Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti yurtimizda o‘tadigan nufuzli musobaqalarga tayyorgarlikni ko‘zdan kechirdi
Tashrif dastlab Qo‘mita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini ko‘zdan kechirishdan boshlandi. Unda Markaz direktori Kamol Sirojitdinov sportchilarning davolanishi, reabilitatsiya jarayoni va ularga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat haqida batafsil ma’lumot berdi. Muhammad Jalud Markazda yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.
Shundan so‘ng martabali mehmonni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi. IWF prezidentiga Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo o‘yinlari, shuningdek, kelasi yil poytaxtimizda o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot namoyish etildi. Unga ko‘ra, har ikki musobaqa Olimpiya shaharchasida qad rostlayotgan velodromda tashkil etiladi. Mutasaddilar taqdimotda majmua og‘ir atletika bellashuvlari uchun qanday tayyorlanishi, mehmonlar uchun yaratiladigan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Qayd etish joiz, 2025-yilning may-iyun oylariga belgilangan bo‘lajak dunyo birinchiligi yoshlar Osiyo o‘yinlari oldidan sinov musobaqasi vazifasini bajarib beradi.
O‘z navbatida, Muhammad Jalud O‘zbekistonning bu kabi yirik musobaqalarni o‘tkazishda tajribasi kattaligi haqida gapirib, oldindagi turnirlarni avvalgilaridan ham yaxshiroq o‘tkazishiga ishonch bildirdi. Tadbir davomida do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, oldinda turgan musobaqalarga hamkorlikda tayyorgarlik ko‘rish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi.
Shundan so‘ng IWF prezidenti Sport vaziri Adham Ikramov bilan uchrashdi. Samimiy ruhda kechgan suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, xususan mamlakatimizda og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirsh, xalqaro musobaqalarda o‘zbek sportchilarini to‘laqonli ishtirokini ta’minlash va O‘zbekistonda xalqaro musobaqalarni o‘tkazish kabi masalalar muhokama qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida martabali mehmon “Humo arena” majmuasi mezbonlik qilayotgan MMA bo‘yicha jahon chempionatiga tashrif buyurdi. Muhammad Jalud aralash jang san’atlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan dunyo birinchiligi yuqori saviyada tashkil etilganining guvohi bo‘ldi va O‘zbekiston nufuzli musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lib borayotganini alohida e’tirof etdi.
Kun davomida shuningdek, Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo o‘yinlari uchun barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasiga ham tashrif amalga oshirildi. Mutasaddilar IWF prezidentiga shaharchadagi sport obektlari va ularning qurilish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Poytaxtimizdagi bunday bunyodkorlik ishlari martabali mehmonda katta taassurot qoldirdi.



Fikrlar