Eldor Shomurodov: "Kannavaro bilan munosabatlarimiz ajoyib"
O‘zbekiston terma jamoasi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida Quvaytni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Bellashuvda birinchi gol muallifi bo‘lgan Eldor Shomurodov o‘yin yakunlanganidan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
— O‘yin haqida:
"Bu Fabio Kannavaro qo‘l ostida o‘tkazgan birinchi o‘yinimiz bo‘ldi. Eng muhimi — g‘alaba qozondik. Murabbiy almashganidan so‘ng ba’zi o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy holat."
— Yangi murabbiyning taktikasi haqida:
"Asta-sekin yangi taktikalarni o‘rganishni boshladik. Hozircha murabbiy birdaniga hamma narsani o‘zgartirib yubormadi, ammo bizga o‘z g‘oyalarini tushuntira boshladi."
— Jamoa ichidagi muhit haqida:
"Kannavaro bilan munosabatlarimiz ajoyib. Agar mendan qandaydir yordam kerak bo‘lsa, har doim tayyorman."
— Urugvayga qarshi o‘yin haqida:
"Albatta, Urugvay bilan o‘yin oson bo‘lmaydi. Chunki sakkiz soatlik parvozdan so‘ng, dunyoning eng kuchli terma jamoalaridan biriga qarshi maydonga tushamiz. Lekin O‘zbekiston ham Jahon chempionatiga chiqqan jamoa, shuning uchun ularga munosib qarshilik ko‘rsatishimiz kerak."
— Abbos Fayzullaevning jarohati haqida:
"To‘g‘risi, Abbosning holatini hali bilmayman. Umid qilamanki, u jiddiy jarohat olmagan."

Fikrlar