“Siti” Husanov o‘ynagan pozitsiyaga qimmatbaho yulduzni oladi
“Manchester Siti” rahbariyati yozgi transferlar oynasi davrida “Nyukasl Yunayted”ning oʻng qanot himoyachisi Valentino Livramento transferini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Bu haqida Talksport nashri xabar bermoqda.
Nashr maʼlumotiga koʻra, “shaharliklar” 23 yoshli himoyachini bir necha oydan beri kuzatib kelmoqda va agar u jamoaga oʻtsa, Manchester klubida oʻng qanot himoyachisi pozitsiyasini uzoq muddatga mustahkamlab beradi, deb umid qilmoqda.
Taʼkidlash joizki, mavsum davomida “Manchester Siti” himoyasi oʻng qanotida bir necha futbolchi almashdi. Bu pozitsiyada Riko Lyuis, Mateush Nunyesh va Abduqodir Husanov oʻynadi.
Ular orasida bu pozitsiyada Mateush Nunyeshning oʻyini samaraliroq chiqdi va hozircha u asosiy oʻng qanot himoyachisi hisoblanadi. Aslida markaziy himoyachi hisoblangan oʻzbek futbolchisi ham qanotda ishonchli oʻynashi bilan ajralib turadi. Biroq yaqinda Abduqodir Husanovning oʻzi himoya markazida oʻynash koʻproq maʼqul kelishini aytgandi.
Shunday boʻlsa-da, bu uchala futbolchining asosiy ampluasi oʻng qanot himoyachisi emas.
“Nyukasl” mutasaddilari Valentino Livramentoga bir necha klublar, xususan, “Manchester Siti”dan jiddiy qiziqish boʻlayotgani biladi va futbolchi bilan amaldagi shartnomani uzaytirishga harakat qilmoqda.
Joriy mavsumda Livramento barcha musobaqalarda 19 ta oʻyinda qatnashib, himoyadagi vazifalarini uddalash bilan bir qatorda bitta golli uzatma amalga oshirdi.
Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2028 yilning yozigacha moʻljallangan. Transfermarkt portali maʼlumotiga koʻra, Livramentoning transfer bozoridagi qiymati 40 million yevroni tashkil qiladi.

Fikrlar