Talabga javob bermadi! “Barsa” zo‘rg‘a olgan o‘yinchisidan voz kechdi
“Barselona” bir yil muqaddam “Leyptsig”dan katta umidlar bilan Dani Olmoni transfer qilgandi. Aslida Kataloniya superklubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan ispaniyalik yarim himoyachi sobiq jamoasi taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi.
Biroq bu transfer kutilgan samarani bermadi. Dani Olmo Kataloniyaga kelganidan keyin ko‘p jarohat ola boshladi va bu unga o‘z iqtidorini to‘liq namoyish qilish imkonini bermadi. Bundan tashqari, uning pozitsiyada o‘ynaydigan Fermin Lopes keyingi bir yilda juda katta o‘sishga erishda va asosiy tarkibning muqim o‘yinchisiga aylanib bormoqda.
Xans-Diter Flik hujumkor futbolchilar talab etiladigan qolgan pozitsiyalarda jamoa etakchisi nomini olgan Rafinya va “Manchester Yunayted”dan transfer qilingan Markus Reshfordga ko‘proq ishonch bildirishini ko‘rsatdi.
Vaziyatdan kelib chiqib, “Barselona” Dani Olmoni sotib yuborishni rejalashtiryapti. Kataloniyaliklarni 60 million evro atrofidagi mablag‘ to‘liq qoniqtiradi.
Ispaniyalik pleymeykerga Angliya Premer-ligasi va Saudiya Arabistoni Professional ligasi klublaridan qiziqish borligi aytilyapti.



Fikrlar