Tennisda katta mojaro – Jokovich jim turmadi: Birlashmasak, oqibati og‘ir bo‘ladi!

  • 23.05.2026 13:49
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Tennis
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

2026 yildagi Frantsiya ochiq chempionati mukofot pullari bo‘yicha tennischilar va turnir tashkilotchilari o‘rtasidagi bahslar fonida start oldi. Shu munosabat bilan serbiyalik tennischi Novak Jokovich o‘z pozitsiyasini ma’lum qildi.

Rekord darajadagi 25-turnir “Katta dubulğa” chempionligi uchun kurashayotgan Jokovich yakshanba kuni frantsiyalik Jovanni Mpetshi Perrikarga qarshi maydonga chiqishidan oldin matbuot anjumanida mazkur norozilik harakatida ishtirok etmayotganini ta’kidladi.

So‘nggi kunlarda “Rolan Garros”da tennischilar o‘ziga xos media boykotni boshladi. Ular matbuot anjumanlarini 15 daqiqa bilan cheklab, qo‘shimcha intervyular berishdan bosh tortmoqda.

Bu raqam tasodifiy emas. Ayni paytda Frantsiya ochiq chempionati daromadining taxminan 15 foizigina mukofot jamg‘armasi sifatida tennischilarga ajratiladi.

Turnir tashkilotchilari 2026 yil uchun mukofot jamg‘armasini 9,5 foizga oshirib, 61,7 million yevroga yetkazgan bo‘lsa-da, o‘tgan yili musobaqaning umumiy daromadi 395 million yevroga chiqqan. Shunga qaramay, tennischilarga ajratilgan ulush atigi 14,3 foizni tashkil qilgan.

Shu sababli sportchilar “Katta dubulğa” turnirlari 2030 yilgacha mukofot jamg‘armasiga umumiy daromadning 22 foizini ajratishini talab qilmoqda. Shuningdek, ular pensiya, tibbiy sug‘urta va onalik dasturlariga ajratiladigan mablag‘larni ham oshirishni so‘ramoqda.

Mazkur harakatni dunyoning birinchi raketkalari — Arina Sobolenko va Yannik Sinner, shuningdek Koko Goff, Iga Shvyontek, Teylor Frits va Andrey Rublëv kabi tennischilar qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ko‘pchilik Jokovich ham ushbu tashabbus tashkilotchilaridan biri deb hisoblagan edi. Biroq serbiyalik tennischi bunday emasligini aytdi.

- Men bu jarayonning bir qismi bo‘lmaganman. Muzokaralar, rejalashtirish yoki qaror qabul qilish jarayonida qatnashmadim. Shuning uchun bu haqida aniq fikr bildirishim qiyin, -  dedi Jokovich.

Shunga qaramay, u reytingda yuqori o‘rinlarda bo‘lmagan tennischilarning moliyaviy ahvoli haqida qayg‘urishda davom etishini ta’kidladi.

- Erkaklar va ayollar o‘rtasida past reytingda turgan ko‘plab tennischilar ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Bu sport orqali haqiqatan ham tirikchilik qilayotganlar soni qanchalik kam ekanini unutib qo‘yamiz. Men bu haqida gapirishdan hech qachon to‘xtamayman, chunki bu professional tennisning eng muhim masalalaridan biri, - dedi u.

Jokovichning fikricha, sportdagi bo‘linish vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin.

U misol sifatida PGA Tour va LIV Golf o‘rtasidagi ko‘p yillik ziddiyatni keltirdi.

- Tennisning tuzilishi va boshqaruv tizimi allaqachon yetarlicha murakkab. Yanada bo‘linish shaxsan menga og‘ir ta’sir qilmoqda. Golfdagi vaziyatdan saboq olishimiz kerak. Sportimiz uchun yaxshiroq tuzilma va yaxshiroq kelajak topish maqsadida birlashishimiz lozim, - dedi serbiyalik yulduz.

Jokovich barcha tomonlar yaqin vaqt ichida o‘zaro kelishuvga erishishiga umid bildirgan holda e’tiborini yana kortdagi o‘yinlarga qaratishini ma’lum qildi.

Yakshanba kuni u “Rolan Garros”ning markaziy korti – “Filipp Shatrye” arenasida mahalliy vaqt bilan soat 20:15 da o‘zining turnirdagi ilk uchrashuvini o‘tkazadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!