
«La’natlangan» Keyn, Xandanovich. Sovrin yutmagan yulduzlarni yodga olamiz
Futbolchi butsalarni mixga ilgach, kelajakda nabiralariga aytib berishi uchun o‘z hikoyasi bo‘lishini istaydi. Afsuski, faoliyatini davom ettirayotgan ayrim futbolchilar oltin medallarga ega chiqmagan. Shunaqasi ham bo‘lib turadi. Xo‘sh, ular kim?!
Xarri Keyn - 434 o‘yin
Yozda «Tottenxem» sardori 28 yoshni qarshi oladi. Hozir o‘zining eng yuqori formasiga chiqqan futbolchi «Arsenal» taklifini rad etganidan afsuslansa kerak. U «kanonirlar» safida hech bo‘lmaganda kubok bahslarida g‘alaba qozonishi mumkin edi. «Shporlar» safida, uni kumush medallar bir necha yillardan beri ta’qib qilib kelmoqda. Keynni kimlar o‘z safida ko‘rishni istamadi deysiz?! Ba’zan hujumchi qolishni istadi. Ayrim takliflarni Deniel Levi atayin yo‘qqa chiqardi. Klub rahbari jamoa yulduzini tarkibda olib qolish uchun «Barselona», MYu, «Manchester Siti» singari jamoalar uchun ham imkonsiz summalarni talab qildi. Endilikda, Keynda o‘z faoliyatidagi ilk sovrinni qo‘lga kiritish imkoni mavjud. Buning uchun 25 aprel sanasidagi Angliya Liga Kubogi finalida g‘alaba qozonish shart. Finallarda g‘olib chiqish borasida benazir bo‘lgan Joze jamoasini 90 daqiqa uchun ajoyib tayyorlashi aniq.
Radja Nainggolan - 531 o‘yin
Indoneziyaliklar uchun barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchi sanalgan Raja ham birorta sovrinsiz faoliyat olib borishda davom etmoqda. Tartib-intizom bobida no‘noq bo‘lgan yarim himoyachi Italiya A Seriyasidagi eng tajribali futbolchilardan biri. Shunga qaramay, hali hech qanday sovrinni boshi uzra ko‘tarmagan. Uni keskin tanqidlari sababli Belgiya terma jamoasidan ham chetlatishdi. «Inter»da o‘zini topa olmagan yigit, «Roma»da sovrin yutishni uddalay olmadi. Endi esa, kamtarin «Kalyari» safida karerasini davom ettirmoqda.
Dimitri Payet - 617 o‘yin
2016 yildagi Evropa chempionatida finalni boy bergach, Payetni omad tark etdi. Dimitri finalda Ronalduni safdan chiqargani bilan yodda qoldi, xolos. APLdagi ishonchli o‘yinlariga qaramay, «Vest Xem» grandlardan oldinga o‘ta olmadi. Ajoyib jarima zarbalarini ijro etuvchi yigit katta janjallar bilan yurtiga qaytdi. «Marsel» bilan Evropa Ligasi finaliga qadar etib bordi, biroq yana omadsizlik. Professional darajada 600 dan ortiq uchrashuv o‘tkazgan bo‘lishiga qaramay, Payet hech qachon shohsupaga ko‘tarilmagan. Afsuski, bu kamchilikni yaqin orada «Marsel» bilan bartaraf etishning imkoni yo‘q.
Samir Xandonovich - 729 o‘yin
Darvozabon Sloveniya futboli faxriysi bo‘lishiga qaramay, ichki chempionatda g‘alaba qozonishni ham uddalay olmagan. U juda erta Evropaga tashrif buyurdi. «Udineze» safidagi o‘yinlaridan so‘ng, «Inter»ga kelib qo‘shildi va klub afsonasiga aylandi. Hozir u jamoaning suyangan tog‘i sanaladi. Samir ham hali biror bir musobaqada birinchi bo‘lishni uddalay olmagan. Yaqindagina «Inter» «Yuventus»ga kubok uchrashuvida mag‘lub bo‘ldi. Endi faqat A Seriyada g‘alaba qozonishdan umid qilish mumkin. Boshqachasiga sovrin yutishning imkoni yo‘q. Samir, deyarli butun faoliyati o‘tgan Italiyani hech bo‘lmaganda bitta sovrin bilan tark etishni orzu qilmoqda.
Jermeyn Defo - 803 o‘yin
2018 yilning dekabr oyida «Tottenxem» Jermeyn Defoga oltin medallarni sovg‘a qilib yubordi. Bu 2008 yildagi Angliya Liga kubogidagi g‘alabadan esdalik edi. Hujumchi finalga qadar «Portsmunt»dan tushgan taklifni qabul qilgan edi. U final uchrashuvida maydonga tushmagan bo‘lsa-da, medallarga ega chiqdi. Bu voqea futbolchini xursand qildi, biroq unga hali birorta finalda g‘alaba qozonmaganini eslatib yubordi.
Defo darajasidagi ijrochilar uyida 10 dan ortiq medallar mavjud. Jermeyn esa, muxlislar mehridan boshqa hech narsaga erisha olmagan. 38 yoshli forvord hozirda Shotlandiyaning «Reynjers» klubi a’zosi sanaladi. APL oltin medallari armon bo‘lib qolgan Stiven Jerrard Defoga juda qulay imkoniyat taqdim etmoqda. Hozir glazgoliklar «Seltik»dan 27 ochkoga ilgarilab ketgan. Bu deyarli chempionlik degani. Shunday ekan, Defo o‘z faoliyatini sovrinsiz yakunlashdan qutilib qolmoqda.
Sovrinsiz qolib ketgan futbolchilar haqida
«Sautgempton» afsonasi Le Tisse, Braziliya futboli yulduzi Sokratis, «Fulxem» tarixidagi eng yaxshi futbolchi Jonni Xeyns, «Roma» va «Inter» sobiq futbolchisi Luiji Di Byadjo, A Seriyaning 3 karra eng yaxshi to‘purari Di Natale, Germaniya terma jamoasi sobiq a’zosi Bern Shnayder, Turkiya futbol afsonasi Yildirim Boshturk sovrinsiz butsalarni mixga ilish nima ekanligini juda yaxshi biladi. Bu yigitlar futbol olamida o‘zidan nom qoldirdi, ammo tarix ularni g‘oliblar qatorida eslamasligi achinarli. Yuqorida nomi zikr qilingan futbolchilarda bu ro‘yxatdan o‘rin egallamaslik uchun etarli vaqt bor.
Fikrlar