Xolandning "Real"ga qachon o‘tishi ochiqlandi
Dortmundning «Borussiya» klubi prezidenti Xans-Yoaxim Vatske «Manchester Siti» hujumchisi, norvegiyalik yulduz Erling Xolandning kelajagi haqida fikr bildirdi.
«Erling Xoland Madriddning «Real» jamoasini yaxshi ko'radi va buni yashirmaydi. O'ylaymanki, ikki-uch yildan so'ng u albatta u yerda to'p surishni boshlaydi. Lekin hozir emas. Uning «Real»dagi vaqti hali keladi», — deya Vatskening so'zlarini AS nashri keltiradi.
Eslatib o'tamiz, Norvegiya terma jamoasi tarixida ilk bor jahon chempionati chorak finaliga yo'l oldi va bu bosqichda Angliyaga qarshi maydonga tushadi. Xoland hisobida musobaqaning to'rt uchrashuvida yetti gol va bir golli uzatma mavjud.
O'tgan mavsumda ham Erling klub darajasida yuqori natija qayd etdi: 25 yoshli hujumchi barcha musobaqalar doirasida 52 o'yinda maydonga tushib, 38 gol urdi va to'qqiz bor hamjamoalarini golga chiqardi.
«Manchester Siti» bilan tuzilgan shartnomasi 2034 yil yozigacha amal qiladi. Internet-portal Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, futbolchining taxminiy transfer qiymati 200 million yevro atrofida baholanmoqda.

Fikrlar