya” kelasi mavsumni quyi ligada boshlashi aniq bo‘lib ulgurdi. Lekin ularga sherik bo‘ladigan uchinchi jamoa hozircha mavhum.
Ikki autsayderdan yuqorida turgan “Spetsiya” va “Verona” bir xil – 31 tadan ochko jamg‘argan. Garchi musobaqa jadvalida “Spetsiya” xavfli hududdan tashqarida turgan bo‘lsa-da, bu ularning A Seriyada qolishini kafolatlamaydi.
A Seriya reglamentiga ko‘ra, qaysi jamoa yuqori diviziondagi o‘rnini saqlab qolishi ikki da’vogar o‘rtasidagi qo‘shimcha uchrashuvda aniqlanishi lozim.
Demak, “Spetsiya” va “Verona” 11 iyun kuni hal qiluvchi bahsda o‘zaro to‘qnashib, masalaga oydinlik kiritib oladi.
Avvaliga, bu bellashuv “Udineze” jamoasi uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan Udine shahridagi “Dachiya” arenasida o‘tkazilishi belgilangan edi.
Biroq, A Seriya mutasaddilari bir nechta boshqa variantlarni ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi. Taniqli insayder Di Martsioning ta’kidlashicha, bunga ikki jamoa ashaddiy muxlislarining bir biriga to‘qnashtirmaslik va xavfsizlikni ta’minlash masalasi sabab bo‘lgan.
Keyin masala har tomonlama o‘rganilib, uchrashuv joyini o‘zgartirishga qaror qilindi. Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, Eldor Shomurodov jamoasi hal qiluvchi bahsni Redjo-Emiliya shahridagi “Mapei” stadionida o‘tkazadi.
Bu arenada “Sassuolo” uy uchrashuvlarini o‘tkazib keladi. Bu stadion 1995 yili qurilgan va o‘z bag‘riga qariyb 24 ming muxlisni sig‘dira oladi.
“Verona” va “Spetsiya” o‘rtasidagi uchrashuvlar tarixi 1921 yildan boshlangan. Bu jamoalar Italiya chempionatining uchta divizionida o‘zaro to‘qnash kelgan. Shuningdek, Italiya kubogida ham bir bor kuch sinashishgan.
Umumiy hisobda, bu jamoalar 23 marotaba to‘qnash kelgan. Ustunlik “Verona” tomonida. Bu jamoa13 ta bahsni o‘z foydasiga hal qilgan. Olti marotaba kuchlar teng kelgan. “Spetsiya” hisobida to‘rta g‘alaba bor.
E’tibor tomoni shundaki, “Spetsiya” va “Verona” A Seriyada o‘zaro 12 ta uchrashuv o‘tkazgan. “Verona” hisobida ettita g‘alaba va to‘rtta durang bor. “Spetsiya” yuqori divizionda “Verona” ustidan qozonilgan yagona g‘alabasi joriy chempionatda qo‘lga kiritdi.
“Verona” maydonidagi bahsda Mbala Nzola raqib darvozasini ikki marta ishg‘ol qilib, tarixiy g‘alabani ta’minladi. “Spetsiya” mezbonlik qilgan ikkinchi davra o‘yinida hisob ochilmadi.
“Spetsiya” va “Verona” o‘rtasidagi hal qiluvchi uchrashuv 11 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.
Fikrlar