
Yanvar va fevralda tashkil etiluvchi professional boks olamidagi super janglar bilan tanishing!
Yangi 2022 yilning dastlabki oylarida ham professional boks olamida bir qator qiziqarli o‘tishi kutilayotgan, super qarama-qarshiliklarni guvohiga aylanamiz.
Albatta, mazkur janglarni muxlislar orziqib kutayotganligi aniq. Biz shu nuqtai nazardan kelib chiqib, yanvar oyining qolgan qismi hamda fevralda tashkil etiladigan ajoyib janglarni e’tiboringizga havola etamiz.
15 yanvar
Jo Smit (AQSh, 27-3,21 KO) – Stiv Jeffrard (AQSh, 18-2,12 KO)
Mazkur jang yarim og‘ir vazn (79.4 kg) toifasida bo‘lib o‘tadi. O‘rtaga WBO chempionlik kamari tikilgan. Amaldagi chempion Jo Smit hisoblanadi va u da’vogar Jeffrarddan o‘z titulini himoya qiladi. Bu to‘qnashuvda Smitning imkoniyatini yuqori baholashmoqda. Biroq, Stiv ham anoyi emas. Darvoqe, ushbu jangni ESPN translyatsiya qiladi. Tomosha qiling, aslo zerikib qolmaysiz!
22 yanvar
Geri Rassell (AQSh, 31-1,18 KO) – Mark Magsayo (Filippin, 23-0,16 KO)
Ushbu qarama-qarshilik yarim engil vazn (57.2 kg) toifasida, AQShning Atlantik Siti shahrida tashkil etiladi va “Showtime” translyatsiya qiladi. Jang maqomi WBC chempionlik kamari uchun. Amaldagi chempion Geri Rassell hisoblanadi. Filippin vakili esa, da’vogar maqomida. Magsayo reytingda Rey Vargasdan keyin ikkinchi o‘rinni band etib turibdi. Xullas, chiroyli jangning guvohiga aylanamiz.
5 fevral
Kit Turman (AQSh, 29-1,22 KO) – Mario Barrios (AQSh, 26-1,17 KO)
Bu bahs yarim o‘rta vazn (66,7 kg) toifasida bo‘lib o‘tadi. Reyting maqomidagi to‘qnashuv, jangning translyatsiya huquqi Foks PPV ga tegishli.
Turman 33 yoshda Barrios esa 26 yoshni qarshi olgan. Bo‘y borasida Barriosda 7 smli ustunlik bor. Har ikkisi asosiy zarbani o‘ng qo‘lida beradi. Umuman olganda, imkoniyatlarni 50/50 baholash mumkin. Albatta, bularning barchasi nisbiy tushuncha. Ushbu qarama-qarshilikda tajriba o‘z so‘zini aytadimi yoki ishtiyoq g‘alaba qozonadimi, buni tez orada bilib olamiz.
19 fevral
Amir Xon (Buyuk Britaniya, 34-5,21 KO) – Kell Bruk (Buyuk Britaniya, 39-3,27 KO)
Super juftlik desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Har ikkisi juda iste’dodli va professional boks olamida anchagina nom qozongan charmqo‘lqop ustalari sanaladi. Amir Xon uch yillik tanaffusdan so‘ng, yana katta boksga qaytmoqda. U so‘ngi jangini 2019 yil 12 iyulda o‘tkazgan va Billi Dib ustidan zafar quchgandi. Kell Brukda esa deyarli 2 yil tanaffus yuzaga keldi. U so‘ngi jangida Terens Kroufordga imkoniyatni boy bergandi, Xullas, ikki yulduz o‘zaro bahs yuritadi.
Manchesterda bo‘lib o‘tadigan jang ham yarim o‘rta vazn (66.7 kg) toifasida o‘tkaziladi. Translyatsiya huquqi “SKY Sports”ga tegishli. Har ikkisining yoshi teng. Bo‘y borasida 5 smli ustunlik Xon tarafida. Ikkisi ham asosiy zarbani o‘ng qo‘lida beradi. Bir so‘z bilan aytganda qiziq jangni guvohiga aylanamiz.
26 fevral
Josh Teylor (Buyuk Britaniya, 18-0,13 KO) – Jek Ketteral( Buyuk Britaniya, 26-0,13 KO)
Professional boks olamidagi super yulduzlardani biri Josh Teylorning yana bir chiqishiga guvoh bo‘lamiz. Ushbu bahs super engil vazn (63.5 kg) toifasida WBC, IBF, WBO, WBA chempionlik kamarlari uchun o‘tkaziladi. Amaldagi chempion Teylor hisoblanadi va Jek ushbu titullarni qo‘lga kiritishga harakat qiladi. Jang “SKY Sports” tomonidan translyatsiya qilinadi.
Ikkisi ham mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. Albatta, Josh Teylorning imkoniyati yuqori baholamoqda. Biroq bu professional boks va har qanday holat yuzaga kelishi mumkin. Jismoniy imkoniyatlar borasida Josh ustunroq ya’ni, bo‘y borasida 7 sm baland. Har ikkisi chapaqay bokschilar sanaladi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu jangni tomosha qilib aslo zerikib qolmaysiz.
Hozircha shular, ammo professional boks olamida kutilmaganda “dahshat”li yangiliklar ro‘y berishi mumkin. Kuzatib boring!
Fikrlar