
Toshkentda velotrek o‘quv-mashq markazi ish boshladi
VELOTREK MARKAZINING YaNGI QIYoFASI
Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan Respublika velotrek o‘quv-mashq markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiev, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi R.Shoabdurahmanov, Angliyadagi Vestminster universiteti vitse-kantsleri hamda prezidenti Piter Bonfild, federatsiya mutasaddi rahbarlari, murabbiy va sportchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda velosiped sporti federatsiyasi raisi T.Norboeva mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan velosport turini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish, sportchilarga keng imkoniyatlar yaratish borasida davlatimiz rahbari tomonidan bir qator samarali ishlar olib borilayotganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, ushbu sharoitlardan munosib foydalanayotgan iqtidorli sportchilarimiz so‘nggi yillarda nufuzli musobaqalarning barchasida munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini yanada yuksaltirayotganligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Darhaqiqat, bugun velosport yoshlarimizning eng sevimli sport turlaridan biridir. O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zolari joriy yilning 30 oktyabr – 3 noyabr kunlari Belarus Respublikasining Minsk shahrida hamda 8-12 noyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida velotrek yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Jahon kubogining birinchi va ikkinchi bosqichlarida munosib ishtirok etdi.
Jumladan, Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida velotrek bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi ikkinchi bosqich musobaqasida ayollar milliy terma jamoasi a’zosi Olga Zabelinskaya kumush medal bilan birga Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi qimmatli reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi va bu orqali milliy terma jamoa Jahon kubogining qolgan bosqichlarida ishtirok etish xuquqiga ega bo‘ldi.
Hozirda ayollar va erkaklardan iborat milliy terma jamoa jahon reytingda 24-pog‘onada bormoqda.
Joriy yilgi mavsum velosportchilarimiz uchun omadli o‘tmoqda. Olga Zabelinskaya 22-28 aprel kunlari O‘zbekistonda shosse bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lib, Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Murodjon Xolmurodov Xalqaro Velosipedchilar ittifoqi (UCI) tomonidan Tokio – 2020 Olimpiya o‘yinlariga belgilangan kvotalarni jamg‘argan holda shosse yo‘nalishi bo‘yicha yana bir yo‘llanmani terma jamoamizga keltirdi.
Respublika velotrek o‘quv-mashq markazi 1982 yilda qurilgan. Markazda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 martdagi “2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini munosib tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan hamda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusda belgilab berilgan sport sohasiga yo‘naltirilgan vazifalar ijrosi doirasida keng ko‘lamli rekonstruktsiya ishlari olib borildi.
Majmuada sportchilarga barcha zarur shart-sharoitlar yaratish hamda velotrek to‘laqonli sportchilarga xizmat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida jismoniy mashqlar o‘tkazish uchun alohida trenajyor zal, yotoqxona qurib bitkazildi.
Mazkur Respublika velotrek o‘quv-mashq markazi trek yo‘nalishi bo‘yicha turli musobaqalarni o‘tkazish, shuningdek, milliy terma jamoaning yil davomida uzluksiz o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi va bu orqali xalqaro turnirlarga tayyorlanishiga xizmat qiladi.
Umid qilamizki, jahon standartlariga to‘liq javob bera oladigan mazkur markazda o‘z mahoratlarini oshiradigan velosportchilarimiz kelgusida Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiya hamda Osiyo o‘yinlarida shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy egallaydilar.
Fikrlar