
Tokio-2020. Sportchilarimizning bugungi chiqishlari yakunlandi
Assalomu alaykum, muhtaram sport ixlosmandlari! Tokio shahri mezbonlik qilayotgan Olimpiya o‘yinlarining eng so‘nggi yangiliklarini e’tiboringizga havola etishda davom etamiz. Bugun, 4 avgust kuni 6 nafar yurtdoshimiz o‘z yurishini boshlaydi. Kun davomida ularning natijalarini onlayn yoritib boramiz! Yangiliklarni SPORTS.uz sayti orqali kuzatib boring!
18:02. Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari doirasida ayollar o‘rtasidagi ko‘p kurash bahslarining bugungi dasturlari yakunlandi. Unda 4 dasturda bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Ekaterina Voronina 100 metrga to‘siqlar osha yugurish va 200 metrga yugurish dasturlarida o‘z shaxsiy rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Quyida Voroninaning bugungi dasturlarda qayd etgan natijasi va to‘plagan ochkolari bilan tanishtiramiz:
100 metr, to‘siqlar osha: 14.19 soniya (952 ochko);
Balandlikka sakrash: 1.77 metr (941 ochko);
Yadro uloqtirish: 13.76 metr (778 ochko)
200 metr: 24.67 soniya (917 ochko);
Jami: 3588
Hozirda Voronina 3588 ochko bilan 20-o‘rinda turibdi.
15:25. Kurash. 2 nafar kurashchimizda bronza medali uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ya’ni, G‘ulomjon Abdullaev (-57 kg) va Javrail Shapiev (-86 kg)ning raqiblari finalga yo‘l oldi. Bu degani vakillarimiz bronza medali uchun o‘tish bahsida ishtirok etadi. Ertaga bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan bellashuvda Abdullaevga Tomas Gilman raqiblik qilsa, Shapiev Stefan Reyxmusga qarshi gilamga chiqadi.
11:20. Bahodir Jalolov finaldaaaaaaa! Raqibi jarohat sababli jangni davom ettira olmadi. Yashavor Bahodir!
11:17. Ikkinchi raundda Jalolov nokdaunga tushib qoldi. Barchasini uchinchi raund hal qiladi. Olg‘a Bahodir!
11:14. Bahodir Jalolov birinchi raundni o‘z foydasiga hal etdi, 5:0.
10:57. Boks: +91 kg vaznda Bahodir Jalolov ishtirokidagi jang boshlanmoqda. Jalolovga yarim finalda britaniyalik Klark Freyzer raqiblik qiladi.
9:32. Vakilimiz rossiyalik raqibigi imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bir necha soniya qolganida rossiyalik polvon hisobni tenglashtirib, so‘nggi ballni qo‘lga kiritgani evaziga g‘alabani ilib ketdi. Endi Uguev finalga borgan taqdirda Abdullaev bronza medali uchun kurashadi.
9:24. Dastlabki 3 daqiqalikdan so‘ng hisob 2:2. Bo‘shashma G‘ulomjon!
9:20. Birozdan so‘ng G‘ulomjon Abdullaev gilamga chiqib keladi. Chorak finalda vakilimizga rossiyalik Zavur Uguev raqiblik qiladi.
8:40. Kanoechilarimiz: Dilnoza Rahmatova ham chorak finalda to‘xtadi. Vakilamiz marraga uchinchi bo‘lib kirib keldi. Reglamentga ko‘ra, chorak finalda o‘z guruhlaridan eng yaxshi natija qayd etgan ikki nafardan sportchi keyingi davrada ishtirok etadi.
8:35. Kanoechilarimiz: Nilufar Zokirova chorak finalda 6-o‘rinni egalladi va yakkalik bahslarida o‘z ishtirokini yakunladi.
8:30. Erkin kurash: -57 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan G‘ulomjon Abdullaev ilk g‘alabasiga erishdi. Vakilimiz dastlabki davrada xitoylik polvon Liu Minghuni mag‘lub etdi va chorak finalga yo‘l oldi.
7:34. Erkin kurash: Javrail Shapiev eronlik eronlik Hasan Yazdaniga qarshi gilamga chiqdi va mag‘lub bo‘ldi. Endi eronlik kurashchi finalga etib borgan taqdirda Shapiev bronza medali uchun kurashish imkonini saqlab qoladi.
6:34. Kanoechilarimiz: Dilnoza Rahmatova ham 200 metrga kechgan saralash bosqichidagi birinchi startini yakunladi. Vakilamiz 47.716 soniya natija bilan o‘z guruhida 5-o‘rinni qayd etdi. Rahmatova ham shu tariqa chorak finalga yo‘l oldi.
6:18. Kanoechilarimiz: Nilufar Zokirova 200 metrga kechgan saralash bosqichidagi birinchi startini yakunladi. Hamyurtimiz 49.686 soniya natija bilan o‘z guruhida 6-natija qayd etdi. Endi u yarim final uchun kurashni davom ettiradi.
6:10. Engil atletika: Avvaliga sportchilar 100 metrga to‘siqlar osha yugurish bahsida qatnashishdi. Birinchi guruhda ishtirok etgan Voronina 14.19 soniya natija qayd etib, o‘z hisobiga 952 ochko yozib qo‘ymoqda.
6:09. Kanoeda eshkak eshish: Vakillarimiz Nilufar Zokirova Dilnoza Rahmatova o‘z yurishini boshlamoqda.
5:50. Engil atletika: Ekaterina Voronina o‘z ishtirokini boshladi.
4 avgust kuni Olimpiadada qatnashadigan o‘zbekistonlik sportchilar:
5:35 - Engil atletika: Ekaterina Voronina (ko‘pkurash)
6:05 - Kanoeda eshkak eshish: Nilufar Zokirova
6:26 - Kanoeda eshkak eshish: Dilnoza Rahmatova
7:30 - Erkin kurash: Javrail Shapiev
7:55 - Erkin kurash: G‘ulomjon Abdullaev
11:00 - Boks: Bahodir Jalolov
Fikrlar