
"Toshkuch"dan "Manchester Siti"ga qadar yoxud APLga shunchaki borib qolmagan Husanov
Ijtimoiy tarmoqlar va futbolning uzluksiz yoritilishi davrida, o‘yinchilar ko‘pincha klubga deyarli noma’lum shaxs sifatida kelishi kamdan-kam uchraydi. Shu ma’noda, "Manchester Siti"ning o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni sotib olishi o‘tgan davrlarga qaytishga o‘xshaydi go‘yo.
20 yoshli Husanov dushanba Frantsiyaning "Lans" klubidan 33,6 million funt sterling evaziga "shaharliklar" safiga qo‘shildi va Premer-ligada o‘ynaydigan o‘z vatanining birinchi futbolchisiga aylandi.
O‘rinbosarlar jamoasidan Belarus tomon...
Markaziy himoyachi faoliyatining asosiy qismi hali oldinda bo‘lsa-da, bu transfer uning hayratlanarli yutuqlarining yakunidir. To‘rt yildan kamroq vaqt ichida bu yosh himoyachi o‘z bir necha rad etilgan javoblarni engib o‘tib, futbol olamining eng istiqbolli yulduzlaridan biriga aylandi.
Husanov futbolchilik faoliyatini etti yoshida "Toshkuch"dan Toshkentning "Bunyodkor" klubi akademiyasiga o‘tganida boshlagan. U darhol o‘zidan ikki yosh katta bo‘lgan bolalar bilan o‘ynay boshladi, uning iste’dodi va maydon bo‘ylab o‘ynash qobiliyati shunday edi.
Biroq, 17 yoshida klub uning uchinchi darajali o‘rinbosarlar jamoasidan boshqa narsani kafolatlash uchun etarli darajada kuchli yoki jismonan tayyor emasligini aytdi. Husanovning otasi, sobiq O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Hikmat Hoshimov muqobil variantlarni izlashga qaror qildi. Bunda esa yakuniy tanlov Belarusning "Energetik-BGU" jamoasi bo‘ldi.
Klub Husanovni debyutini o‘tkazishi uchun bir yil kutishi kerak bo‘lishiga qaramay, uni safga qo‘shib oldi. Sababi, Belarusda futbolchilar 18 yoshga to‘lmaguncha professional shartnomalar imzolay olmaydi. O‘ynash huquqiga ega bo‘lgach, Husanovning ta’siri darhol sezildi. Hozirda faqat markaziy himoyachi sifatida o‘ynagan Husanov "Energetik-BGU"ga 2022 yilda Belarus oliy ligasida ikkinchi o‘rinni egallashga yordam berdi.
"Husanovni hech kim tanimas edi"
Husanovning rivojlanib borishi o‘z vatanidagi muxlislar tomonidan deyarli e’tirof etilmagan bo‘lsa-da, uning keyingi harakatlari O‘zbekiston terma jamoasidagi yutuqlari bilan bog‘liq edi. 2023 yil mart oyida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi uchun terma jamoaga kech chaqirilgan Husanov har bir daqiqada o‘ynadi va uning jamoasi tarixiy chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Natijada O‘zbekiston 2023 yilning may oyida 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mundialda "Lans"ning skaut menejeri Baptiste Favier himoyachining harakatlarini kuzatdi. O‘sha yilning iyul oyida "Lans" uni atigi 84 000 funt sterlingga sotib oldi.
"Lans"ga kelganida uni hech kim tanimas edi, - deydi "Get French Football News" bosh muharriri Lyuk Entvistl.
Ushbu mavsumda Husanov Jonatan Gradit, Kevin Danso va Facundo Medinalarning tarkibdagi barqarorligini buzdi va Liga 1da 13 ta o‘yinda maydonga tushdi, ulardan 11 tasi asosiy tarkibda.
Husanovning dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylanishiga shunchalik ishonch borki, "Lans" klubi o‘z to‘plami uchun uning o‘yinda kiygan imzoli futbolkasini saqlab qo‘ygan. Bu amaliyot faqatgina klub tarixida iz qoldirgan eng buyuk futbolchilar uchun qo‘llaniladi.
Tank? Monster yoki Poezd?
Sambaning Husanovni "monster" deb ta’riflagani, "Lens" jamoasi bosh murabbiyi Uill Stillning uni "tank" deb atagani va vatanida u "Poezd" laqabini olganining o‘z sababi bor.
"U kuchli to‘xtatishlari, havoda o‘ynash mahorati va dadil uslubi bilan tanilgan qudratli himoyachi," deydi jurnalist va "Football Manager" o‘yinining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Tomas Bullok.
"Husanov to‘pni yaxshi boshqaradi. Biroq, uning eng ajralib turadigan xususiyati - bu tezligi. Bu unga tez tiklanish va chaqqon hujumchilarni ta’qib qilish imkonini beradi."
Entvistl qo‘shimcha qildi: "Abduqodir oldinga chiqib, yarim himoyaga bosim o‘tkazishni yoqtiradi. U bellashuvlarda kuchli, hech qachon yarim-yorti harakat qilmaydi. U juda yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega o‘yinchi."
O‘zbek tilida Abduqodir "qudratli" degan ma’noni anglatadi. Bu ism ota-onasining uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati tufayli qo‘yilganmi yoki shunchaki taqdir taqozosimi? Bundan munosibrog‘i bo‘lmasa kerak!
Manba: BBC
Jahongir Inomjonov
Fikrlar