
TsSKA Fayzullaevni Osiyo kubogiga qo‘yib yubormayotganiga munosabat bildirildi
Qatar aprel oyida yana bir nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi. Osiyo futbol markaziga aylanib qolgan ushbu mamlakat stadionlarida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokida Osiyo chempionatida o‘tkaziladi.
Bu galgi musobaqa yozda Frantsiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qiladigan Olimpiya o‘yinlariga saralash turniri vazifasini ham o‘tashi uning ahamiyatini bir necha baravar oshiradi.
Qoidaga ko‘ra, dastlabki uchta o‘rinni egallagan terma jamoalar to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga yo‘llanma oladi, to‘rtinchi o‘rin sohibi esa, kurashni qit’alararo pley-offda davom ettiradi.
“Osiyo kubogi - U23” musobaqasi FIFA kunlaridan tashqarida o‘tkazilayotgani tarkibni shakllantirishda muammolarga sabab bo‘lmoqda. Yaqinda Frantsiyaning “Lans” va Rossiyaning TsSKA klublari o‘zbekistonlik legionerlar – Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullaevni Qatardagi musobaqaga qo‘yib yubormagani haqida xabar tarqaldi.
Bunga Abbosbek Fayzullaevning birinchi murabbiyi Dmitriy An o‘z munosabatini bildirdi.
- Vatanparvar fuqaro sifatida Abbosbek Fayzullaevni yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogida ham ko‘rishni istayman. Abbos yoshlar terma jamoasining asosiy o‘yinchilaridan. Uni bu musobaqada ko‘rishni xohlayman, lekin TsSKA uni qo‘yib yubormay to‘g‘ri qilyaptimi yoki yo‘q, buni muhokama qilish mening vakolatimga kirmaydi.
Fayzullaev mana shu klubga tegishli va nima qilishni ular hal etadi. Lekin terma jamoada qanday o‘ynashini ko‘rgim kelyapti.
U Osiyo kubogida ham, jahon chempionatining saralash uchrashuvlarida ham o‘ynadi. Hozir musulmonlarda Ramazon oyi. Balki Fayzullaev jismoniy jihatdan to‘liq tayyor emasdir. Biz u bilan Gonkongga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan oldin uchrashgan edik. Menga tayyorgarligini aytgandi, lekin o‘yin sifatiga ro‘za tutayotgani ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin, - dedi Dmitriy An championat.com sayti jurnalisti Mariya Kutsubeeva bilan suhbatda.
O‘zbekiston U23 terma jamoasi Osiyo kubogining saralash turnirini yurtimizda o‘tkazib, Eronni 1:0, Gonkongni 10:0, Afg‘onistonni 8:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, musobaqaning final bosqichiga birinchi o‘rinni egallagan holda chiqdi.
Qatardagi qit’a birinchiligida hamyurtlarimiz “D” guruhidan joy olgan.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi guruhdagi ilk uchrashuvini 17 aprel kuni Indoneziyaga qarshi o‘tkazishi belgilangan.
Futbolchilarimiz 20 aprelda ikkinchi bahsni Kuvayt vakillariga qarshi o‘tkazadi. Guruhdagi so‘nggi o‘yin 23 aprelda Vetnamga qarshi bo‘ladi.
O‘zbekiston U23 terma jamoasi 2018 yili Xitoyda bo‘lgan musobaqada chempionlikka sazovor bo‘lgan.
Ikki yildan keyin hamyurtlarimiz Tailandda to‘rtinchi o‘ringa loyiq topildi. 2022 yili Toshkent shahri mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida futbolchilarimiz ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Fikrlar