
Super yulduzdan piyonistagacha! O‘z «iblisi» bilan uzoq kurashgan Adriano hikoyasi!
Adriano oyog‘iga bolta urganlardan biri sanaladi, ammo u o‘z hayotini izga solish uchun harakatni boshlab yubordi. Xo‘sh, yangi asr boshida sayyoramizning eng kuchli hujumchisi, deb e’tirof etilgan Adriano hozir qaerda va nimalar bilan band?
Adriano Leyte Ribero 17 yoshidayoq ko‘plab grandlarning «oromini o‘g‘riladi». Yoshlar o‘rtasidagi JCh g‘olibiga aylangan futbolchi uchun kurashda «Inter» g‘olib chiqdi. «Ko‘k-qora»lar braziliyalik tineyjer uchun 1999 yilda 13 million evrodan voz kechdi. Nima uchundir Adriano «Inter»da bir urinishda asosiy tarkibga suqilib kirgani yo‘q. Uni avvaliga «Fiorentina»ga ijaraga berib yuborishgan bo‘lsa, keyinroq «Parma»ga transfer qilindi. «A seriya»dagi o‘yinlari bilan muxlislar orasida «imperator», deb nom olgan yigit 2004 yilda «Inter»ga qaytdi. «Neradzurilar» bu safar hujumchi uchun 23 million evrodan voz kechdi. Ikkinchi bor grand klubga qaytgach, Adriano o‘zining eng kuchli sport formasiga kirib oldi.
Aynan «Inter»ga o‘tgan yili uning faoliyatida ulkan burilish yuz berdi. U terma jamoa bilan «Kopa Amerika»da zafar quchdi, biroq hayotidagi eng katta judolikka uchradi. «Imperator» musobaqa to‘purariga aylandi va jamoasi bilan oltin medallarga ega chiqdi. Shunga qaramay, hujumchining xayoli shifoxonada yotgan otasi haqida edi. U final o‘yinidan 6 kun o‘tib, otasidan ayrilganidan xabar topdi. Bu kuchli ruhiy zarba bo‘ldi.
22 yoshli yigitcha 45 yoshida olamdan o‘tgan dadasini og‘ir kunlarida yonida bo‘la olmadi. Avvaliga terma jamoa, keyin klubdagi vazifalari sababli, otasini so‘nggi yo‘lga kuzatib qo‘ygani yo‘q. Uning o‘sha davrdagi og‘ir ahvoli haqida Xaver Zanetti quyidagicha xotirlaydi.
«Adriano biz bilan mehmonxonada o‘tirgan edi. Bir payt unga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. U kim bilandir so‘zlashdi va baqirib yig‘lab yubordi. Darrov uni ovutdik. U erga yotib olib yosh boladek yig‘lar, hech kim tinchlantira olmay qoldi. O‘sha kuni Ivan Kordoba u bilan birga uxladi. Ertasi kuni barchamiz ko‘nglini ko‘tarishga urindik. Afsuski, u chuqur tushkunlikka tushib qoldi. Uni hech narsani bu darddan forig‘ qilgani yo‘q.»
«Yangi Ronaldo» bo‘lishi taxmin qilingan yigit yana futbolga qaytdi, lekin sira o‘ziga o‘xshamay qolgan edi. Klub ruhshunoslar yolladi, jamoadoshlar qo‘llab-quvvatladi, biroq Adriano depressiyadan chiqib keta olmadi. U faqat alkogol ichimliklar bilangina dardlarini biroz engil tortayotganini his etdi. Shu tariqa, ichkilikka ruju qo‘ydi.
«Men og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazganim bois, faqat ichlik ta’sirida o‘zimni baxtli his qila boshladim. Natijada, qo‘limga tushgan barcha ichkilik bilan o‘zimni ovutdim. Tunlari barlardan bo‘lib, uxlamasdan klub mashg‘ulotlariga etib kelar edim. Yigitlar meni bazaning bir burchagiga berkitib qo‘yishar, o‘sha erda uxlab olar edim. Jurnalistlardan savollar kelsa, menda jarohat borligini bahona qila boshlashdi.»
Qora kunlarning boshlanishi…
«Inter» Adrianodagi iqtidorni saqlab qolish maqsadida qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi, ammo hech biri naf bergani yo‘q. 2009 yilda jamoa braziliyalik forvard bilan o‘rtadagi shartnomani bekor qildi. Evropaning birorta klubidan taklif tushmagach, Ribero vataniga yo‘l oldi.
«Flamengo» uni quchoq ochib kutib oldi. «Imperator» vatanida bir mavsum davomida ishonchli harakat qildi. 31 o‘yin 19 gol. Keyin «Roma» unga ikkinchi imkoniyat taqdim etish uchun Rimga chorladi. Afsuski, Evropaga Leyte 10 kg ortiqcha vazn bilan keldi. Keyinroq «Korintians», «Flamengo», «Atletiko Paranaense» jamoalarida ham omadsizlikka uchradi.
2016 yilda qahramonimiz Amerikaning 4-divizioni vakili – «Mayami Yunayted»ning o‘ynovchi egasiga aylandi. AQShdagi yorqin hayot sababli, futbol umuman ikkinchi planga tushib qoldi. Uchrashuvlarning birida mast holda maydonga tushgan Ribero oyog‘idan jarohat oldi va butsalarini mixga ilib yubordi. Shu tariqa, uning futboldan ketganini hech kim sezmay qoldi.
Rioga qaytgach, u o‘z hayot tarzini o‘zgartirgani yo‘q. Turli xil qizlar, tungi bazmlar va alkogol. Shu tariqa, 6 oy davomida bir necha yuz ming evroni sarflagan sobiq futbolchi juda murakkab ahvolga tushib qoldi. Pullari tugagach, poytaxtdagi xaroba uylardan biriga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi.
«Komando Vermelxo» uyishgan jinoiy guruhi tomonidan nazoratga olingan tumanda futbolchi tezda taniqli bo‘lib ketdi. Banda etakchilari u bilan futbol haqida so‘zlashar, turli-tuman sovg‘alar ulashar edi. Tez orada, Adriano ham ulardan biriga aylanib ketdi. «Instagram» sahifasida jinoyatchilar bilan qurol ko‘tarib tushgan suratlari paydo bo‘la boshladi. Mahalliy politsiya esa, sobiq futbolchiga tegishli avtomashinada narkotik modda sotuvchi kurerlardan birini qo‘lga tushirdi. Sud jarayoni uzoq davom etgan bo‘lsa-da, dalillar kamligi uchun Adriano «suvdan quruq» chiqdi.
Voqealar omma yuzini ko‘rgach, Ribero darrov o‘zini qo‘lga oldi. Uning irodasiga qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q. Qandaydir 6 oy ichida qahramonimiz o‘z ijtimoiy tarmoqlardagi suratlarini tartib keltirdi. Narkotik biznesiga aloqador shaharchani tark etdi. «ADIDAS» kompaniyasining Braziliyadagi yuziga aylandi. Oilasi va bolalari bilan aloqalarni tikladi.
Undagi ijobiy o‘zgartishlar sababli, xalq e’tibor markaziga tushdi. Qahramonimiz hozirda turli xayriya fondlari va tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. E’tiborlisi shundaki, undagi o‘zgarishlar ko‘plab mutaxassislar e’tiboriga tushdi. Ichkilikka qarshi kurash keng olib borilayotgan Braziliya xalqi uchun Adriano 21 asr qahramoniga aylandi. U televizion shoularda tez-tez mehmon bo‘lishni boshladi. So‘nggi yillarda janjalkash, piyonista va omadsiz yigit qisqa fursat ichida millionlar uchun o‘rnakka aylandi.
Yaqinda Adriano Rioning markazidagi uyini 1,2 million funt evaziga sotib yubordi. Keyin oilasi bilan 5 yulduzli mehmonxonalardan biriga joylashdi. Uning bu qarorini hamma har xil tushundi. Qiziquvchan «International Football» nashri jurnalistlari o‘tkazgan surishtiruv ishlaridan so‘ng, barchasi ma’lum bo‘ldi. Qahramonimiz o‘z hayot tarzini to‘liq o‘zgartirish maqsadida, Braziliya poytaxtidagi uyini 2 barobar arzon narxga sotib yuborgan. Hozirda u o‘zi uchun kichik hajmdagi shahar tashqarisidan uy izlamoqda. Leyte Ribero eski do‘stlaridan qutilish uchun shunday yo‘l tutishga qaro qilgan ekan.
Tan olish lozim, Adriano izdan chiqqan hayotini ijobiy tomonga burib yubora oldi. To‘g‘ri, u super yulduz bo‘la olmadi, biroq hayotdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ymadi.
Fikrlar