
Vodiy derbisidagi tartibsizliklar, "farishtalari" qochgan "Dinamo", o‘ziga kelayotgan "Qo‘qon-1912" - Superligada 17-tur sharhi
Birinchi kuni grandlar to‘qnashuvlari kuzatildi. Peshqadam “Paxtakor” Olmaliqda mezbonlar darvozasiga javobsiz 3 ta gol urdi. “Lokomotiv” esa Qarshida bo‘lgani kabi Toshkentda ham bitta to‘p farqi bilan “ajdarlar”ni mag‘lub etdi.
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 17-tur ramziy terma jamoasi (Foto)
Qo‘qonda maydon egalari bu mavsumda ilk marta zafar quchishdi. Ulug‘bek Baqoev esa sobiq jamoasidan bir ochko oldi. Ikkinchi davrani Davron Fayziev boshqarayotgan “Dinamo” muvaffaqiyatsiz boshlagani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Avvalgi turda uyda qo‘qonliklardan engilgan samarqandliklar bu turda Navoiyda mag‘lub bo‘lishdi.
Eng ko‘p muxlis vodiy derbisida. Qolgan markaziy o‘yinlar esa ishqibozlar tashrifi bilan maqtana olmaydi
Qo‘shnilarning uchrashuvida tomoshabinlar orasida kelishmovchilik kuzatildi. Futbol hordiq chiqarish uchun o‘tkazilishini va tartibni saqlash, odob-ahloq qoidalariga rioya qilish zarurligini muxlislarning bir qismi unutib qo‘yganga o‘xshaydi. Bu borala futbol klublari va tegishli idoralar xodimlari ko‘p ishlashlariga to‘g‘ri keladi.
Quyida Superliga 17-tur sharhi bilan tanishishingiz mumkin:
Uchrashuv qo‘qonliklar uchun omadli boshlandi. 6-daqiqa o‘tib borayotganda, Ro‘ziev-Mamatxo‘jaev-Sindarov kombinatsiyasidan keyin hisob ochildi. Chap qanotdan oshirilgan to‘pni Sindarov kuchli zarba bilan to‘rga kiritdi.
37-daqiqada mehmonlar hisobni tenglashtirishdi. Taxminan 23 metrlar uzoqlikdagi jarima zarbasidan Shavkat Salomov chap oyog‘i bilan gol urdi.
Tanaffusdan so‘ng jarima maydoniga kirib borayotgan Avaz Mamatxo‘jaevni termizliklar qo‘pollik bilan to‘xtatib qolishdi. Bundan esa mezbonlarning tajribali futbolchisi Murod Xolmuhammedov samarali foydalandi. U ham huddi Shavkat Salomovdek to‘pni darvozaga kiritdi.
Shu tariqa qo‘qonliklar chempionatda qatorasiga ikkinchi bor g‘alaba qozonishdi.
Turning markaziy o‘yini Toshkentda kechdi. O‘zbekistonning ketma-ket uch karra chempioni o‘z uyida Qarshining “Nasaf” klubini qabul qildi.
Uchrashuv ancha qizg‘in ruhda boshlandi. Birinchi taymda ikkala klub vakillari ham hisobni ochish uchun yaxshi imkoniyatlarni yuzaga keltirishdi. Ammo ushbu vaziyatlardan foydalana olishmadi.
Tanaffusdan so‘ng ham jamoalar navbati bilan hujumlar tashkil etishdi. Ammo poytaxtliklar mehmonlarga nisbatan faolroq bo‘lishdi va 54-daqiqada gol urishni uddalashdi.
Arslanmirat Amanov uzatgan to‘pni Jamshid Iskandarov jarima maydoni ichidan to‘rga kiritdi. Bu gol uchrashuv oxiriga qadar yagonaligicha qoldi.
Uchrashuv mezbonlarning aniq zarbasi bilan boshlandi. Elguja Grigalashvilining urinishidan keyin Eldor Suyunov to‘pni qaytarib yubordi.
Tashabbusni qo‘lga olgan mehmonlar 7-daqiqada hisobni ochishdi. Marat Bikmaev yo‘naltirgan to‘p Igor Sergeevga tegib, Vladimir Kozakka kelib tushdi. U esa jarima maydoni ichidan gol urdi.
Bo‘lim oxirigacha AGMKdan Shahzodbek Nurmatov, toshkentliklardan Jaloliddin Masharipov, Dragan Cheran va Vladimir Kozakning zarbalari xavfli chiqdi.
68-daqiqada "Paxtakor" oradagi farqni oshirdi. Hojiakbar Alijonov sherigi Dragan Cheran tomon oshirgan to‘pni qaytarishga uringan Bobur Yuldashev o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.
79-daqiqada Kozakning uzatmasidan keyin chempionat to‘purari Cheran turnirdagi 19-golini kiritdi.
Oxirgi turlarda ancha shashti baland “So‘g‘diyona” Buxoroga tashrif buyurdi. Ulug‘bek Baqoev sobiq jamoasiga qarshi o‘yinga yangi shogirdlarini qanchalik tayyorlagani ko‘pchilikni qiziqtirardi.
Birinchi taymda jamoalar ehtiyotkor o‘yin namoyish etishdi. Natijada muxlislar gollarni tanaffusdan keyingina ko‘rishdi.
Asadbek Sobirjonov uzatgan to‘pni Fatxullo Fatxulloev boshi bilan darvozaga yo‘lladi.
Keyin esa markazdan oshirilgan to‘pni Shohruz Norxonov bir urinishda erga tushirmay to‘rga kiritib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
O‘tgan turning markaziy bahsida mag‘lubiyatga uchragan «Bunyodkor» bu gal “Jar” stadionida «Metallurg»ni qabul qildi. Qiyin uchrashuvda toshkentliklar muhim g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
O‘yinda katta ustunlikka ega bo‘lgan “qaldirg‘ochlar” raqib himoyasini yorib o‘tishga qiynalishdi, ayniqsa birinchi taymda. Tanaffusdan keyin o‘zgartirilgan taktika sababli poytaxtliklar Aleksandr Lobanov qo‘riqlagan darvoza oldida ko‘pgina vaziyatlar yaratishdi.
Harakatlar 75-daqiqada samara berdi. O‘ng qanotdan jarima maydoniga yaqinlashgan Javohir Qahramonov kuchli, burama zarbasi bilan darvozani nishonga oldi. Ustunga tegib qaytgan to‘pni Xurshid G‘iyosov engil harakatlari bilan to‘rga joyladi. Mazkur gol yakunda o‘yin taqdirini hal qildi.
Andijon shahridagi “Sog‘lom Avlod” stadionida vodiy derbisi doirasida “Andijon” hamda “Navbahor” jamoalari o‘zaro bellashishdi.
O‘yinga qiziqish juda yuqori edi. Buni stadionga kelgan mahalliy va namanganlik muxlislardan ham bilib olish mumkin.
Bahs keskin va shiddatli kurashlarga boy kechdi. Futbolchilar bir- birlarini ayab o‘tirishmadi. Hakam aksariyat vaziyatlarda ularga tanbeh berish bilan cheklandi. Aks holda sariq kartochkalar yanada ko‘payib ketardi.
“Sog‘lom avlod” arenasi bu mavsum qaytadan ta’mirdan chiqarilgan va yangi maysa o‘tkazilgan bo‘lsa-da, chim juda yomon holatga kelib qolgan. Ancha asabiy ruhda o‘tgan bahsga bu ham ta’sir qildi. Natijada tomoshabinlar chiroyli futbol ko‘rishmadi. Oldindan o‘ylangan kombinatsiyalar kuzatilmadi.
Azizbek Turg‘unboevning mahoratigina mehmonlarga 3 ochkoni taqdim etdi. Ya’ni 52-daqiqada mezbonlar o‘z jarima maydoni yaqinida Ivan Solovyovga nisbatan qoida buzishdi. Turg‘unboev jarimadan to‘pni ajoyib tarzda to‘rga yo‘lladi.
Shu tariqa, “Andijon” ikkinchi davradagi dastlabki mag‘lubiyatini qabul qilib olgan bo‘lsa, “Navbahor” chempionatning ikkinchi qismidagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Oxirgi paytlarda g‘alaba nimaligini bilmayotgan “Dinamo” Navoiyda mehmon bo‘ldi. Ketma-ket mag‘lubiyatlar samarqandliklarni bosim ostida qoldirgani shu o‘yinda ham ko‘zga tashlandi.
Dastlabki daqiqalarda mezbonlar qulay imkoniyatlardan foydalana olishmadi. Ayrim pallalarda Botirali Ergashev ishonchli harakat qilgan bo‘lsa, boshqa holatlarda “Qizilqum” vakillariga aniqlik etishmadi.
Ikkinchi taymda ketma-ket zarbalardan biri, nihoyat, golga aylandi. 55-daqiqada Sherali Jo‘raev darvozani yaqin masofadan qiyinchiliksiz ishg‘ol etdi.
Oradan 10 daqiqa o‘tib, raqib himoyachisining xatosidan foydalangan Doston Ibragimov havolatib uzatgan to‘pni Mate Vatsadze boshi bilan darvozabon ustidan oshirib to‘rga yo‘lladi.
Shundan so‘ng Davron Fayziev shogirdlari hujumga otlanishdi. Vaziyatlarning birida Qadamboy Nurmetovga nisbatan jarima maydoni ichida qo‘pollik ishlatildi. Penaltidan Jasur Azimov samarali foydalandi.
Fikrlar
Хеч кандай вахимали тартибсизликлар юз бергани йук, шунчаки магбулиятга чидай олмаган Андижонни айрим ёш бебош мухлисчалари мехмонлар жойлашган секторга тошбурон уюштиришди, натижада ИИБ ходимлари мехмон мухлислари тошдан химояланиши у/н стадион майдонига утишига рухсат бериши туфайли Навбахор мухлислари клуб рамзий байроглари б/н соглом авлод стадиони майдон марказини ЗАБТ этишди, я'ни уз байрокларини урнатишди.
Шу холос.
Вахимага хожат йук.
Дерби бу дербида.