
Xushxabar! O‘zbekiston kriket federatsiyasi xalqaro kengash a’zosiga aylandi
Joriy yilning 26 iyul kuni Buyuk Britaniyaning Birmingem shahrida Xalqaro Kriket Kengashi (ICC)ning navbatdagi kongressi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kongressda kriket bo‘yicha bajarilayotgan ishlar sarhisob qilindi. Kongress reglamentiga muvofiq, kriket rivojlanayotgan mamlakatlarning ICCga a’zolik masalalari ham muhokama qilindi. Quvonarlisi, ushbu kongressda O‘zbekiston kriket federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokamaga qo‘yildi va bir ovozdan xalqaro kriket kengashining a’zoligiga qabul qilindi. Shunday qilib O‘zbekiston kriket federatsiyasi Xalqaro kriket kengashining (ICC) a’zolik ro‘yxatiga 106-davlat sifatida qabul qilindi.
Xalqaro kriket kengashining (ICC) kongressida ishtirok etgan O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliev shunday deydi: "Avvalambor mustaqil O‘zbekiston farzandi sifatida aytishim mumkinki, davlatimiz rahbari, hurmatli Shavkat Mirziyoev tashabbusi sa’y-harakatlari bilan bugun har sohada, jumladan, jismoniy tarbiya va sportga yaratilayotgan imkoniyatlar beqiyos. Shu bois, sportchilarimiz yurtimiz bayrog‘ini dunyo arenalarida ko‘z-ko‘z qilishmoqda. O‘zbekiston kriket federatsiyasi ham Xalqaro kriket kengashining a’zosiga aylandi va ushbu munosabat bilan barcha yurtdoshlarimizni, sportchilarimizni muborakbod etaman.
Umid qilamanki, O‘zbekiston kriketchilari ham yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, kriket bo‘yicha xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilishadi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro kriket kengashi (ICC)ning Osiyo mamlakatlarida kriketni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, oliy toifali xalqaro ekspert, janob Iqbol Sikander va ICCning moliyalashtirish ishlari menejeri Nitesha Kotariylar 11-13 iyul kunlari Toshkentda bo‘lishib, O‘KF faoliyati bilan yaqindan tanishib, xulosalarini xalqaro kriket kengashi (ICC) rahbariyatiga taqdim etishgandi.
Fikrlar