
"Ufa" O‘runovning transferini qanchaga baholamoqda?
Rossiya premer-ligasi yakunlanishi arafasida “Ufa”da ishonchli o‘yin ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik legioner Oston O‘runovning etakchi jamoalarga transferi borasida xabarlar va turli munosabatlar ko‘p tarqalmoqda.
Hamyurtimizga “Lokomotiv”, “Zenit”, “Krasnodar” va “Spartak” jamoalari qiziqayotgan bo‘lsa-da, o‘zbek legioneri uchun kurashda “Spartak”ning imkoniyati yuqori baholanmoqda.
“Ufa” rahbariyati esa yozgi transferlar vaqtida 3-4 nafar futbolchini sotishini ma’lum qilgan. Ulardan biri Oston O‘runov bo‘ladi. Ufaliklar “Spartak” bosh direktori Shamil Gazizov bilan 23 iyul kuni muzokara o‘tkazadi va uchrashuvda O‘runovning transferi masalasi ko‘tariladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Ufa” ikki etakchi futbolchisi uchun so‘raydigan summani aniq qilib bo‘lgan. Unga ko‘ra, Vadim Evseev jamoasi rahbarlari Daniil Fominni 4,5 million, Oston O‘runovni 3,5 million evroga baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Oston O‘runov yil boshida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasidan “Ufa”ga 200 ming evro evaziga transfer qilingan.
Fikrlar