
Temirov "Atletiko" darvozasiga gol urishini kutganmidi? Bahsdan so‘ng qaysi o‘yinchining futbolkasini oldi? Legionerimiz bilan suhbat
Gonkongning “Kitchi” klubi sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Sherzod Temirovning u erdagi faoliyati yaxshi davom etyapti.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, kuni kecha “Kitchi” jamoasi o‘z maydonida Ispaniyaning nomdor klubi – Madridning “Atletiko”siga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi.
Garchi bellashuvda “Kitchi” 1:6 hisobida yutqazgan bo‘lsa-da, biz uchun e’tiborlisi, yagona golni hamyurtimiz Sherzod Temirov kiritdi. Hujumchimiz taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Atletiko”ga qarshi o‘rtoqlik o‘yini qanday o‘tdi? Natija chindan o‘yinga mosmidi?
- Bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. O‘yin ancha qiziqarli bo‘ldi. Lekin natija biz uchun yaxshi bo‘lmadi. Asosiysi, o‘zimizning taktik ishlanmalarimizni sinab ko‘rdik va o‘zimizga kerakli muhim detallarni bilib oldik. Bunday uchrashuvlar doim juda qiziq o‘tadi. Mana shunday top klublarga qarshi to‘p surish bizga tajriba beradi.
- Siz “Atletiko” darvozasiga gol urdingiz. O‘sha vaziyatda nimalarni his qildingiz? Buni kutganmidingiz?
- To‘g‘risini aytsam, kutmagandim. Lekin niyatim bor edi. Kutgan narsalaringiz kutilmaganda kelarkan. Ko‘nglimdan birinchi navbatda ota-onam va oila-a’zolarimning o‘yindan oldin aytgan motivatsiyalari keldi. O‘sha vaziyatda juda quvonib ketdim.
- O‘yindan keyin “Atletiko”ni qaysi futbolchisi bilan futbolka almashdingiz?
- Feliksni formasini oldim va u bilan do‘stona xayrlashdik.
- Siz bu o‘yinda “Atletiko”dan o‘zingiz uchun nima o‘rgandingiz?
- Bu jamoadan o‘rganadigan jihatlarimiz juda ko‘p. Ularning asosan kuchli tarafi tezkor hujum qilib, hujumlarini ijobiy yakunlashi yoqdi. Asosan o‘zimni chizig‘imda to‘p suradigan o‘yinchilarni ko‘proq kuzataman. Solo va Feliksning harakatlari menga juda yoqdi.
- Bu sizga qarshi o‘ynagan eng nomdor jamoa, shundaymi? Oldinlari yana qaysi taniqli klub yoki futbolchilarga qarshi o‘ynagansiz?
- Ha, to‘g‘ri, bu nomdor klubga qarshi o‘yin edi. Ilgari “Zenit”, “Spartak” kabi klublarga qarshi o‘ynaganman. O‘ylashimcha, grand jamoalarga qarshi o‘yinlarimiz oldinda, Xudo xohlasa.
- Yangi mavsumga tayyorgarlik qanday olib borildi? Asosiy maqsadingiz nima?
- Birinchi tibbiy ko‘rikdan keyin ikki haftalik yig‘in o‘zimizda bo‘ldi. 1 ta o‘yin o‘tkazib, Tailandga ikki haftalik o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jo‘nab ketdik. U erda 3 ta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdik va yaxshi tayyorgarlik ko‘rib qaytdik. Yangi mavsumga yuqori vazifa qo‘yilgan. Buning uchun har bir uchrashuvda borimizni beramiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar