Vitaliy Levchenko: "U ham sehrgar emas, men ham sehrgar emasman"

  • 1 sentabr, 2023, 01:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Neftchi” – “Andijon” (0:0) o‘rtasidagi bellashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Tecno

- O‘yin ancha murakkab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Golli vaziyatlarni etarlicha tashkil qildik. Lekin yakunlashda aniqlik etishmadi. Yana ayrim paytlarda raqib posboni yaxshi harakat qildi. To‘g‘risi, ko‘p vaziyatlarni yaratdik. Oxirgi nuqtani qo‘ya olmadik. Shu sababli ko‘p gapirishni istamayman.

- “Neftchi” qanotda Adxamzoda orqali hujumlarni tashkil qilishga urindi. Bunga nima deysiz?

- Menimcha, siz futbolni yomon ko‘rgansiz. Faqat u bilan o‘yinni tashkil qildik, desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Hamma teng harakat qildi. Qanotlardan yaxshi hujumlar tashkil qildik. Ammo yakuniy natijani hosil qilishda aniqlik bo‘lmadi.

- Nikabadze siz xohlagan o‘yinni ko‘rsata olyaptimi?

- Siz menga qiziqarli savol beryapsiz. Qani, o‘ylab ko‘ring-chi, qaysi hujumchi har bir o‘yinda gol uryapti? Masalan, bugun Xebay gol urdimi? Siz aytayotgan legionerga ham vaqt kerak. U ham sehrgar emas, men ham sehrgar emasman. Nikabadze gol uradi, faqat ozgina vaqt kerak. Futbolchiga moslashuv jarayoni kerak. Busiz qiyin. Moslashib olganidan keyin jamoaga yordam beradi. Ha, biz yutishni xohlaymiz. Lekin bu oson ish emas. Qani, ayting-chi, Tabatadze “Navbahor”da gol uryaptimi? Urolmayapti. Unga ham moslashish uchun vaqt kerak. Bu har qanday o‘yinchi uchun muhim. Ammo natija ham bizga muhim.

- “Neftchi” ketma-ket ikkita uchrashuvdan beri o‘z maydonida gol urolmayapti. Bu sustkashlik tufaylimi?

- Hammangiz taktikani aytyapsizlar. Bugun biz qancha golni urolmadik? Sanab ko‘rdingizmi?

- 3-4 ta.

- Siz shuncha deyapsiz. Men undan ham ko‘p vaziyatlarni hisobladim. “Andijon”ga katta bosim uyushtirdik. Siz o‘sha vaziyatlarni ko‘rdingizmi? Ularning o‘yinini yaxshilab kuzatdingizmi? Birinchi raqam bo‘lib o‘ynashmadi. Himoyalanishdi va keyin hujumga o‘tishdi. Har xil taktikalar bor. Ularni o‘yin davomida doim ham qo‘llashni imkoni yo‘q. Vaziyatga qarab o‘yinchilar joy tanlashadi. Taktika-taktika deysiz? Qarang, “Neftchi” “Andijon”ga qanday bosim uyushtirdi? Shuncha bosim bo‘lsa-da, raqib darvozaboni Litovka qancha seyvlar bilan jamoasini gollardan qutqatib qoldi? Har qancha taktika qilsangiz ham agar raqib yaxshi himoyalansa baribir qiyin bo‘ladi. Futbolda taktikadan boshqa holatlar ham bor.

- “Neftchi” bilan “Navbahor” kumushga asosiy da’vogarlar hisoblanishadi. Bu turda ikkalasi ham ochko yo‘qotishdi.

- Ha, tur tugadi. Siz birdaniga hamma narsani hisob-kitob qilib yuboryapsiz. Yo‘g‘e, hali hammasi oldinda. “Navbahor” chempionlik uchun kurashyapti. “Neftchi” ham chempionlik uchun intilyapti. Shuningdek, “Nasaf” va OKMK ham. Qarang, “Paxtakor” ikkita o‘yinni yutqazsa va “Neftchi” ikkita uchrashuvni yutsa barchasi o‘z o‘rniga tushadi. Futbolda biror nima deb bo‘lmaydi, har xil holatlar yuz berishi mumkin. Osiyo Chempionlar ligasida 4 ta jamoa qatnashadi. Bu esa har qanday klubga o‘ziga xos “nagruzka” tushiradi. Bizning jamoaga OChL va ichki chempionatda o‘ynash qiyinchilik tug‘dirmaydi, deb o‘ylaysizmi? Chempionlik uchun kurash tugadi, deb o‘ylasangiz xato qilasiz. Barchasi oldinda. Syurprizlar bo‘lishi mumkin.Eng asosiysi, qo‘lni tushirmaslik va oldinga intilish.

- “Neftchi”ning FIFI kunlaridagi rejasi qanday?

- Albatta, bu vaqt oralig‘ida uchta nazorat uchrashuvini rejalashtirganmiz. Bugungi kunda raqiblar bilan muzokaralar olib boryapmiz. 5 sentyabrdan tayyorgarlik ko‘rishni boshlaymiz. O‘ylaymanki, chempionatimizdagi tanaffus paytida keyingi o‘yinlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘ramiz.

- “Istiqlol”ni boshqarganingizda OChLda yaxshi natijalarga erishgansiz. Rahbariyat tomonidan shunday vazifa qo‘yilganmi?

- Albatta, biz harakat qilyapmiz. Rahbariyat maqsad qo‘ygan, o‘zimizning ham vazifalarimiz bor. Rahbariyatning topshirig‘ini maydonda bajarishga harakat qilyapmiz. Shunday ekan, oldinga intilamiz.

“Andijon” matbuot xizmati.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Dili
01/09/2023 12:05
Яшасин НЕФТЧИ ОЛГА