Yaxshiboev ortidan “Shaxtyor”ning chempion tarkibi tarqalib ketdi

  • 8 yanvar, 2021, 08:45
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Belarus chempionatining so‘nggi mavsumida Sligorskning “Shaxtyor” jamoasi o‘n besh yillik tanaffusdan so‘ng, o‘z tarixida ikkinchi bor mamlakat chempionaligini qo‘lga kiritganidan xabaringiz bor, albatta.

Tecno

O‘zbekistonlik legioner Jasur Yaxshiboev porlagan “Oliy liga-2020” bahslarida chempion jamoa oxirgi tur uchrashuvlarining so‘nggi daqiqalarida aniqlangani ham Belarus chempionati qizg‘in va keskin kurashlar ostida o‘tganidan dalolat bermoqda.

“Shaxtyor” tarkibida chempion bo‘lganiga qaramay, Jasur Yaxshiboev kutilmaganda jamoani tezda tark etdi. O‘zbekistonlik legioneri jamoaga chempionat oltin medallari topshirilgan taqdirlash marosimini ham kutgani yo‘q. Keyinchalik, hamyurtimiz ortga qaytish uchun chipta olib qo‘ygani tufayli bu tadbirlarda qatnashmaganini ochiqladi. Biroq, Belarusdagi manbalar Jasur “Shaxtyor” muhitiga qo‘shilib keta olmaganini va jamoa etakchilaridan biri bilan urishib qolganini yozgandi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, “Shaxtyor”dagi o‘yinlar Jasur Yaxshiboevning faoliyatida yorqin davr bo‘lib qolaveradi. Biroq, bu jamoa yangi mavsum oldidan jiddiy muammolarga duch keldi. Mamlakatning eng qudratli klubi BATEni raqobatda ortda qoldirgan tarkib Yaxshiboev ketganidan keyin deyarli tarqalib ketdi.

dd8daca2d7c441621843bd40e637f44d-resize_crop_1Xquality_100Xallow_enlarge_0Xw_1200Xh_630

Belarusning eng nufuzli nashri hisoblangan “Pressbol”ning habar berishicha, chempion jamoani Jasurbek Yaxshiboev, Artyom Arxipov, Darko Bodul, Junior Kabananga va Eduard Vishnyakov kabi asosiy tarkib o‘yinchilari tark etib ulgurgan.

- Yaxshiboev va Arxipovning ketgani “Shaxtyor”ning qudratini so‘ndirib, jamoani sezilarli darajada kuchsizlantirdi. O‘zbek futbolchisi yurtiga qaytib ketdi, Artyom esa “Tambov”ga boradigan bo‘ldi, - deb yozmoqda “Pressbol”.

Shuningdek, yarim himoya vakillaridan Aleksandr Selyava, Diego Santos,  Artyom Solovya, himoyachilardan Igor Burko, Maksim Bordachev va Urosh Chosich ham Soligorsk jamoasi bilan hamkorlik qilmaydigan bo‘ldi.

Ma’lumotlarga qaraganda, ketganlar safi yanada kengayadi. Himoyachilardan Aleksandr Sachivko va Nikola Antichga boshqa jamoalardan jiddiy chorlov bo‘lyapti. Xorvatiyalik yarim himoyachi Tin Vukmanich ham tez orada Latviyaga ketib qolishi mumkin.

Tarkibi tarqalib ketayotga “Shaxtyor” yangi futbolchilarni taklif qilishga shoshilmayapti. Hozircha, birgina yangi o‘yinchi keldi. O‘tgan mavsumda “Gorodeya” jamoasi sharafini himoya qilgan darvozabon Sergey Chernik o‘z baxtini Soligorskda sinab ko‘rishga rozi bo‘lgan. Shuningdek, “Shaxtyor” asosiy raqobatchisi BATE etakchisi bo‘lgan Igor Stasevich va uning jamoadoshi Egor Filipenkoning transferini ijobiy hal qilgani aytilmoqda.

Bundan tashqari, soligorsklar himoyaning har ikki qanotida o‘ynay oladigan “Belshina” himoyachisi Vladislav Solanovich, “Slaviya”ning universal yarim himoyachisi Gleb Shevchenko, albaniyalik yarim himoyachi Valon Ahmadiy va gambiyalik hujumchi Dembo Darboni olishni rejalashtiryapti.

“Shaxtyor” yangi mavsumda mamlakat chempionati g‘olibi sifatida Evropa chempionlar ligasida ishtirok etishi lozim. Yangilangan tarkib bu ishni qay darajada uddalashini vaqt ko‘rsatadi.

Soligorskliklarning chempionligigi munosib hissa qo‘shgan Jasur Yaxshiboev esa, hozircha faoliyatini qaerda davom ettirishi bo‘yicha rasmiy xabar yo‘q.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Jasur Nabijonovich
08/01/2021 08:50
Teper islichuvt Jasur keriny na Rusia