
Timur Kapadze legionerlarning tarkibga qo‘shilishi, Osiyo kubogi favoritlari, o‘rtoqlik o‘yiniga raqib topilmagani haqida gapirdi (matbuot anjumani)
Bugun O‘FA rahbariyati hamda Olimpiya terma jamoamiz bosh murabbiyi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov va termamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze so‘zga chiqib, jurnalistlarning savollariga javob berib o‘tishdi.
Timur Kapadze:
- Assalomu alaykum! Oldinda bizni o‘ta muhim musobaqa kutib turibdi. Yorug‘ yuz bilan turnirni yakunlaymiz, inshaalloh. Maqsadga erishish yo‘lida bizda hamma narsa etarli. Salohiyatimiz ham, tarkibimizdagi futbolchilar darajasi ham biz uchun ajoyib darajada.
Legionerlar bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam, agentlar oldinroq klubdagilarga aytib qo‘yishganida balki, transfer amalga oshmasdi. Ammo Janubiy Koreyada barcha legionerlar chaqirib olingan va ular to‘liq tarkib bilan mashg‘ulotlar olib borishmoqda.
Hatto milliy terma jamoamizda legionerlar eng muhim ahamiyatga ega ekani Osiyo kubogida sezilib qoldi. Shomurodovning jarohati hujumdagi sermahsulligimizga etarlicha ta’sir o‘tkazdi.
Qatarga borib, u erning ob-havosi va atmosferasi bilan tanishib kelishni maqsad qilgandik. Kutilmaganda, 1-2 kun yomg‘ir yog‘di. Buni mahalliy mutaxassislar ham kutmaganini aytib o‘tishdi.
Mezbon yurt vakillarining turnirga katta kuch bilan tayyorgarlik ko‘rayotganiga guvoh bo‘ldik. O‘ylashimcha, mazkur terma ham har qanday raqibiga munosib qarshilik ko‘rsata oladi.
Xitoy bilan oldinda o‘rtoqlik o‘yini bor. Bu guruhdagi raqiblarimizdan kelib chiqib tanlandi. Oldinroq boshqa termalar bilan o‘yin o‘tkazish reja qilingandi. Ammo raqib topilmadi.
Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliyani g‘oliblikka asosiy da’vogarlar qatorida e’tirof etishim mumkin. Biroq boshqa jamoalar ham syurpriz qilib berishi mumkin. Eng kuchlilar sifatida baribir yuqoridagi uch terma katta tosh bosib ketadi.
Hammasi biz o‘ylagandek davom etsa, Olimpiadaga milliy terma jamoadan ham futbolchi jalb qilishimiz mumkin. Bu ham hozirda rejaga kiritilgan. Ammo aynan qaysi futbolchi taklif etilishi aniq emas.
Hozirda bor e’tiborimiz Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga qaratilgan. Qolganlari ikkkinchi o‘rindagi masala hisoblanadi.
Fikrlar