
Superliga. “Mash’al” — “Turon” o‘yini Yaypan shahriga ko‘chirildi
Shu yilning 14 may kuni O‘FA majlislar zalida assotsiatsiya rahbariyati hamda futbol klublari vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan bo‘lib, unda Superliganing to‘rt klubi iyun oyidagi FIFA kunlari yakuniga qadar stadion projektori masalasida konkret taklif berishi, belgilangan muddatga qadar projektor masalasi hal etilmasa, ular ishtirokidagi uy uchrashuvlari yoz oyida neytral maydonlarga ko‘chishi borasida ogohlantirilgandi.
Superliganing 11-turidan o‘rin olgan “Mash’al” — “Turon” o‘yiniga qadar Muborakdagi stadion projektorlarini talab darajasiga keltirishning imkoni bo‘lmaydi. Buni anglagan holda “Mash’al” futbol klubi "Turon” bilan kelishib, 11-turni Yaypan shahrida o‘tkazish masalasini hal qildi. Bu haqda O‘zPFL rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Sir emaski, “Turon” Superliga debyutanti bo‘lishiga qaramay, OFK tomonidan qo‘yilgan projektorlar bo‘yicha talabni shu yilning may oyiga qadar bajarib ulgurgandi.
Musobaqaning II davrasida “Turon” futbolchilari Muborakka safar etadi. 25 iyun — juma kuni bo‘lib o‘tadigan dastlabki to‘qnashuv esa 20:00 da start oladi.
Fikrlar