
So‘nggi daqiqalardagi gol qadri, Qosimov va Babayan dueli, to‘xtash haqida o‘ylamayotgan "Paxtakor" - Superligada tur sharhi
29-31 okyatbr kunlari Superligada 23-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Bellashuvlar ancha murosasizligi bilan ajralib turdi. Buni natijalar ham ko‘rsatdi.
Ana xolos! Bu tur andijonliklar “Navbahor” muxlislarini ortda qoldirishdi
“Metallurg” Navoiyda, “Bunyodkor” Andijonda, “Navbahor” esa o‘z uyida g‘alabani qo‘ldan chiqardi. “Paxtakor” va “So‘g‘diyona” raqiblar darvozasiga 3 tadan gol urishdi. “Qo‘qon-1912” Buxoroda 5 o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayotgan seriyasiga barham berdi.
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 23-tur ramziy terma jamoasi (Foto)
Quyida tur tafsilotlari bilan tanishing:
“So‘g‘diyona” sovrinli o‘rinlardan birini qo‘lga kiritish uchun astoydil harakat qilmoqda. Jizzaxliklar Ulug‘bek Baqoev qo‘l ostida tomomila boshqacha o‘yin ko‘rsatishmoqda.
Ayni paytda turnir jadvalida mavqeini mustahkamlab borayotgan “So‘g‘diyona” bu tur autsayder “Dinamo”ni qabul qildi va yirik g‘alabaga erishdi. Ammo uchrashuvning dastlabki bo‘limida samarqandliklar mezbonlarga munosib qarshilik ko‘rsatishdi. Tanaffusdan so‘ng esa mehmonlarning himoya qo‘rg‘oni jizzaxliklarning hujumlariga dosh berolmadi.
Dastlab Elyor Orifovning urinishlari evaziga Sanjar Rashidov darvozani ishg‘ol etib, hisobni ochdi.
Oradan 10 daqiqa o‘tib, maydon egalari oradagi farqni yana bittaga oshirishdi. Jasur Hasanov qanotdan uzatgan to‘pni Shohruz Norxonov bosh bilan to‘rga kiritdi.
Buni qarangki, uchinchi gol ham keyingi 10 daqiqalikda urildi. Tinib-tinchimas Jasur Hasanov burchakdan etkazib bergan to‘pni Sardor Qulmatov boshi bilan darvozaga yo‘llab, o‘yinga nuqta qo‘ydi.
“Dinamo” ketma-ket 11-mag‘lubiyatni qarshi olib so‘nggi pog‘onada qoldi.
Navoiyga tashrif buyurgan bekobodliklar ortlariga ochko bilan qaytishdi.
Birinchi bo‘limda jamoalar ehtiyotkor o‘yin namoyish etishdi. Kam sonli hujumlar uyushtirishdi. Shuning uchun dastlabki 45 daqiqalikda aytarli havfli vaziyat sodir etilmadi.
Tanaffusdan so‘ng mehmonlar muvaffaqiyatga erishishdi, ya’ni Andrey Shipilov shogirdlari tezkor gol urishdi.
Belgilangan penaltini jamoa etakchilaridan biri Stanislav Andreev aniq amalga oshirib, hisobni ochdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay mezbonlar ham penalti ishlashdi. 11 metrdan to‘pni navoiyliklar legioneri Lasha Totadze darvozaga joylab qo‘ydi.
Qolgan daqiqalarda futbolchilarning harakatidan samara chiqmadi.
Jamoalar ilk daqiqalardan hujumlarga otlanib, ochiq futbol namoyish etishdi.
28-daqiqada vaziyatga yaqin turgan bosh hakam buxoroliklar futbolchisi o‘z jarima maydonchasi ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, deb topib, penalti belgiladi. 11 metrdan to‘pni Murod Xolmuhammedov aniq amalga oshirdi.
Birinchi bo‘limning qolgan daqiqalarida jamoalar harchand o‘rinishmasin, tanaffusga qadar hisobni o‘zgartirish hech kimga nasib etmadi.
Ikkinchi taym ham hujumkor ruhda o‘tdi. Tomonlar navbati bilan hujumlar uyushtirishdi. Biroq harakatlar bellashuv oxiriga qadar samara bermadi.
Qo‘qonliklar qiyin o‘yinda muhim g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Vadim Abramov terma jamoadagi muvaffaqiyatlarini klubda davom ettira olmayapti. “Qaldirg‘ochlar” nima uchundir oxirgi paytlarda avvalgidek o‘yin namoyish etishmayapti. Balki bu Abramov aytganidek, futbolchilar uni terma jamoa murabbiyiga aylangani ta’sir qilayotgandir...
Andijonga safar uyushtirgan “Bunyodkor” katta kuch yo‘qotdi. Sababi mezbonlar poytaxtliklarga etarlicha qarshilik ko‘rsatishdi. Bellashuv shu darajada musosasiz o‘tdiki natijada jamoalar bahsga qo‘shib berilgan daqiqalarda gollar urishdi. Undan avval esa mehmonlar 81-daqiqada bir kishi kam bo‘lib qolishdi. Abdulla Abdullaev ikkinchi marta sariq kartochka olib, maydonni tark etdi.
Bu chetlatilish bir qarashda “qaldirg‘ochlar”ga ortiqcha muammo tug‘dirmagandek ko‘rindi. Chunki toshkentliklar 90+2-daqiqada Shohruh Gadoevning faolligi bilan to‘pni raqibdan olib qo‘yishdi va Nurillo To‘xtasinov darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib, gol urdi.
Endi g‘alabani nishonlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan “Bunyodkor” oradan ikki daqiqa o‘tib, gol qo‘yib yubordi. Natijada tayyor g‘alaba boy berildi.
Dastlabki daqiqalardan ustunlikni qo‘lga olgan "Paxtakor" bo‘lim o‘rtalarida ikki gol urdi.
12-daqiqada Jaloliddin Masharipov jarima zarbasini ijro etgach, Dragan Cheran ketma-ket urinishlardan so‘ng termizliklar darvozasini ishg‘ol qildi.
Keyin esa Sayfiev-Cheran-Sergeev ijrosidagi hujumda himoyachilardan to‘p uchun kurashda ustun kelgan Igor yaqin masofadan ikkinchi golni urdi.
Tanaffusdan keyin "Surxon" ham xavfli hujumlar uyushtirdi. 62-daqiqada Shavkat Salomov qanotdan uzatilgan to‘pni to‘rga yo‘lladi.
Biroq mezbonlar taym o‘rtalarida yana muvaffaqiyat qozonishdi. Cheranning pasidan keyin Sergeev erlatib zarba berib, Asilbek Amanovni dog‘da qoldirdi va dublini nishonladi.
Qiziqarli o‘tgan bellashuvning dastlabki bo‘limida mehmonlar faol o‘ynashdi va 36-daqiqada Jamshid Iskanderovning uzoqdan yo‘llagan kuchli zarbasi orqali hisobni ochishdi.
Ikkinchi taymda tashabbusni o‘z qo‘liga olgan olmaliqliklar hujumga e’tibor qaratishdi va qator vaziyatlar sodir etishdi.
Bahs tugashiga 9 daqiqa qolganda, Elguja Grigalashvili jarima maydonchasi atrofidan Ignatiy Nesterov qo‘riqlayotgan darvozaning yuqori burchagini aniq poylab, to‘pni to‘rga joylab qo‘ydi.
Shu tariqa Qosimov va Babayan duelida g‘olib nomi aniqlanmadi.
Sovrindorlar safidan joy olish uchun kurashayotgan mazkur jamoalar o‘rtasidagi bahs kutilganidek, keskin kurashlar ostida va murosasiz tarzda kechdi.
Ilk daqiqalardanoq hujumkor ruhda boshlangan o‘yinning birinchi bo‘limida mezbonlardan Muhammad Sultonov, Azim Ahmedov (2 marta), Azizbek Turg‘unboev (2 marta), mehmonlardan esa Sharof Muhitdinovning zarbalariga aniqlik etishmadi. Mehmonlardan Bobir Abdixoliqov va boshqalarda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Biroq...
Ikkinchi taymni ham shu yo‘sinda davom ettirgan Andrey Kanchelskis shogirdlari “Nasaf” darvozasi atrofida vaziyatlar sodir etishdi. Bu harakatlar 79-daqiqada samara berdi.
Rossiyalik hujumchi Aleksandr Kasyanning zarbasidan keyin, to‘pni darvozabon Abduvohid Ne’matov qaytardi. O‘sha vaziyatda hammadan abjirroq harakat qilgan Aziz Ibragimov darvozani ishg‘ol etdi.
Bellashuvga qo‘shib berilgan daqiqada qarshiliklar mag‘lubiyatdan qutilib qolishdi. “Nasaf” hujumchisi Bobir Abdixoliqov raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Fikrlar