
Shomurodov «Jenoa» yulduzini zaxiraga mixlab, o‘zi gol ura boshladi
A Seriyaning 9-turida “Jenoa”ning “Parma”ga qarshi uchrashuvi genuyaliklarning o‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodov Italiya futboliga moslasha boshlaganini ko‘rsatib berdi. Hamyurtimiz Genuya jamoasidagi dastlabki o‘yinlarida samarali harakatlarni amalga oshira olmaganidan uni tanqid qilayotganlarning soni ko‘payib qolgan edi.
Eldor jarohatini davolatib, safga qaytganidan keyin ketma-ket ikkita uchrashuvda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi va har ikki o‘yinda ham samara keltirdi. Italiya kubogidagi bahsda golli pasi bilan jamoasining “Sampdoriya” ustidan qozongan g‘alabasiga zamin yaratgan bo‘lsa, A Seriya bahsida “Parma” darvozasini ishg‘ol qilib, Evropadagi gollari hisobini ochdi.
Shomurodovning boshlang‘ich tarkibda maydonga tushayotgani u ichki raqobatda “Jenoa”ning eng mashhur o‘yinchisi Goran Pandevni ortda qoldirganidan dalolat bermoqda. Umuman olganda, Rolando Maran o‘z jamoasida Eldor Shomurodov va Janluka Skamakka hujum juftligini tashkil qilganini ta’kidlash joiz. Bu futbolchilar “Jenoa”ga bir vaqtda – yozgi transferlar davrida kelgan edi.
Mutaxassislar Shomurodov va Skamakka bir biriga mos hujumchilar ekanini ta’kidlayapti. Har ikkisining bo‘yicha baland va “ikkinchi qavatda” yaxshi kurasha oladi. Bir-birini tushinib o‘ynayapti. Shomurodovning tezligi yuqoriligi futbolchimizning asosiy ustunliklaridan biri. “Sampdoriya”ga qarshi uchrashuvdagi golli pas aynan shu tezligi ortidan amalga oshirildi.
O‘yin tahlili bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar legionerimiz “Parma”ga qarshi sifatli o‘ynaganini aytmoqda. Tahlillarga ko‘ra Eldor uchrashuvda jami 14 ta pas oshirdi va shulardan to‘qqiztasi jamoadoshlariga aniq etib bordi. Eldor ikki marta xavfli vaziyat yaratdi, biroq sheriklari bundan unumli foydalana olmadi.
Uchrashuvda 69 daqiqa o‘ynagan Shomurodov raqib darvozasiga uch marta zarba berdi. Ikkitasi aniq bo‘ldi va ulardan biri golga aylandi. Gol bo‘lgan zarba alohida mahorat bilan ijro etildi. Eldor kutilmagan vaziyatda uzatilgan to‘pni qabul qilib, zarba yo‘llash uchun ikki soniya sarfladi xolos. Atrofidagi himoyachilar qarshilik ko‘rsatishga ulgurolmay qoldi.
- Murabbiy Shomurodovga ko‘proq vaqt berganida “Jenoa”ning mag‘lubiyatdan qutilib qolish ehtimoli yanada oshar edi. Eldor jarohatdan keyin to‘liq o‘ynashga qiynalayotgani Maranning qarorini oqlashi mumkin. Lekin o‘yinni ushlab turgan futbolchini zaxiraga olish qanchalar to‘g‘ri, janob Maran?, - deb yozadi futbol sharhlovchisi Konstantin Kalutskiy.
Garchi hamyurtimizning goli “Jenoa”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qolmagan bo‘lsa-da, “Jenoa” vakillari orasida uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etilgan Eldorning o‘yini ochilib borayotganidan xursandmiz.
Shu o‘rinda, “Jenoa” rahbariyati, xususan, bosh murabbiy Rolando Maranning Shomurodovdan umidi katta ekanini alohida ta’kidlash lozim. Maran yaqinda jurnalistlarga bergan intervyusida Eldorni ikkinchi davrga puxta tayyorlash kerakligini, chunki jamoaning o‘yin uslubi o‘zgarishini ma’lum qilgan edi. Uning gaplariga qaraganda, Eldor Shomurodov bundan buyon “Jenoa” yulduzi Goran Pandev o‘rniga jamoaning asosiy figurasiga aylanishi kutilmoqda.
“Jenoa” 10-tur uchrashuvini 7 dekabr kuni safar “Fiorentina” klubiga qarshi o‘tkazadi. Ketma-ket ikkita bellashuvdagi muvaffaqiyatli o‘yinidan so‘ng, Eldor bo‘lajak bahsda ham asosiy tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Fiorentina” jamoasi ham yozgi transferlar vaqtida Eldor Shomurodovni olishga harakat qilgan jamoalardan biri edi.
Fikrlar