
SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (5-son)
Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.
Eron o‘ziga kelmoqda. Forslar ilk turdagi yirik hisobdagi mag‘lubiyat tasodif ekanligini isbotlashga urinmoqda. Qit’adoshlarimiz bitta kam qolgan raqibi darvozasini 2 bor ishg‘ol qildi.
Qatar jahon chempionatidagi ilk golini urdi. Biroq bu jamoaning muvaffaqiyat qozonishiga kamlik qildi. Boz ustiga mezbonlar 2-turdayoq chempionatni tark etadigan birinchi jamoaga aylandi.
Niderlandiya Ekvador bilan durang o‘ynadi. Ammo Lui van Gal qo‘l ostida jamoa mag‘lubiyatsiz seriyani 17 o‘yinga etkazib oldi.
Angliya kutilmaganda AQSh bilan murosaga kelishga majbur bo‘ldi. Tur oldidan inglizlar favorit sanalayotgandi. Biroq ular buni amalda ko‘rsata olmadi.
Uels - Eron 0:2
Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati guruh bosqichida 2-tur o‘yinlariga start berildi. Dastlabki o‘yin Uels hamda Eron terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. 90 daqiqa gol urilmagan o‘yinning so‘nggi 10 daqiqasida forslar ikki to‘p kiritib, g‘alabani ilib ketdi.
Dastlab, 90+8-daqiqada Cheshmi uzoqdan kuchli zarba yo‘llab, osiyoliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. So‘ng oradan 3 daqiqa vaqt o‘tgach, Rizayyan farqni 2 taga oshirib qo‘ydi va bahsga yakuniy nuqtani qo‘ydi.
Evropaliklarning ushbu mag‘lubiyatga sabablardan biri sifatida jamoa darvozaboni Ueyn Xennesi qizil kartochka olgani bo‘ldi. Aynan shundan so‘ng forslar ustunlikni qo‘lga oldi.
Garet Beyl Uels terma jamoasida o‘zining 110-o‘yinida ishtirok etdi. Bu mamlakat termasi uchun mutlaq rekord hisoblanadi.
Cheshmining goli 97-daqiqa-yu 56-soniyada kiritildi. Bu jahon chempionatida g‘alaba keltiruvchi sifatida urilgan eng kech gol bo‘ldi.
Uels posboni Ueyn Xennessi mundialda qizil kartochka olib, maydondan chetlatilgan 3-darvozabonga aylandi.
Eron mazkur mundialda allaqachon 4 ta gol urdi. Bu degani terma avvalgi mundiallarga qaraganda 2 barobar ko‘proq to‘p kiritdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Eron ochkolari sonini 3 taga etkazib oldi va 2-o‘rindan joy oldi. Uels hisobida 1 ochko bor bo‘lib, terma so‘nggi pog‘onani band etgan.
Qatar - Senegal 1:3
Navbatdagi to‘qnashuvda mezbon Qatar Afrika chempioni Senegal bilan kuch sinashdi. Qiziqarli va gollarga boy o‘tgan o‘yinda mehmonlar 3:1 hisobida raqibdan ustun keldi.
Uchrashuvdagi ilk gol 41-daqiqada kiritildi. Mezbon mamlakat himoyachilarining ishonchsiz harakatlaridan so‘ng Dia kuchli zarbasi bilan hisobni ochishga erishdi. Oradan 7 daqiqa o‘tib, ikkinchi gol ham qatarliklar darvozasidan joy oldi. Burchakdan uzatib berilgan to‘pni Dedu boshi bilan darvozaga kiritib yubordi.
Shundan so‘ng, bahsda biroz sokinlik yuzaga keldi. Ammo 78-daqiqada qit’adoshlarimiz farqni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. Qanotdan oshirilgan to‘pni Muntari boshi bilan to‘rga kiritib, Qatarning o‘zi mezbonlik qilayotgan jahon chempionatidagi ilk goliga mualliflik qildi.
Ammo bu hali yakun emasdi. Qatar hisobni tenglashtirishga urinayotgan bir vaqtda senegalliklar qarshi hujumga o‘tdi. Ajoyib aldamchi harakatlardan so‘ng to‘p Dengga etkazildi va u ishonchli zarbasi bilan hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Faktlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Qatar dastlabki 2 uchrashuvda mag‘lub bo‘lgan mundiallar tarixidagi birinchi mezbon mamlakat bo‘ldi.
Senegal jahon chempionatlarida mezbon davlat jamoasini enggan Afrikaning birinchi jamoasiga aylandi.
Guruhdagi ikkinchi bellashuv (Niderlandiya - Ekvador 1:1)dan keyin osiyoliklarda guruhdan chiqish imkoni qolmadi. 2-turdan so‘ng Niderlandiya va Ekvador hisobida bir xil 4 tadan ochko bor. Senegal 3 ochko jamg‘argan. Qatar so‘nggi turda niderlandlarni mag‘lub etsa ham ochkolari sonini 4 taga etkaza olmaydi. Guruhdan faqat ikki jamoa chiqadi, xolos.
Shu tariqa, mezbonlar oxirgi turni rasmiyatchilik va muxlislar hurmati uchun o‘tkazib qo‘yishadi. Senegal esa Ekvador bilan jiddiy jangga kirishadi.
Niderlandiya - Ekvador 1:1
2-turdan o‘rin olgan Niderlandiya - Ekvador bahsi bo‘lib o‘tdi. Mazkur bellashuvda jamoalar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi.
Dastlab, 6-daqiqada Kodi Gakpo hisobni ochdi. Jarima maydoniga kirish qismida Kodi darvozani ishg‘ol qildi va 23 yoshli futbolchi mundialdagi ikkinchi golini urdi.
49-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Ennar Valensiya muvozanatni tikladi. Ushbu futbolchi ikkinchi turda ham jamoasiga muhim ochkoni taqdim etadigan gol muallifiga aylandi. Faqatgina Valensiya o‘yinni oxirigacha yakunlab qo‘ya olmadi. Chunki ilk turda olgan jarohati bezovta qilgani bois almashtirildi.
Niderlandiya terma jamoasi Lui van Gal qo‘l ostida mag‘lubiyatsiz seriyani 17 o‘yinga etkazdi. Ushbu mutaxassis 2021 yilning avgustida terma jamoa bosh murabbiyligini qabul qilib olgandi. O‘shandan buyon niderlandiyaliklar 12 g‘alaba va 5 durang qayd etishdi.
Ayni vaqtda Niderlandiya va Ekvador "A" guruhida 4 ochkodan to‘plagan holda, peshqadamlikni qo‘lga olgan.
Angliya - AQSh 0:0
JCh-2022 2-turidan o‘rin olgan Angliya - AQSh bahsida jamoalar darvozalarga yo‘l topa olmadi. Vaholanki, ilk turdagi bellashuvdan so‘ng inglizlar bu turda favorit sanalayotgandi.
Bellashuv davomida jamoalar bir qator xavfli hujumlar uyushtirdi. Ayniqsa, angliyaliklar bahs yakuniga yaqin keskin hujumlar sonini ko‘paytirdi. Ammo bu evropaliklarga naf keltirmadi. Bu ushbu mundialda 0:0 hisobida yakunlangan 5-o‘yin bo‘ldi. Avvalroq Daniya - Tunis, Meksika - Polsha, Marokash - Xorvatiya, Urugvay - Janubiy Koreya uchrashuvida hisob ochilmagandi.
XXI asrda guruh bosqichida eng ko‘p 0:0 hisobi 2010 yilgi JChdagi 6 o‘yinda kuzatilgandi. 2006 va 2014 yilda 5 ta, 2002 yilda 2 ta, 2018 yilda esa bitta o‘yin 0:0 hisobida yakunlangandi.
Angliya ochkolari sonini 4 taga etkazib olgan holda, "B" guruhida peshqadam bo‘lib turibdi. AQSh hisobida hozircha 2 ochko mavjud va ular Erondan keyingi 3-o‘rinni band etgan.
Dunyoga mashhur "Goal" nashri jahon chempionati g‘olibligiga da’vogar jamoalarning kuchli yigirmaligini tuzib chiqdi.
Unda termalarning 1-turdagi o‘yini tahlil qilingan va reyting shunga asoslangan. Angliya termasi "Goal" talqini bo‘yicha JCh favoritlari qatorida 6-pog‘onadan 4-o‘ringa ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.
Fikrlar