Shov-shuvli UFC 249 turniri haqida yoxud asosiy jang g‘oliblarining navbatdagi raqiblari kim bo‘ladi?

  • 3 may, 2020, 14:31
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 1
  • MMA
CHERY AUTO

  MMA olamidagi eng katta tortishuvlarga sabab bo‘lgan UFC 249 turniri va nihoyat 9 may ( Toshkent vaqti bilan 10 may) kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirildi. Mazkur sanaga ham bir hafta vaqt qoldi. Butun dunyo bo‘ylab, koronavirus pandemiyasi hukm surayotganligi sababli, yana bu turnir qoldirilmasa edi, degan hadik ham yo‘q emas. Chunki bu jang kechasi bilan bog‘liq voqeyliklardan xabaringiz bor. Lekin mazkur jang oqshomining kardi juda ajoyib ko‘rinish olgan deb bemalol ayta olamiz. Bunaqasa kamdan-kam bo‘ladi. Bir-biriga mos va xos raqiblar tanlangan. Ikkita titul uchun janglar, anderkardlardagi to‘qnashuvlar ham juda qiziq bo‘lishi turgan gap. Dana Uaytdan navbatdagi ajoyib yurish...

Biz biroz ushbu turnirdagi to‘qnashuvlar maqomi, jangdan keyingi imkoniyatlar haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Turnirning markaziy jangi engil vazn toifasidagi Toni Fergyuson hamda Jastin Getji o‘rtasida bo‘lishi barchaga ma’lum. Bu bahs g‘olibini Xabib Nurmagomedov kutib turganidan ham boxabarsiz. Shuning uchun, qolgan bir nechta janglarga e’tibor qaratamiz.

Genri Sexudo (15-2-0)  – Dominik Kruz (22-2-0)

 Ikkinchi markaziy jangda o‘ta engil vazn toifasi chempioni Genri Sexudo tajribali Dominik Kruzga qarshi oktagonga ko‘tariladi. O‘rtaga chempionlik kamari tikilgan. Kruz faoliyati mobaynida raqibiga nisbatan 7 marotaba ko‘p jang o‘tkazgan. Lekin Sexudo UFC prmoushenida Dominikdan ko‘ra, oktagonga 5 marta ko‘proq ko‘tarilgan. Ularning faoliyatida ikkitadan mag‘lubiyat o‘rin olgan. Har ikkisi T.J. Dillashou va Demetrius Jonson kabi UFC yulduzlarini mag‘lubiyatga uchratib, o‘zlari super yulduzga aylanishgan. Dominik Kruz 2016 yil UFC 207 turnirida Godi Garbrandtga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi.  Bunga qadar u 2007 yil Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan WEC 26 turnirida Yurayya Feyberdan ham mag‘lubiyatni qabul qilib olgan. Uning Garbrandt bilan jangidan so‘ng, faoliyatida tanaffus yuzaga kelgandi. Qaytish esa chempionlik jangiga to‘g‘ri kelmoqda. Bir so‘z bilan aytganda bir-biriga har jabhada mos raqiblar. Sexudo esa, UFC 197 hamda UFC The Ultimate Fighter 24 da ketma-ket Demetrius Jonson va Jozef Benavidesdan mag‘lubiyatga uchraydi. Shundan so‘ng, uning faoliyatida yuksalish bo‘lib, qatorasiga 5 marotaba g‘alabaga erishadi. Ular orasida Jonsonga qarshi revansh jangi ham o‘rin olgandi. Xullas, mazkur jang g‘olibini keyingi raqibi kim bo‘lishi mumkin? Shubhasiz, Petr Yan va Marlon Moraesh jangida kim zafar quchsa, o‘sha bo‘ladi.

kruz

Frensis Ngannu (14-3-0) –Jairzino Rozenstrayk (10-0-0)

 Bu jang muxlislarning e’tibori va qiziqishi nuqtai nazardan, yuqoridagi ikki jangdan hech bir jabhada qolishmaydi. Odatda, og‘ir vazn toifasida janglar har doim MMA ihlosmandlarining diqqat e’tiborida bo‘lib kelgan. Bu to‘qnashuv esa, yanada ko‘proq qiziqish uyg‘otish mumkin. Chunki, ikki dahshatli zarba sohibi bir-biriga ro‘baro‘ keladi. Kamerunda tavallud topib, keyinchalik Frantsiya fuqarosiga aylangan Frensisning faoliyatida uchta mag‘lubiyat bor bo‘lsa-da, uning salohiyati juda yuqori. U bilan ochiq jangga kirishish shunchaki ahmoqlik bo‘ladi. Surinamlik Jairzino ham xuddi shunday tipdagi jangchi hisoblanadi. U mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda. Mazkur jangda Surinam vakilining haqiqiy kuchiga baho berish mumkin bo‘ladi. Chunki u endigina UFC da 4 ta jang o‘tkazdi va raqiblari u qadar jiddiy emas edi. To‘g‘ri sobiq chempion Andrey Arlovski hamda Alistar Overeemlar o‘z vaqtida juda kuchli bo‘lishgan.

 Lekin Jairzino bilan bir yil avval to‘qnash kelishdi va bu muddat ularning epopeyasi yakunlanayotgan vaqtlari edi. Ngannu esa, Miochich bilan ajoyib jang olib bordi. Keyn Velaskesni nokautga uchratdi. Junior Dos Santos hamda Kurtis Bleydsni mag‘lubiyatga uchrata oldi. Shu jihatdan tajriba biroz Ngannu tarafida... Qolaversa, u UFC promoushenida 11 ta jang o‘tkazishga ulgurdi. Frantsiyalik jangchi faoliyatini boshlanish vaqtida Zumana Sissedan mag‘lubiyatni qabul qilib olgandi. UFC da esa, ikki bor muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Amaldagi chempion Stipe Miochich aqlli jang uslubi bilan unga imkoniyat qoldirmagan bo‘lsa, Derrik Lyuisga kutilmaganda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Qisqasi ikki afrikalik o‘rtasida dahshatli jangga guvoh bo‘lamiz. Bu to‘qnashuvda katta ehtimol bilan nokaut yoki texnik nokaut qayd etilsa kerak. Albatta, bu bizning shaxsiy fikrimiz! Ushbu qarama-qarshilik g‘olibi qanday imkoniyatlarni qo‘lga kiritishi mumkin? Albatta, chempionlik uchun da’vogarga aylanadi. Ya’ni Miochich va Korme o‘rtasidagi uchinchi jang g‘olibiga qarshi oktagonga ko‘tariladi.

ngannu

 Qolgan janglarda, jumladan Greg Xardi – Yorgan de Kastro hamda Niko Prays va Visente Lyuke juftligida Xardi va Prays g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, ular navbatdagi jangida top 5 talikdan o‘rin olganlar bilan oktagonga ko‘tarilish ehtimoli yuqori. Qolgan to‘qnashuvlar esa, shunchaki kardni to‘ldirish uchun desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Misol uchun, Serrone – Pettis, Verdum–Oleynik juftliklarini shunday maqomdagi bahslar deb aytishimiz mumkin. Shunday bo‘lsa-da, bu janglar ham ajoyib o‘tishiga ishonchimiz komil. Natijalar qanday bo‘lishini tez orada bilib olamiz. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Alibek Narmamatov
04/05/2020 03:33
Surinam Afrikada joylashmagan. Sal e'tiborliroq bölinglar.