Top-5 chempionatlarning "cho‘kayotgan kemalari"!

  • 31 mart, 2023, 16:53
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropaning kuchli beshlik chempionatlarida mavsum tobora o‘z yakuniga yaqinlashmoqda. Chempionlik uchun kurash avjida ("Barselona" va "Napoli"ga tegishli emas). Shuningdek, ligalarda jon saqlab qolish uchun kechayotgan kurashni ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim. 

Tecno

APL turnir jadvalining quyi qismidagi vaziyat bilan tanishib chiqishingiz mumkin. Qulaylik bo‘lishi uchun jamoalarning so‘nggi 5 uchrashuvdagi natijalari ham ko‘rsatib ketilgan. 



Premer-ligada hammasi qiziqarli tus olgan. 12 va 20-o‘rindagi jamoalar orasidagi farq atigi 4 ochkoni tashkil etadi. 

"Kristal Pelas" eng yomon formada bo‘lib turibdi. "Lester" hamda "Bornmut" mundialdan so‘ng 8 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Biroq Roy Xojson shogirdlari "Opta" versiyasiga ko‘ra, eng oson taqvimga ega bo‘lib turibdi. Ularni o‘ntalikda borayotgan jamoalardan faqat "Tottenxem" hamda "Fulxem"ga qarshi uchrashuv kutib turibdi. 

"Everton"da murabbiy o‘zgarishi jamoa foydasiga ishlamoqda. "Qatar-2022"dan keyingi davrni olib qarasak, ular baribir eng yomon ko‘rsatkichlardan birini qayd etmoqda (23 ta gol o‘tkazib yuborgan).

"Vest Xem" kelgusi 2 turda nisbatan osonroq raqiblarga qarshi maydonga chiqadi, lekin ularni oldinda "Arsenal", "Manchester Siti" hamda "Liverpul"ga qarshi bellashuv kutib turibdi. 

"Elche" turnirni tark etishi oydinlashib bo‘lgan. Ular 26 turdan so‘ng atigi 13 ochko jamg‘arib, 19-o‘rindagi "Almeriya"dan 13 ochko ortda bormoqda. 

"Valensiya"ning ahvoli turnir jadvalida ko‘ringani kabi yomon emas. Ularda o‘yin sifati hamon yuqori, ammo qandaydir sirli omillar sabab jamoa ochko to‘plashda sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda. Shuningdek, "ko‘rshapalaklar" "JCh-2022"dan so‘ng eng yomon ko‘rsatkichga ega - 12 o‘yin, 7 ochko. 

Musobaqani tark etishga da’vogarlar safidan "Selta" chiqib ketdi. Vigoliklar mundialdan so‘ng o‘tkazilgan o‘yinlarning 6 tasida g‘alaba qozonib, vaziyatini yaxshilab oldi. 

"Xoffenxaym" 2022/23 yilgi mavsumni beqaror tarzda o‘tkazmoqda. 7 turdan so‘ng 4-o‘rinni band etgan jamoa ayni vaqtda 15-pog‘onada bormoqda. "Gerta" ustidan qozonilgan g‘alaba tufayli ular xavfli zonani tark etdi. Shunday bo‘lsa-da, ahvol hamon og‘ir. 

"Shalke-04" JChdan keyin 10 uchrashuvda 12 ochko jamg‘argan bo‘lsa-da, 17-o‘rinni band etib turibdi. Ushbu qiyin holatdan chiqib ketish biroz mushkul bo‘lishi kutilyapti. Sababi, so‘nggi 3 turda ular "Bavariya", "Ayntraxt" va "Leyptsig" kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga chiqadi. 

Italiya A Seriyasida "Kremoneze" hamda "Sampdoriya" jon saqlab qolish uchun kurashda eng kam imkoniyatga ega jamoalar hisoblanadi. "Verona" hamda "Spetsiya" o‘rtasidagi farq esa 5 ochkoni tashkil etadi. 

"Kremoneze" so‘nggi 5 o‘yinda 5 ochko jamg‘argan bo‘lsa ham, hamon A Seriyaning eng yomon jamoasi bo‘lib turibdi. 

Mazkur klublarga Italiya grandi biroz "yordamlashib" yuborishi mumkin. "Yuventus" navbatdagi jazoga duchor bo‘lib, turinliklardan ochko olib tashlanadigan bo‘lsa, quyi pog‘onalarda borayotgan jamoalar jon saqlab qolishi uchun imkoniyat yana ham ortadi. "Keksa senora"dan 15-25 ochko olib tashlanishi kutilyapti. Maksimal jazo berilgan taqdirda, ularning ochkolari soni "Sampdoriya" bilan tenglashadi. 

Frantsiya chempionatini to‘rtta jamoa tark etadi. Ulardan biri, albatta, "Anje". Klub so‘nggi 20 ta o‘yinda 2 ochko to‘pladi. 

"Ayachcho" 13 bellashuvda 10 marta mag‘lub bo‘lgan va juda kam gol urgan - 6 ta. Ular so‘nggi paytlarda bu borada maksimal sustkashlik qayd etgan va 7 uchrashuvning faqat 1 tasida gol urishning uddasidan chiqqan. 

"Trua" so‘nggi 20 ta uchrashuvda faqat 1 ta g‘alabani qo‘lga kiritgan. "Brest" hamda "Strtasbur" ham xavfli zonaga juda yaqin. Shuningdek, anchagina mavqeiga ega bo‘lgan "Nant" klubining ham xotirjamlikka berilishga haqqi yo‘q. Ustiga-ustak, ular so‘nggi uchrashuvlarda g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. 



                                                                                                    Xudayqulov Karim tayyorladi 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!