
"Surxon" muxlislari o‘tgan yili Baxtiyor Ashurmatovni qabul qilishmagandi, bu yili esa qo‘qonlik ayrim muxlislar uni tanqid qilmoqda. Murabbiy bugungi g‘alaba ularga javob ekanini aytdi
Coca Cola Superligasining 19-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng, mehmonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov o‘z fikrlarini bayon etdi. Bu haqda "Qo‘qon-1912" klubi matbuot xizmati xabar berdi.
- Bugungi juda muhim g‘alaba bilan futbolchilarimni, jamoamiz rahbariyatini hamda qadrli muxlislarimizni tabriklayman. O‘yinning ahamiyati juda yuqori edi. Agar bugun ochko yo‘qotganimizda raqobatchilarimizdan orqada qolib ketishimiz mumkin edi. Endi esa yuqori o‘rinlar uchun kurashda imkoniyatni saqlab qoldik. Biz oxirigacha sovrinli o‘rinlar uchun kurashamiz.
O‘yinlarimiz taqvimi juda tig‘iz va qiyin. Keyingi tur yana safarda “Mash’al” jamoasi bilan o‘ynaymiz. Undan keyin esa bizni AGMK va “Nasaf” bilan bo‘ladigan murakkab bellashuvlar kutmoqda.
Uchrashuvda hujumchimiz Norbekov qizil kartochka, himoyachimiz Oybek Rustamov esa, sariq kartochka olgani, keyingi turda bu ikkala futbolchimizni ishtirok etmasligidan darak beradi. Sababi Rustamovning sariqlari soni to‘rttaga etdi. Bu, albatta, jiddiy yo‘qotish bo‘ladi. Jamoamiz sardori Murod Xolmuhammedov esa, keyingi turda safimizga qo‘shiladi. O‘ylaymanki, qolgan yigitlar yo‘qotishlar o‘rnini bilintirmaydilar.
Bugun meni xursand qilgan narsa futbolchilarimizning ko‘zlarida o‘t yondi. Ular bugun murabbiylar shtabi kutgan o‘yinni namoyish qilib berishdi. Maydonda bir kishi kam bo‘lib qolganimizga qaramasdan, futbolchilarimiz oxirigacha jon-jahdlari bilan kurashishdi. Mana shu shijoatni yo‘qotmasak, kelgusi o‘yinlarda ham ijobiy natijalarga umid qilsak bo‘ladi.
Bugungi o‘yindagi jamoa, biz murabbiylar shtabi butun mavsum davomida ko‘rishni xoxlagan jamoa bo‘ldi. Bugun o‘ziga ishongan, ko‘zlarida olov chaqnagan, maydonning har bir qarichi uchun kurashgan, agressiv o‘yin ko‘rsatgan, g‘alaba uchun jonini berib o‘ynagan, eng muhimi maydonda ahil va inoq oila bo‘la olgan jamoani ko‘rdik. Ayniqsa, Raevats uchun xursandman. Ishonchimizni oqladi. Jamoa va o‘zi uchun juda muxim bo‘lgan golni kiritdi. Bugungi g‘alaba yana bir tomondan ahamiyatli ediki, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi muxlislarimiz jamoamiz haqida yoqimsiz fikrlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishayotgan edi. O‘ylaymanki, futbolchilarimiz o‘z o‘yinlari bilan o‘shanday insonlarni ham fikrlarini o‘zgartira oldilar.
“Surxon” jamoasi shunday kuchli tarkib bilan autsayderlar qatorida bo‘lishi kutilmagan holat, deb o‘ylayman. O‘z safida Shavkat Salomov, Kasyan, A’zam Aliev, Husniddin G‘ofurov, Darko Stanoevich kabi futbolchilari bor jamoa kelgusi o‘yinlarda ijobiy natija qayd etib, murakkab vaziyatdan chiqib ketishiga ishonaman.
O‘yinning yana bir printsipial ahamiyati - men o‘tgan yili qisqa muddat “Surxon”da faoliyat olib borganman. Bu vaqt davomida jamoa muxlislari meni murabbiylik faoliyatimga aniq baho bera olmagan bo‘lishlari mumkin. Men faqat “Nasaf” bilan uyda va safardagi o‘yinlarda jamoani boshqargan edim. Shu sababli ham, bugungi g‘alaba meni ikki karra xursand qildi. “Surxon” muxlislariga sog‘lik, tinchlik tilayman. Keyingi o‘yinlarda suyukli jamoalariga omad yor bo‘lsin, - dedi Baxtiyor Ashurmatov.
Fikrlar